Eksportchi korxonalarni ragʼbatlantirishga oid yangi chora-tadbirlar qabul qilindi
Prezident tomonidan 7 sentyabr kuni “Eksportchi korxonalarni ragʼbatlantirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Farmon imzolandi.
Hujjatga asosan 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab:
- Eksportni ragʼbatlantirish agentligi tomonidan yillik eksport hajmi $20 mln dan oshgan korxonalarga bir martalik moliyaviy resurslar $5 mln gacha miqdorda taqdim etadi. Ular eksport bilan bogʼliq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun tijorat banklari orqali bir yilgacha muddatga taqdim etiladi;
- oxirgi 12 oy davomida $1 mln dan ortiq tayyor toʼqimachilik mahsulotlarini eksport qilgan korxonalarga asosiy va yordamchi ishlab chiqarishi uchun butlovchi buyumlar, xom ashyo va materiallar olib kirishda bojxona toʼlovlarini toʼlash boʼyicha foiz hisoblanmagan hamda ularning toʼlanishini taʼminlash talab etilmagan holda 120 kunga toʼlovni kechiktirish (boʼlib-boʼlib toʼlash) imkoniyati beriladi.
2021 yil 31 dekabrga qadar quyidagilar toʼxtatiladi:
- tashqi savdo operatsiyalari boʼyicha muddati oʼtgan debitor qarzdorlik uchun xoʼjalik yurituvchi subʼektlarga nisbatan jarimalar qoʼllanilishi;
- ushbu Farmon kuchga kirguniga qadar qoʼllanilgan jarimalar undirilishi.
2021 yil 1 oktyabrdan yuqori sifat va nazorat tizimiga ega mamlakatlardan sertifikatlangan va deklaratsiyalangan asbob-uskuna, butlovchi qismlar, xom ashyo, oʼlchov vositalari, kimyoviy reagentlar, koʼtarish moslamalari va transport vositalari importida milliy sertifikat olish talabi bekor qilinadi.
Quyidagilar eksporti uchun Prezident yoki Vazirlar Mahkamasi ruxsati talab qilinmaydi:
- tariq (TIF TN kodlari 1008 21 000 0, 1008 29 000 0);
- quritilgan dukkakli ekinlardan olingan un va kukun (TIF TN kodi 1106 10 000 0);
- meva va yongʼoqlardan olingan un va kukun (TIF TN kodi 1106 30 900 0).
Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʼyicha Hukumat komissiyasiga Yevropa mamlakatlariga qoʼshilgan qiymati yuqori boʼlgan mahsulotlarni eksport qilishda transport xarajatlarining 50%ini kompensatsiya qilish tizimini bir yil muddatga joriy etish topshirildi.
Hujjat “Xalq soʼzi” gazetasida 8.09.2021 yilda eʼlon qilingan.
Manbaa: norma.uz
09.09.2021
10:04