Qahraton qishdagi sovuq ehtiyotkorlikni talab etadi
Ayni paytda Favqulodda vaziyatlar vazirligi hududiy boshqarmalari mutaxassislari tomonidan aholi orasida tabiiy va is gazidan zaharlanishning oldini olishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.
Mazkur tadbirlar, reydlar o‘tkazish, tabiiy va is gazining inson salomatligi va hayoti uchun xavflilik darajasi to‘g‘risida aholi orasida tushintirish ishlarini olib borishni o‘z ichiga oladi.
Bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi qish mavsumida, ya’ni ob-havoning keskin pasayganida aholi orasida isitish moslamalaridan, turli yoqilg‘ilardan keng foydalanishga bo‘lgan ehtiyojning ortishi bilan bog‘liq.
Nostandart, sifati kafolatlanmagan isitish moslamalari, shu jumladan tabiiy gaz bilan ishlatiladigan pechlarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, ular bilan bog‘liq bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda bugungi kunga qadar tegishli xizmatlar mutaxassislari bilan hamkorlikda joylarda reydlar o‘tkazildi. Natijada 2 mingdan ortiq nostandart, sifati kafolatlanmagan gaz va boshqa isitish uskunalarini sotish hamda ulardan noto‘g‘ri foydalanish holatlari aniqlandi.
Oqibatda 50 mln. so‘mdan ortiq ma’muriy jarima qo‘llanilib, 3 mingdan ortiq nostandart gaz va boshqa isitish moslamalari sotuvdan chiqarib tashlandi. Mazkur holatlar bo‘yicha viloyat, tuman (shahar) hokimliklariga 296 ta taqdimnomalar kiritildi.
Shu bilan birgalikda, aholi orasida tabiiy va is gazidan zaharlanishning oldini olishga qaratilgan suhbatlar 166 ming marotoba o‘tkazilgan, 460 mingdan ortiq eslatma va bukletlar tarqatilgan va matbuotda 1,5 mingga yaqin chiqishlar amalga oshirilgan. Bu kabi tadbirlar “Uztransgaz” AK, Ichki ishlar, Sog‘likni saqlash vazirliklari, mahalla faollari, “Kamolot” YoIH va O‘zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyati ko‘ngillilari bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Hamkorlikdagi tadbirlar qamrovi 378 ming shaxsiy hovlilar, 24 ming 651 ta ko‘p qavatli uylar va ulardagi 1 million 100 ming xonadonlarni tashkil etdi.
FVV Matbuot xizmati
21.12.2015
06:02