O‘zbekiston-Rossiya biznes-forumi
Joriy yilning 17-noyabr kuni Toshkentda Arxangelsk viloyati ishbilarmon doiralari va O‘zbekiston tadbirkorlari ishtirokida O‘zbekiston-Rossiya biznes-forumi va B2B muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Tadbir 15-18-noyabrda Arxangelsk viloyati gubernatori Aleksandr Tsibulskiy boshchiligidagi viloyat ishbilarmon doiralari delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etildi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad istiqbolli sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish va eksport-import yetkazib berishni ko‘paytirish orqali O‘zbekiston va Arxangelsk o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat.
Ushbu forumda 25 nafar Arxangelsk va 100 dan ortiq O‘zbekiston kompaniya vakillari, xususan, o‘rmon, sellyuloza-qog‘oz, yengil sanoat va chakana savdo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mashinasozlik, metallga ishlov berish, qurilish sanoati sohalarida faoliyat olib boruvchi kompaniyalar ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Jasimov, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi savdo vakili Q.Zligostev, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari N.Sharipov, Arxangelsk viloyati gubernatori A.Tsibulskiy ishtirokchilarga kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Shundan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Jumladan, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar boshqarmasi va “Arxangelsk viloyati Savdo-sanoat palatasi” uyushmasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, “Северная защита” MChJ va “VIDCOM” MChJ, “Вудкомпонент” MChJ va “BELUKROS” MChJ, “КИТ Софит” MChJ va “BIG AUTOMATION COMPANY” MChJ o‘rtasida niyat bayonnomalari imzolandi.
Forum davomida Arxangelsk viloyatining sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati boʻyicha maʼruzalar va taqdimotlar, shuningdek, Arxangelsk shahrida sarmoyaviy takliflar taqdimoti boʻlib oʻtdi.
B2B formatidagi ishbilarmonlik aloqalari almashinuvi doirasida esa O‘zbekiston-Rossiya savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, qo‘shma biznes loyihalarni amalga oshirish, qo‘shma korxonalar sonini ko‘paytirish, savdo-iqtisodiy va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, biznes-loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
SSP matbuot xizmati
17.11.2023
15:07