O'zbekistonning o'rta shaharlarini rivojlantirishga - $100 mln
Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki “O'rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” dastlabki loyihasini amalga oshirish uchun 100 mln AQSH dollari ajratadi.
Qarzni so'ndirish muddati – 30 yil, jumladan 5 yillik imtiyozli davr. Davlatimizning loyihaga hissasi soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, ko'chib o'tish bo'yicha xarajatlarni qoplash ko'rinishida ekv. 24,12 mln AQSH dollarini tashkil etadi.
Loyiha doirasidagi tajriba-sinov shaharlari - Yangiyo'l (Toshkent viloyati), Kogon (Buxoro viloyati) va Chortoq (Namangan viloyati). Amalga oshiriladigan chora-tadbirlar va ishga tushiriladigan ob'ektlar “Yo'l xaritasi”da ko'rsatilgan (e'lon qilinmagan, tahr.).
Loyihani amalga oshirish uchun maxsus ishchi guruhi tashkil etildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Toshkent shahrida loyihani amalga oshirish bo'yicha bosh guruhni va tajriba-sinov shaharlarida loyihani amalga oshirish bo'yicha hududiy guruhlarni tashkil etadi. Idora Jahon bankining ijtimoiy va ekologik himoyalash tamoyillarini hisobga olgan holda, loyiha komponentlarini amalga oshirish va moliyalashtirish jadvalida ehtimoliy o'zgarishlar yuz berishi munosabati bilan ishlarni tashkil etishda hadli yondashuvni ta'minlaydi.
Loyihani amalga oshirish davrida quyidagilar:
- belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro'yxatlarga muvofiq olib kiriladigan tovarlar (xarid qilinadigan ishlar, xizmatlar) va transport vositalari, jihozlar, texnologiyalar va materiallar – bojxona to'lovlaridan (bojxona yig'imlaridan tashqari), shu jumladan, ular “vaqtinchalik chetdan olib kelish” bojxona rejimida rasmiylashtirilganda – davriy bojxona to'lovlaridan, shuningdek, avtotransport yig'imlaridan;
- yuridik shaxslar-norezidentlar – yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig'ini to'lashdan;
- jismoniy shaxslar-norezidentlar – jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'ini to'lashdan ozod etiladi.
31.07.2019
17:54