Jizzax viloyatida "Ishbilarmon-2023" biznes forumi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 29 may kuni Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida "Ishbilarmon-2023" biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur biznes forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2023-yil 7-fevraldagi 02-PA 1/1-254-sonli topshirig‘i bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalarida talaba-yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan yagona tadbirlar kalendar rejasi”ning 23-bandida belgilangan talaba-yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida yurtimizning yetakchi tadbirkorlari ishtirokida “Biznes marafon” motivatsion treninglar o‘tkazish vazifasi asosida tashkil etildi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ko‘magida Jizzax viloyati hokimligi, G‘allaorol tuman hokimligi, shuningdek, Jizzax viloyatining 50 nafar yetakchi tadbirkorlari hamda tadbirkor bo‘lish istagida bo‘lgan yoshlar ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Biznes forumni Jizzax viloyati hokimining Savdo-iqtisodiy va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi va Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi deputati ochib berdi.
Shuningdek, tadbir davomida "YUKSALISH" liderlar akademiyasi asoschisi Muxammadali Eshonqulov o‘z tajribasi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish qoidalari, muvaffaqiyatga erishish sirlari, bu yo‘lda har bir tadbirkor boshidan kechirishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar hamda ushbu qiyinchiliklarni qanday qilib yengib o‘tish mumkinligi haqida nutq so’zladi hamda tadbir qatnashchilari tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berdi.
Qolaversa, tadbirda qatnashchilariga a’lo kayfiyat bag‘ishlash maqsadida viloyat harbiy orkestri tomonidan musiqiy ijro namoyish etildi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Xolboyev va Savdo-Sanoat palatasi Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi rahbariyati tomonidan chuqur e’tirofga sazovor bo‘lgan 12 nafar tadbirkorlar esdalik sovg‘alari va sertifikatlar bilan taqdirlandi.
SSP matbuot xizmati
31.05.2023
10:29