Masofaviy elektron deklaratsiyalash bajxona postlari tashkil etiladi
Prezidentning 10.09.2021 yildagi “Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat bojxona xizmati organlari tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish toʼgʼrisida”gi PF-6310-son Farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan Davlat bojxona qoʼmitasining (DBQ) toifadan tashqari maqomga ega boʼlgan masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlarini tashkil etish toʼgʼrisidagi takliflari maʼqullandi.
Joriy yil 1 oktyabrdan boshlab ular DBQning Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari boʼyicha boshqarmalarida paydo boʼladi. 2022 yil 1 apreldan boshlab - DBQning boshqa hududiy boshqarmalarida bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
2021 yil 1 oktyabrdan boshlab:
- masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan elektron bojxona yuk deklaratsiyalarining masofaviy bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshiradi;
- chegara bojxona postlaridagi inspektsion koʼrik majmualari (rentgen) bilan ishlash guruhlari xodimlariga zararli mehnat sharoitlari uchun Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan lavozim maoshining 40%i miqdorida har oylik ustama beriladi.
2021 yil 1 dekabrdan boshlab Oʼzbekiston Davlat chegarasi orqali avtomobil oʼtkazish punktlarida:
- veterinariya va fitosanitariya organlarining tovarlarga tegishli hujjatlarni tekshirish va rasmiylashtirish vazifalari "Yagona darcha" bojxona axborot tizimi yoki unga integratsiyalashgan axborot tizimlari orqali amalga oshiriladi;
- veterinariya va fitosanitariya organlari tomonidan tovar-transport hujjatlariga muhr bosish va ularni roʼyxatga olish amaliyoti bekor qilinadi;
- toʼlanadigan barcha yigʼimlarni transport vositalari chegara punktiga kirgunga qadar yagona hisobvaraq asosida oldindan toʼlash amaliyoti joriy etiladi.
2022 yil 1 yanvardan boshlab:
- ortiqcha toʼlangan yoki undirilgan bojxona toʼlovlarini bojxona organlari tomonidan qaytarish toʼgʼrisidagi qaror qabul qilingandan soʼng ushbu mablagʼlar TIF ishtirokchisiga uch ish kuni davomida qaytariladi;
- bojxona toʼlovlarini kechiktirib yoki boʼlib-boʼlib toʼlashning eng kam muddati 14 kun etib belgilanadi. Ushbu muddatda foizlar undirilmaydi, bunda kechiktirib yoki boʼlib-boʼlib toʼlashning eng kam muddatidan ortganda toʼliq davr uchun foizlar hisoblanadi;
- qoʼshimcha hisoblangan bojxona toʼlovlarining undirilmaydigan va qaytarilmaydigan miqdori BHMning 20%igacha etib belgilanadi;
- tovarlarning TIF tovarlar nomenklaturasi boʼyicha kodini aniqlash yuzasidan bojxona organi tomonidan tayinlangan ekspertiza yakunlangunga qadar tovarlarni bojxona toʼlovlari toʼlanishini taʼminlash orqali shartli chiqarib yuborish amaliyoti joriy etiladi;
- TIF ishtirokchisining bir nechta bojxona operatsiyalari doirasidagi majburiyatlarini taʼminlash uchun yagona taʼminot taqdim etish imkoniyati yaratiladi, bunday taʼminot bojxona toʼlovlari boʼyicha barcha majburiyatlarni bajarish uchun yetarli boʼlishi lozim;
- bojxona organlari tovarlar boʼyicha toʼlanishi lozim boʼlgan bojxona toʼlovlari miqdorini aniqlash uchun TIF qatnashchisining arizasiga asosan dastlabki qarorni qabul qiladi.
DBQ tizimida alohida yuridik shaxs maqomiga ega Markaziy bojxona laboratoriyasini tashkil etiladi. U nikotin saqlovchi mahsulotlar va spirtli ichimliklar tarkibini aniqlaydi, tovarlarni ekspertizadan oʼtkazish va sertifikatsiyalash bilan bogʼliq boʼlgan boshqa xizmatlarni koʼrsatadi, shuningdek giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va boshqa turdagi kriminalistik sud ekspertizalarini amalga oshiradi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 10.09.2021 yildan kuchga kirdi.
Manbaa: Norma.uz
14.09.2021
11:53