Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida
“Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari oʻtkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 234 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan koʻrib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Misol uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” (“Sogʻlom hayot”) umummilliy harakatini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori (ID-79714) loyiha yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyiha 3-ilovasi bilan tasdiqlanayotgan Harakatlar Rejasining 2-bandiga koʻra:
“Umumiy ovqatlanish korxonalarida mijozlarga asosiy buyurtmadan oldin hajmi, sifati va narxi jihatidan maqbul boʻlgan yangi uzilgan va/yoki yaxshi saqlangan xom sabzavotlar yoki ulardan tayyorlangan salatlarni bepul (asosiy ovqat narxi hisobiga) taqdim etish hamda tuz isteʼmolini kamaytirishni koʻzda tutuvchi “Vazirlar Mahkamasinig 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarni)ishlab chiqarish va sotish qoidalari”ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qarori loyihasini ishlab chiqish”.
Bu bilan, qonunchilikka umumiy ovqatlanish korxonalarida mijozlarga asosiy buyurtmadan oldin hajmi, sifati va narxi jihatidan maqbul boʻlgan yangi uzilgan va/yoki yaxshi saqlangan xom sabzavotlar yoki ulardan tayyorlangan salatlarni bepul (asosiy ovqat narxi hisobiga) taqdim etish taklif etilmoqda.
Taʼkidlash joizki, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 34-moddasida Davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati subyektlarining qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emasligi belgilangan.
Ushbu norma esa tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga toʻgʻridan-toʻgʻri aralashishni nazarda tutmoqda.
Chunki, har bir tadbirkorlik subyekti oʻzi ishlab chiqargan tovar yoki koʻrsatgan xizmat uchun erkin narx tanlash huquqiga ega.
Koʻrinib turibdiki, davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining narx siyosatiga aralashishlari yuqorida keltirilgan qonun talablariga zid hamda tadbirkorlik subyekti boʻlgan jismoniy shaxslar faoliyatiga asossiz aralashuv hisoblanadi.
Shu bois, mazkur bandni loyihadan chiqarib tashlash maqsadga muvofiq.
2. Loyiha 3-ilovasi bilan tasdiqlanayotgan Harakatlar Rejasining 43-bandiga koʻra, qonunchilikka alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini va isteʼmol qilinishini cheklash sohasidai qoidalarga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi vakolatli organlar roʻyxatini kengaytirish hamda maʼmuriy huquqbuzarliklar haqidagi ishlarni koʻrib chiqadigan organlar (mansabdor shaxslar)ni belgilashga oid oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritish taklif etilmoqda.
Taʼkidlash lozimki, Maʼmuriy javobgarlik kodeksiga asosan alkogol va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, muomalaga kiritish yoki ularni jamoat joylarida isteʼmol qilishga oid javobgarlik choralari va ushbu huquqbuzarliklarni koʻrish huquqiga ega vakolatli organlar aniq belgilab qoʻyilgan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-avgustdagi PQ-364-sonli Qaroriga 1-ilova asosida tasdiqlangan “Yoʻl Xaritasi”ning 33-bandiga koʻra quyidagilar belgilangan:
“1. Tadbirkorlarga nisbatan yangi turdagi jazo choralarini joriy qilishga 3 yillik moratoriy eʼlon qilish.
2. Tadbirkorlarga nisbatan majburiyatlar yuklaydigan yangi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan talablarni bajarmaganlik uchun ularga nisbatan 6 oy davomida javobgarlik choralari qoʻllanilmasligini belgilash.
3. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomillarini murakkablashtirishni nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarning kuchga kirish muddatlarini qayta koʻrib chiqish.
4. Savdo qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik choralarini bekor qilish.
5. Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan mikro va kichik biznes subyektlariga javobgarlik choralarini qoʻllamagan holda, kamchiliklarni bartaraf etishga koʻmaklashishni nazarda tutadigan tizim yaratish hamda jarimalar miqdorini qayta koʻrib chiqish boʻyicha taklif kiritish”.
Koʻrinib turibdiki, hozirda tadbirkorlik subyektlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi organlarni qisqartirish, savdo qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini yengillashtirish hamda maʼmuriy byurokratiya tizimidan voz kechish siyosati amalga oshirilmoqda.
Loyiha esa, yuqorida keltirilgan Prezident Qarori va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga zid kelmoqda.
Shu sababli, mazkur normani loyihadan chiqarib tashlash maqsadga muvofiq.
Savdo-sanoat palatasining qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalarini oʻtkazib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholash faoliyati davom etmoqda.
17.05.2023
12:38