Ona tilim millat ruhi va g‘ururi
Davlatimiz rahbari “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunining 30 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma'naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyat”, ekanini alohida ta'kidlab o‘tgandi. Darhaqiqat, til –millat tafakkurining bebaho mahzani, ulkan boyligi sifatida ijtimoiy hayotimizda muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlat tilini asrab-avaylash har qanday millatning ham qo‘lidan kelavermaydi. YuNESKO tomonidan nashr qilinadigan “Yo‘qolib ketish xavfi arafasida turgan jahon tillari atlasi”da yozilganidek, Yevropada 50 ta, Tinch okeani mintaqasida 200 ta til yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Afrikadagi 1400 ta tildan 250 tasi yaqin yillarda, 600 tasi kelajakda butunlay yo‘qoladi. Leypsig universiteti xodimi Bal'tazar Bikelyaning so‘zlariga ko‘ra, Kavkazda atigi 3-4 kishi so‘zlashuvchi tillar bor. Leypsigda bo‘lib o‘tgan lingvistlarning xalqaro anjumanida kam sonli xalqlarning tillari yo‘qolib ketishiga globallashuv jarayoni aybdor, degan xulosaga kelindi.
Bugungi kunda o‘zbek tilini dunyo bo‘yicha 30 milliondan ko‘proq odamlar ona tili, deb biladi; ikkinchi til sifatida biladiganlar hisobiga bu son 50 millionga yetadi. Tojikiston, Afg‘oniston, Qirg‘izistonda millionlab o‘zbeklar yashaydi; Qozog‘iston, Turkmaniston, Rossiyada ham ko‘pchilik; Turkiya, Saudiya Arabistoni, Pokiston, AQSh, Janubiy Koreyadagi diasporalarni qo‘shsak, qolaversa, o‘zbek tilining Shinjon-Uyg‘ur muxtor o‘lkasiga madaniy ta'sirini inobatga olsak, o‘zbek tilining asosiy mintaqaviy til bo‘lishga yetarli resurslar mavjudligini his qilamiz.
Haqiqatan ham, O‘zbekiston nihoyatda ulkan til resursiga ega. Shu o‘rinda ma'rifatparvar bobomiz Alixonto‘ra Sog‘uniyning quyidagi fikrlari e'tiborga molik: “Qaysi bir millatning ona tili o‘z hojatini o‘tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag‘lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlamay, insoniy tuyg‘ularidan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolg‘izgina Vatanlaridan emas, balki butun borlig‘i bilan tarix yuzidan yo‘qolishga majbur bo‘ladi”.
Zero, Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e'tiborni mustaqillikka bo‘lgan e'tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”.
20.04.2021
17:23