Tataristonda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari rahbarlari uchun o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 27-noyabr kuni Tatariston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari rahbarlari uchun o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Tatariston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Savdo va sanoat vaziri Oleg Korobchenko, Investitsiyalarni rivojlantirish agentligi rahbari Taliya Minullina, “Tatariston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi” ittifoqi kengashi raisi, ”Tatneftexim-xolding“ bosh direktori Rafinat Yarullin va boshqalar ishtirok etdi.
“2022-yilda O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi 290 million dollarni tashkil etdi va uni 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Bugun biz O‘zbekiston bilan juda faol ishlayapmiz, respublikaning turli hududlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Bu zarur va muhim yoʻnalish”, — dedi Oleg Korobchenko oʻz nutqida.
Investitsiyalarni rivojlantirish agentligi rahbari Taliya Minullina respublikaning sarmoyaviy salohiyati, muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan loyihalar haqida gapirdi. Palata xodimlari mehmonlarni asosiy faoliyat yo‘nalishlari bilan tanishtirib, palata tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdilar.
SSP matbuot xizmati
29.11.2023
11:26