O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-681-son 2021 yil 1 apreldagi “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunni mazmuni va mohiyati
Qonunning maqsadi – tomorqa xo‘jaliklarini yuritishni tashkil etish va ularni rivojlantirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonun 19-moddadan iborat.
Tomorqa xo‘jaligi shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini erkin savdo va oila ehtiyojlari uchun yetishtirish bilan bog‘liq mehnat faoliyati hisoblanadi.
Tomorqa xo‘jaligi tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi va tomorqa xo‘jaligini davlat ro‘yhatidan o‘tkazish talab etilmaydi.
Tomorqa xo‘jaligida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil ravishda amalga oshiruvchi shaxs aholi bandligi to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs maqomini olishi mumkin. Tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun ajratilgan shaxsiy tomorqa yer uchastkasida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xususiy mulkdir.
Tomorqa xo‘jaligini yuritishda quyidagi yer uchastkalaridan foydalaniladi:
- erkin savdo va oila ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish maqsadida ushbu Qonun kuchga kirgunga qadar meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlar, o‘rmon fondi yerlari hamda aholi punktlari yerlaridan berilgan yer uchastkalaridan;
- meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalaridan.
Aslida tomorqa rizq-ro‘z, qo‘shimcha daromad manbai, bandlikni, arzonchilikni ta'minlashning samarali yo‘lidir.
Qonunning amal qilishi belgilangan tartibda xususiylashtirilgan, yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalari, shuningdek meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkalari bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan tadbiq etilmaydi.
Qonunda shaxsiy tomorqa yer uchastkalaridan tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun foydalanuvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari belgilangan. Bunda, tomorqa xo‘jaliklarini erkin va mustaqil tarzda qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini erkin realizasiya qilish, mustaqil ravishda narx belgilash va olingan daromadlarni tassarruf etish huquqlaridan iboratdir.
Shaxsiy tomorqa yer uchastkalaridan tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun foydalanuvchi shaxslar yer uchastkalaridan maqsadli va oqilona foydalanishini ta'minlashi, shu jumladan, yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish yoki obodonlashtirishni amalga oshirishi, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish choralarini ko‘rishi, suv resurslaridan oqilona va tejab foydalanishi, uy-joy qurish huquqisiz ajratilgan yer uchastkalarida binolar va inshootlar qurmasligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda ekologiya hamda sanitariya talablari va normalariga rioya etishi majburiyatlarini oladi.
Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.
12.04.2021
18:07