SSP raisi va Bavariya oziq-ovqat, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 19 aprel kuni Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahabov va Bavariya oziq-ovqat, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari X.Bittlmayyer o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
SSP raisi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi faoliyatidagi so‘nggi o‘zgarishlar haqida aytib o'tdi va bu o‘zgarishlar, o'z navbatida, o‘zbekistonlik tadbirkorlarni va xorijiy investorlarning O‘zbekistonda biznes yuritishga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qilishi haqida ta'kidladi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi, jumladan, Bavariya federal davlati bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarning bugungi holati va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Germaniyaning “BayWa AG” vakili kompaniya faoliyati, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasidagi raqamlashtirish jarayoni haqida qisqacha taqdimot qildi, bu esa o‘z navbatida O‘zbekiston tomonini qiziqtirdi.
Shuningdek, Weyengitefan-Triesdorf Amaliy fanlar universiteti (HSWT) professori ikki mamlakatda nazariya va amaliyotni o‘zida mujassam etgan o‘quv jarayoni hamda ikki davlat universitetlarida qo‘sh diplom olish imkoniyatlari tog’risida ma’lumot berdi. Shuningdek, professor nafaqat talabalar, balki qishloq xo'jaligida faoliyat yurituvchilar uchun ham o'qitish imkoniyati mavjud ekanligini ta'kidladi.
SSP raisi yurtimiz fermerlari Germaniya kompaniyalari tajribasi bo‘yicha malaka oshirish, shuningdek, amaliyotini o‘rganishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni kelgusida amalga oshirish maqsadida tomonlar Germaniyaning qishloq xo‘jaligidagi tajribasini o‘rganish, shuningdek, O‘zbekiston va Bavariya federal davlati o‘rtasidagi hamkorlik uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni rivojlantirish maqsadida Germaniyada uchrashuv tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga qaror qildilar.
SSP matbuot xizmati
20.04.2023
15:48