Tadbirkorlik uchun beriladigan 9 subsidiya turi haqida bilasizmi?
Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun, albatta, sarmoya kerak bo‘ladi. Biznesini endi boshlagan, mablag‘i kam tadbirkorlarni davlat qanday qo‘llab-quvvatlaydi? Kimlarga tadbirkorlik uchun subsidiya beriladi? Qanday turdagi subsidiyalar, qancha miqdorda va qaysi maqsadlar uchun? Subsidiyani olmoqchi bo‘lganlar qayerga murojaat qilishi kerak? Ariza qanday yoziladi? Quyidagi ma'lumotlar shu haqida bo'ladi.
1. Yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish uchun subsidiya
Bu subsidiya turi ishsiz, kam ta’minlangan yoki kambag‘al oilalar a’zosi bo‘lgan tomorqa yer egalariga beriladi. Ular yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish va/yoki urug‘liklar, ko‘chatlar yoxud sug‘orish vositalari xarid qilish uchun subsidiya ajratish bo‘yicha tavsiya berishni so‘rab o‘zining doimiy yashash manzilidagi hokim yordamchisiga yoki “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali murojaat qilishi mumkin.
Arizada tomorqa yer egasining familiyasi, ismi va otasining ismi, doimiy yashash manzili, pasport seriyasi va raqami (ID-karta raqami), ishsiz, kam ta’minlangan yoki kambag‘al oila a’zosi ekanligi, tomorqa yerga egalik huquqi mavjudligi hamda so‘ralayotgan subsidiyaning turi ko‘rsatiladi.
Arizada qayd etilgan ma’lumotlar haqqoniyligi uchun tomorqa yer egasi shaxsan javobgar hisoblanadi.
Ushbu subsidiya turidan foydalanish huquqi har bir oilaga faqat bir marta beriladi.
2. Qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun subsidiya
Subsidiya ishsiz, kam ta’minlangan oilaning a’zosi yoki tashqi mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarga beriladi. Ular qishloq xo‘jaligi kooperativi tashkil etish yoki qishloq xo‘jaligi kooperativiga ixtiyoriy a’zo bo‘lish uchun subsidiya ajratish bo‘yicha tavsiya berishni so‘rab o‘zining doimiy yashash manzilidagi hokim yordamchisiga yoki “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali murojaat qilishi mumkin.
Agarda ta’sischilar soni ikki va undan ortiq bo‘lsa, ularning birining doimiy yashash manzilidagi hokim yordamchisiga yoki “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali murojaat qilinadi.
Arizada ishsiz shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, doimiy yashash manzili, pasport seriyasi va raqami (ID-karta raqami), ishsiz, kam ta’minlangan yoki kambag‘al oila a’zosi ekanligi, tashqi mehnat migratsiyasidan qaytib kelganligi va qishloq xo‘jaligi kooperativining qaysi faoliyat turi bilan shug‘ullanishini hamda so‘ralayotgan subsidiyaning bazaviy hisoblash miqdori ko‘rsatiladi.
Ushbu subsidiya turidan foydalanish huquqi bir marta beriladi.
Arizada qayd etilgan ma’lumotlar haqqoniyligi uchun ishsiz shaxs shaxsan javobgar hisoblanadi.
3. Qo‘lda gilam va ipak mato to‘qish bilan shug‘ullanuvchilarga dastgoh xarid qilish uchun subsidiya
Bu subsidiyani “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi qo‘lda gilam va ipak mato to‘qish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar olishi mumkin. Ular uchtadan kam bo‘lmagan yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan gilam va ipak mato to‘qish dastgohlarini xarid qilishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha tavsiya berishni so‘rab o‘zining doimiy faoliyat yuritayotgan manzilidagi hokim yordamchisiga yoki “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali murojaat qiladi.
Arizada korxona nomi, STIR raqami, sotib olinadigan dastgohlar to‘g‘risida ma’lumot hamda yaratiladigan yangi ish o‘rinlari soni, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasiga a’zolik ma’lumotnomasi ko‘rsatiladi.
Arizada qayd etilgan ma’lumotlar haqqoniyligi uchun uyushma a’zosi javobgar hisoblanadi.
4. Qo‘l mehnati uchun uskunalar sotib olishga subsidiya
“Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasi a’zosi bo‘lgan tadbirkorlik subyektiga beriladi. Tadbirkor kamida bitta ish o‘rni yaratish sharti bilan qo‘l mehnati uchun xarid qilinadigan uskunalarga sarflangan xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha tavsiya berishni so‘rab o‘zining doimiy faoliyat yuritayotgan manzilidagi hokim yordamchisiga yoki “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali murojaat qilishi mumkin.
Arizada tadbirkorlik subyektining nomi, STIR raqami, qo‘l mehnati uchun xarid qilinadigan uskunalar to‘g‘risida ma’lumot hamda yaratiladigan yangi ish o‘rni, “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasiga a’zolik ma’lumotnomasi ko‘rsatiladi.
Arizada qayd etilgan ma’lumotlar haqqoniyligi uchun tadbirkorlik subyekti shaxsan javobgar hisoblanadi.
5. Baliq yetishtirish yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish uchun subsidiya
Aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yo‘nalishi bo‘yicha “Ishga marhamat” monomarkazlaridagi o‘quv kursida o‘qish istagida bo‘lgan jismoniy shaxslar o‘qish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha tavsiya berishni so‘rab o‘zining doimiy yashash manzilidagi hokim yordamchisiga yoki “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Arizada jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, doimiy yashash manzili, pasport seriyasi va raqami (ID-karta raqami), xonadonida baliq yetishtirish maqsadida “Ishga marhamat” monomarkazlaridagi o‘quv kursida o‘qish uchun so‘ralayotgan subsidiya miqdori ko‘rsatiladi.
Arizada qayd etilgan ma’lumotlar haqqoniyligi uchun jismoniy shaxs javobgar hisoblanadi.
Ushbu subsidiya turidan foydalanish huquqi bir marta beriladi.
6. Asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya
Subsidiya Tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar uchun beriladi. Ular faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘ladigan asbob-uskuna va/yoki mehnat qurollari xarid qilish uchun subsidiya ajratish bo‘yicha tavsiya berishni so‘rab o‘zining doimiy yashash manzilidagi hokim yordamchisiga yoki “Onlayn mahalla” elektron platforma orqali ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Arizada ishsiz fuqaroning familiyasi, ismi va otasining ismi, doimiy yashash manzili, pasport seriyasi va raqami (ID-karta raqami), ishsizligi, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ning birida turganligi, o‘z faoliyatini boshlash uchun xarid qilish kerak bo‘ladigan asbob-uskuna va/yoki mehnat qurollarining nomi, so‘ralayotgan subsidiya miqdori, tadbirkor sifatida davlat xizmatlari markazida davlat ro‘yxatidan yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tganligi ko‘rsatiladi.
Arizada qayd etilgan ma’lumotlar haqqoniyligi uchun ishsiz fuqaro javobgar hisoblanadi.
Ushbu subsidiya turidan foydalanish huquqi bir marta beriladi.
7. Bino va inshootning ijara to‘lovi uchun subsidiya
Tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan ishsiz shaxsga tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng dastlabki uch oy mobaynida olingan bino va inshootning ijara to‘lovi uchun subsidiya beriladi. Tadbirkor o‘zining doimiy yashash manzilidagi hokim yordamchisiga yoki “Onlayn mahalla” elektron platforma orqali ariza bilan murojaat qilishi kerak.
Arizada ishsiz shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, doimiy yashash manzili, pasport seriyasi va raqami (ID-karta raqami), so‘ralayotgan subsidiya miqdori, tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi ko‘rsatiladi, shuningdek, faoliyatini amalga oshirish uchun ijaraga olinayotgan bino va inshootning ijara shartnomasi nusxalari hamda bank rekvizitlari ilova qilinadi.
Arizada qayd etilgan va ilova qilingan hujjatlardagi ma’lumotlar haqqoniyligi ishsiz shaxs javobgar hisoblanadi.
Ushbu subsidiya turidan foydalanish huquqi bir marta beriladi.
8. Tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun subsidiya
Aholi bandligiga ko‘maklashish markazida ro‘yxatdan o‘tgan, tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlayotgan ishsiz shaxslar yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, kichik korxona yoki mikrofirmani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun sarflanadigan xarajatlarni to‘lashda bir martalik subsidiya olishi mumkin. Ular o‘zining doimiy yashash manzilidagi hokim yordamchisiga yoki “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali murojaat qiladi.
Arizada ishsiz shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, doimiy yashash manzili, pasport seriyasi va raqami (ID-karta raqami), ishsizligi, yakka tartibdagi tadbirkor, kichik korxona yoki mikrofirma bo‘lib ro‘yxatdan o‘tmoqchiligi, so‘ralayotgan subsidiyaning turini ko‘rsatadi.
Arizada qayd etilgan ma’lumotlar haqqoniyligi uchun ishsiz shaxs javobgar hisoblanadi.
Ushbu subsidiya turidan foydalanish huquqi bir marta beriladi.
9. “Usta-shogird” an’analari asosida o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlarga yoki hunar o‘rgatayotgan ustalarga subsidiya
Kasb-hunarga o‘qitish markazlarining o‘quv xonalarida kasb-hunarga o‘qitish qiyin bo‘lgan va qonunchilikda ko‘rsatilgan kasblarni “usta-shogird” an’analari asosida hunar o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlar yoki hunar o‘rgatayotgan (yoki o‘rgatmoqchi bo‘lgan) ustalar shogirdlarni tayyorlash yoki ish haqi bilan ta’minlash uchun subsidiya olishi mumkin. Ular subsidiya ajratish bo‘yicha tavsiya berishni so‘rab o‘zining doimiy yashash manzilidagi hokim yordamchisiga yoki «Onlayn mahalla» elektron platformasi orqali murojaat qilishi mumkin.
Bunda:
shogird — arizada familiyasi, ismi va otasining ismi, doimiy yashash manzili, pasport seriyasi va raqami (ID-karta raqami), o‘rganmoqchi yoki o‘rganayotgan hunarining nomi, so‘ralayotgan subsidiya turi hamda ustaning familiyasi, ismi va otasining ismi, doimiy yashash manzili, pasport seriyasi va raqami (ID-karta raqami), subsidiya to‘lab berilishi lozim bo‘lgan hisobvarag‘i, shuningdek, ustaning tadbirkor va o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganligi yoki “Hunarmand” uyushmasiga a’zoligi ko‘rsatiladi;
usta — arizada familiyasi, ismi va otasining ismi, doimiy yashash manzili, pasport seriyasi va raqami (ID-karta raqami), o‘rgatmoqchi yoki o‘rgatayotgan hunar nomi, so‘ralayotgan subsidiya turi va subsidiya to‘lab berilishi lozim bo‘lgan hisobvarag‘i, tadbirkor va o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganligi yoki “Hunarmand” uyushmasiga a’zoligi ko‘rsatiladi, shuningdek, “usta-shogird” an’analari asosida qabul qilgan shogirdlarni (familiyasi, ismi va otasining ismini ko‘rsatgan holda) ro‘yxati ilova qilinadi.
Arizada qayd etilgan va ilova qilingan hujjatlardagi ma’lumotlar haqqoniyligiga shogird yoki usta javobgar hisoblanadi.
Manba: hudud24.uz
06.12.2023
14:46