Shavkat Mirziyoev nufuzli xalqaro mukofot bilan taqdirlandi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev «Turk dunyosini tiklash uchun qo‘shgan ulkan hissasi uchun» xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi. Ushbu mukofot Turk dunyosi yozuvchilari, ziyolilari va san'at arboblari jamg‘armasi TÜRKSAV (Türk Dünyası Yazarlar ve Sanatçılar Vakfı) tomonidan ta'sis etilgan.
O‘zbekiston Prezidentining ushbu nufuzli mukofot bilan taqdirlanishi haqida TÜRKSAV’ning Anqaradagi maxsus matbuot anjumanida e'lon qilindi.
Sovrindor nomi Turkiyada va xorijdagi atoqli siyosatchilar, iqtisodchilar, fan va san'at vakillarining 2019 yildagi faoliyatini kuzatish va o‘rganish asosida TÜRKSAV’ning hay'at komissiyasi tomonidan e'lon qilingan.
Matbuot anjumanida nutq so‘zlaganlar O‘zbekistonda barcha sohalarda Shavkat Mirziyoev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholashgan. Shuningdek, Mirziyoevning jadal islohotchilik faoliyati, uning nafaqat O‘zbekiston va uning xalqi, balki butun Markaziy Osiyoning farovonligi uchun qulay tashqi va ichki sharoitlarni shakllantirishda o‘z aksini topayotgan shaxsiy sifatlari ta'kidlab o‘tilgan.
TÜRKSAV mukofotining maxsus ramzi topshirilishi 2020 yil may oyida Anqarada tantanali ravishda bo‘lib o‘tadi.
TÜRKSAV rahbari, turk yozuvchisi Yahyo Engin barcha ishtirokchilar nomidan O‘zbekiston rahbariga “chuqur hurmat izhorini, uning O‘zbekiston, Markaziy Osiyo, Turkiya va umuman Turk dunyosi oldidagi mislsiz va tarixiy xizmatlarining samimiy tan olinishi bilan chin qalbdan muborakbod etishni” yetkazib qo‘yishni so‘ragan.
Turli yillarda ushbu nufuzli mukofotga Turkiya prezidenti Sulaymon Demirel, Ozarboyjon prezidenti Haydar Aliev, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev va Turk dunyosining boshqa davlatlari siyosatchilari, tadbirkorlari va san'at vakillari sazovor bo‘lishgan.
Manbaa: kun.uz
06.01.2020
09:36