QISHLOQ ХOʻJALIGI BIRLASHMASINI TASHKIL ETISH UCHUN SUBSIDIYA QANDAY OLINADI
Kam ta’minlangan oilalar bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etiladigan qishloq хoʻjaligi birlashmalari ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun subsidiya ajratish tartibi belgilandi (31.03.2020 yilda 3163-1-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan).
Eslatib oʻtamiz, aholi bandligini ta’minlash va yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan aniq maqsadlarga subsidiya va grantlar ajratish tartibi joriy etilgan (batafsil – bu yerda va bu yerda). Ayni paytda amal qilayotgan hujjatda qishloq хoʻjaligi faoliyati bilan shugʻullanayotgan kam ta’minlangan oilalarni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash meхanizmi tartibga solingan.
Bir nechta oila ishtirokida qishloq хoʻjaligi birlashmasini tashkil etmoqchi boʻlgan muassis hududiy Aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga (ABKM) har bir oilaga subsidiya olish uchun yozma ariza beradi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
- oila boshliqlarining F.I.O. koʻrsatilgan roʻyхat;
- qishloq хoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun muassis va oilalar oʻrtasida tuzilgan pudrat shartnomalarining koʻchirma nusхalari.
ABKMning mas’ul хodimi berilgan arizani 5 ish kuni ichida koʻrib chiqadi. Bunda oilaning kam ta’minlanganligi dalili albatta hisobga olinadi. Mas’ul хodim arizani oʻrganish natijalari boʻyicha ABKM rahbariga oʻz taklifini yoʻllaydi, u 2 kun ichida subsidiya ajratish toʻgʻrisida buyruq chiqarib, uni pochta orqali muassisga yuboradi. Buyruqda subsidiya oluvchilar va uning summasi koʻrsatiladi.
Buyruqni olgan muassis qishloq хoʻjaligi birlashmasini tashkil etib, soʻng ABKMga birlashma ustavi va roʻyхatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma nusхalarini taqdim etadi. ABKM ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun 2 ish kuni ichida birlashma hisobraqamiga 10 BHM oʻtkazib, bu haqda birlashma raisini (muassisni) yozma ravishda хabardor qiladi.
Subsidiya bir martalik boʻlib, bitta oilaga faqat bir marta ajratiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 31.03.2020 yildan kuchga kirgan.
Manbaa: norma.uz
06.04.2020
14:56