O'zbek tili nufuzini yanada oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishalar
Hozirgi davrda mamlakatimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” tamoyili ostida taraqqiyotning yanada yuksak bosqichiga jadal ko‘tarilmoqda. Respublikamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-son Farmoniga muvofiq 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlanishi va mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish ko‘zda tutilmoqda.
Xususan, ushbu ilovaga muvofiq, davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va mamlakatimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar tillarini rivojlantirish maqsadida keng va teng imkoniyatlar hamda ularga davlat tilini o‘rganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish kabi islohotlar amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
O‘tgan qisqa vaqt ichida amalga oshirilgan ishlar haqida gap ketganda, ko‘pchilikning e'tiborini tortgan muhim bir o‘zgarishni qayd etish o‘rinli. Shu paytgacha haqli e'tirozlarga sabab bo‘lib kelayotgan muammo - tashqi yozuvlar, jumladan lavhalar, e'lonlar, ko‘rgazmali boshqa axborot matnlari, tashqi reklama materiallarining davlat tili va reklamaga oid qonunlar talablariga mos kelmasligi bilan bog‘liq edi.
Bugun barcha bo‘g‘indagi maslahatchilar hamkor tashkilotlar vakillari bilan birgalikda ayni materiallarni joylarda qadam-baqadam yurib xatlovdan o‘tkazmoqda. Ha, qadam-baqadam! Buni ommaviy axborot vositalarini, jumladan, Davlat tilini rivojlantirish departamentining rasmiy sayti va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahafalarini muntazam kuzatib borayotgan ko‘psonli muxlislar keng e'tirof etmoqda. Ayni paytda, davlat tilini keng joriy etish borasida joylardagi muammolar va kamchiliklar haqida tanqidiy-tahliliy chiqishlar sezilarli darajada ko‘paydi. Ko‘plab amaliy takliflar aytilmoqda. Ularning birortasi e'tibordan chetda qolayotgani yo‘q.
Amalga oshirilayotgan ishlar yaqin kelajakda o‘z mevasini berishi hamda davlat tiliga bo‘lgan hurmat, e'tibor yanada kuchayishi yaqqol ko‘rinib turibdi desak mubolag‘a qilmaymiz.
22.02.2021
10:41