SHHT Ishbilarmonlar kengashining 24-uchrashuvi boʻlib oʻtdi
2023-yilning 2 may kuni gibrid formatda SHHT Ishbilarmonlar kengashining 24-uchrashuvi boʻlib oʻtdi, unda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʻrinbosari Islom Jasimov onlayn tarzda ishtirok etdi.
I.Jasimov oʻz nutqi davomida iqtisodiyotni isloh qilish va liberallashtirish, investitsiya jozibadorligini oshirish va eksport ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ijobiy natijalar to'g'risida ta'kidladi. Qolaversa, I.Jasimov tomonidan ishtirokchi-davlatlar ishbilarmon doiralarini xorijiy investorlarga, jumladan, maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar to‘g‘risida xabardor qilish uchun maxsus platforma yaratish taklif etildi.
Shuningdek, I.Jasimov “INNOPROM. Markaziy Osiyo” koʻrgazmasi doirasida Oʻzbekiston va Rossiya tadbirkorlari oʻrtasida soʻrov oʻtkazilganini hamda Oʻzbekiston–Rossiya va Rossiya–Oʻzbekiston ishbilarmonlar kengashining yigʻilishida biznes takliflar va muammoli masalalari ilgari surilgani to'g'risida ham taʼkidladi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti Ishbilarmonlar kengashi raisi, SHHT milliy qismining Hindiston Respublikasi raisi Tribxuvan Darbari oʻz nutqida Hindiston hukumati va Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi tomonidan SHHTga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalasida amalga oshirilayotgan bir qator tadbirlarni qayd etdi.
U, shuningdek, Hindiston SHHTga aʼzo mamlakatlar tadbirkorlik subyektlari bilan biznes yuritish va hamkorlik qilishdan manfaatdor boʻlgan bir qancha sohalar tog'risida ta'kidladi, jumladan, turizm, taʼlim, oziq-ovqat sanoati, va boshqalar. Bundan tashqari, Hindiston tomoni yigʻilish ishtirokchilari bildirgan takliflar asosida vazifalar rejasini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.
SHHT Bosh kotibi oʻrinbosari Sohail Xon oʻz nutqida yangi voqelikda tashkilot SHHTga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishning yoʻlboshchisi va tayanchi boʻlib, Ishbilarmonlar kengashi esa bunda oʻziga xos platformaga aylanganini taʼkidladi.
Shuningdek, u Hindiston tomonining mazkur uchrashuv yakunida harakatlar rejasini tuzish gʻoyasini qoʻllab-quvvatladi va SHHT Ishbilarmonlar kengashi faoliyati harakat yoʻnalishini oʻzgartirishi va tashkilotga aʼzo mamlakatlar tadbirkorlari oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirishi kerakligini taʼkidladi.
SSP matbuot xizmati
03.05.2023
12:10