Tadbirkorlarning taklif va tashabbuslari tinglandi
O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi, tegishli vazirlik va idora tashkilotlari rahbarlari ishtirokida chorvachilik, sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Palata tomonidan tashkillashtirilgan mazkur tadbirda sohada kuzatilayotgan tizimli muammolarni aniqlash, ularni muhokama qilish va biznesga yanada qulaylik va yengilliklar yaratishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish maqsadi koʼzlangan.
O‘tkazilgan uchrashuvda soha vakillari tomonidan importyorlar bilan ichki bozorda teng raqobat sharoitini ta’minlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida chorvachilik, sut va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish ehtiyojiga sarflanadigan elektr-energiyasi hamda tabiiy gaz harajatlarini qisman qoplash uchun subsidiyalar joriy etish, chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xo‘jaliklarga yetishtirilgan sut va go‘sht mahsulotlari uchun to‘lanadigan subsidiyalar miqdorini oshirish va subsidiya ajratilishidagi rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish borasida Hukumat darajasida sohani tubdan isloh qilish lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, mazkur sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun tayyor mahsulotlari sotishda alohida ixtisoslashgan ko‘chma savdo shahobchalari tashkil etish taklifi hamda tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar ajratilishi, amaldagi soliqlar bo‘yicha imtiyoz va preferensiyalar zarurligi to‘g‘risida ham fikrlar bildirildi.
Ushrashuv ishtirokchilari tomonidan bildirilgan tizimli muammolar hamda taklif va tashabbuslar roʼyxati shakllantirilib, oʼrganib chiqish uchun nazoratga olindi.
SSP matbuot xizmati
04.11.2023
15:28