“Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturi toʼgʼrisida
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoev tomonidan 2021 yil 3 fevral kuni “2017–2021 yillarda Oʼzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʼnalishi boʼyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʼgʼrisida”gi Farmon imzolandi.
Farmon bilan tadbirkorlik subyektlarini qoʼllab-quvvatlash boʼyicha quyidagi vazifalar belgilandi:
1. Koronavirus pandemiyasi sharoitida tadbirkorlik subyektlarini qoʼllab-quvvatlash choralarini davom ettirish maqsadida quyidagilarning amal qilish muddati 2021 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi:
- turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohalarida faoliyat yuritayotgan subyektlarning yer va mol-mulk soligʼi boʼyicha 2021 yil 1 yanvar holatiga qarzdorligi toʼlanishi;
- Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF–5969‑son Farmonida nazarda tutilgan vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xoʼjalik yurituvchi subʼektlarning mol-mulk soligʼi va yer soligʼi boʼyicha 2020 yil 31 dekabr holatiga koʼra mavjud qarziga penya hisoblanishini toʼxtatish va soliq qarzini majburiy undirishga qaratish choralarini koʼrmaslik talabi;
- koronavirus pandemiyasi davrida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tadbirkorlik subyektlariga 2020 yil 31 dekabr holatiga qoldiqda turgan mol-mulk soligʼi va yer soligʼi boʼyicha berilgan foizsiz kechiktirish (boʼlib-boʼlib toʼlash) summasi;
- “xufiyona iqtisodiyot” ulushini qisqartirish uchun soliq auditi oʼtkazishda “tahlika-tahlil” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilgan holda soliqlarni va boshqa majburiy toʼlovlarni oʼz vaqtida toʼlab kelayotgan kichik tadbirkorlik subyektlarida soliq auditi oʼtkazilishiga moratoriy.
2. Tadbirkorlik va oʼzini oʼzi band qilish faoliyatini boshlamoqchi boʼlgan ishsiz, shu jumladan “Temir daftar”, “Аyollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak boʼlgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun 7 million soʼmgacha subsidiyalar ajratilishi amaliyoti yoʼlga qoʼyiladi.
3. Ishsiz aholini tadbirkorlikka va oʼzini oʼzi band qilib ishlash faoliyatiga jalb qilishning yangi mexanizmlari yuzasidan taklif ishlab chiqiladi.
4. Davlat soliq xizmatining faoliyatini “Soliqchi-koʼmakchi” tamoyili asosida tashkil etish doirasida oldingi yil uchun daromadlari yillik moliyaviy hisobot maʼlumotlariga koʼra kamida 5 milliard soʼmni tashkil etgan, yuridik shaxs maqomiga ega boʼlgan tadbirkorlik subʼektlari va fermer xoʼjaliklari soliq monitoringida ishtirok etish vakolati beriladi.
5. 2021 yil yakuniga qadar amaldagi qonunchilik hujjatlarini qayta koʼrib chiqiladi, shu jumladan eskirgan va oʼz ahamiyatini yoʼqotgan hujjatlarni bekor qilish va tarqoq hujjatlarni tizimlashtirish orqali tartibga solish yukini va tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning darajasini kamaytirish uchun ortiqcha normalarni qisqartiriladi.
6. Xorijiy mamlakatlar bilan 2021 yilda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-maʼrifiy, madaniy-gumanitar va siyosiy sohalarda, shuningdek, xavfsizlik sohasida hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan, shu jumladan Oʼzbekiston Respublikasining fuqarolari va tadbirkorlik subʼektlari uchun tartib-taomillarni soddalashtirish va maxsus qulay rejimlar taqdim etishni nazarda tutuvchi aniq chora-tadbirlar boʼyicha takliflar ishlab chiqiladi.
7. Аholi va tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari bilan munosabatga kirishishida byurokratik toʼsiqlarni tubdan qisqartirishga qaratilgan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi ishlab chiqiladi.
Farmon bilan “Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ham tasdiqlangan boʼlib, ushbu dastur 273 ta banddan iborat.
Xususan,
- birinchi yoʼnalishda (davlat boshqaruvi yoʼnalishi boʼyicha) - 19 ta,
- ikkinchi yoʼnalish (sud-huquq yoʼnalishi boʼyicha) - 18 ta,
- uchinchi yoʼnalish (iqtisodiyot yoʼnalishi boʼyicha) - 113 ta,
- toʼrtinchi yoʼnalish (ijtimoiy soha yoʼnalishi boʼyicha) - 93 ta,
- beshinchi yoʼnalish (tashqi siyosat va xavfsizlik yoʼnalishi boʼyicha) - 30 ta.
Davlat dasturida rejalashtirilayotgan tadbirlarni moliyalashtirishga umumiy qiymati 29 492,7 mlrd. soʼm hamda 2 600,4 mln. АQSh dollari va 57,5 mln. yevro miqdoridagi mablagʼlar ajratilishi koʼzda tutilgan.
10.02.2021
14:35