Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoatchilik kengashi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 3 may kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi binosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 avgustdagi PQ-364-sonli Qarori asosida tashkil etilgan Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari tadbirkorlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi muhim masalalar yuzasidan jamoatchilik fikrini tizimli monitoring va tahlil qilish, tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish hamda vakolatli davlat organlariga taqdim etish, shuningdek davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, ilmiy doiralar, nodavlat notijorat tashkilotlar o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash hisoblanadi.
Hozirgi kunga qadar, mazkur Jamoatchilik kengashi doimiy ravishda tadbirkorlik faoliyatiga bevosita yoki bilvosita ta’sir etuvchi huquqiy va iqtisodiy masalalarni, xususan vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqmoqda hamda natijasi yuzasidan vakolatli vazirlik va idoralarga takliflar bermoqda.
Ushbu kengash majlisida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Farmatsevtika mahsulotlari muomalasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining “Huquqiy eksperiment doirasida soliq nazorati tadbirlarini tashkil etishda qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliq uzilishini aniqlash va qo‘llash tartibi to‘g‘risida”gi Qarori loyihalari muhokama qilindi.
Mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi vakillari, yuqoridagi loyihalarni ishlab chiqqan vazirlik va davlat idoralari, farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari hamda soliq qonunchiligi bo‘yicha ekspertlar ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, qarorlar loyihasi “Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida belgilangan vakolat doirasida huquqiy xulosa berish uchun Palataga ham taqdim qilingan.
Tadbirda ishtirokchilar ushbu loyihalarni yana bir bor ko‘rib chiqish, ularning har bir bandi bo‘yicha o‘z taklif va fikrlari hamda lozim topgan joylarida e’tirozlarini ham bildirish va muhokama qilish imkoninga ega bo‘ldilar. Bularning barchasi umumlashtirilib vakolatli davlat organlariga taqdim etiladi.
SSP matbuot xizmati
03.05.2023
18:04