Toshkent shahrida Oʼzbekiston-Chexiya biznes forumi boʼlib oʼtdi
Joriy yilning 25 aprel kuni Toshkent shahrida Oʼzbekiston-Chexiya biznes forumi hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarining ikki tomonlama muzokaralari boʼlib oʼtdi.
Tadbirni tashkil etishdan koʼzlangan maqsad Oʼzbekiston va Chexiya kompaniyalari oʼrtasida savdo aloqalari yoʼlga qoʼyilishini qoʼllab-quvvatlash, Oʼzbekistonda biznes yuritish boʼyicha chex kompaniyalarining tajribasi taqdimotini oʼtkazish, yangi qoʼshma korxonalarni tashkil etish va yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalarini koʼrib chiqishdan iborat.
Ushbu forum ochilish marosimida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Аbdulla Аripov va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Petr Fiala ishtirok etib, soʼzga chiqdi.
Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Petr Fialaning aytishicha, chexiyalik ishbilarmonlar Oʼzbekiston bilan hamkorlik qilish, birgalikda qoʼshma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor.
Shuningdek, tadbirda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi direktori M.Mirzaev, Chexiya Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi oʼrinbosari M.Shteflь hamda moderator – Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vaxabov ishtirok etdi.
Аytib oʼtish joizki, Chexiya Respublikasi mamlakatimizning Yevropadagi eng muhim hamkorlaridan biri sanaladi. Keyingi paytda, ayniqsa, iqtisodiy, investitsiyaviy munosabatlar tobora mustahkamlanib, oʼzaro savdo aloqalari uchun qulay muhit yaratildi. Natijada tovar ayirboshlash hajmi yil sayin ortmoqda. Xususan, 2022 yil davomida oʼzaro savdo hajmi 184,8 mln. АQSh dollarini, jumladan, eksport – 30,5 mln. АQSh dollarini, import – 154,2 mln. АQSh dollarini tashkil etdi.
Chexiyada yurtimizda ishlab chiqarilgan tabiiy mato va gazlamalar, shuningdek, xizmatlarga talab katta boʼlsa, oʼz navbatida, mamlakatimizga qora metall, farmatsevtika mahsulotlari, qurilish materiallari, elektrotexnika buyumlar yetkazib beriladi.
Mamlakatimizda Chexiya Respublikasi kapitali ishtirokida 48 korxona mavjud. Shundan 21 tasi 100% Chexiya Respublikasi kapitali asosida faoliyat yuritib kelmoqda.
Ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokidagi «В2В» uchrashuvida 80 dan ortiq mahalliy tadbirkorlik subʼektlari ishtirok etishdi hamda Oʼzbekiston va Chexiya oʼrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, jumladan, ikki mamlakat korxonalarining hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish boʼyicha oʼzaro fikr almashildi.
SSP matbuot xizmati
25.04.2023
16:52