Rossiyaning Chakana savdo bozori ekspertlari uyushmasi va Kichik formatli savdo uyushmasi bilan uchrashuv
Joriy yilning 14-dekabr kuni O'zbekiston Savdo-sanoat palatasida Rossiyaning Chakana savdo bozori ekspertlari uyushmasi boshqaruvi raisi Andrey Karpov hamda "ОПОРА РОССИИ" vitse-prezidenti va Kichik formatli savdo uyushmasi prezidenti Vladlen Maksimov bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Uchrashuvda Rossiya tomon "Неделя Российского ритейла" analogini o'zbek ishlab chiqaruvchi va ekport qiluvchi korxonalar ishtirokida O'zbekistonda "Central Asia Retail Week" tadbiri doirasida o'tkazish taklifini berdi. Bu taklifning negizida, O'zbekistonning eksport salohiyatini yanada oshirish va to'g'ridan to'g'ri Rossiya eksportchilari bilan aloqa o'rnatish maqsad qilingan.
O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov tomonidan bu taklif qo'llab-quvvatlanib, hamkorlik o'rnatishga tayyorligi va bu borada har ikki tomon uchun ham yangi imkoniyatlar yaratilishi bildirildi.
Uchrashuv yakunida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va ishbilarmon doiralar bilan fikr almashish maqsadida 2024-yilning 2-choragida O'zbekistonning 20 dan ortiq yirik eksport qiluvchi korxonalaridan iborat delegatsiyasini Rossiya Federatsiyasiga tashrifini amalga oshirish rejalashtirildi.
SSP matbuot xizmati
15.12.2023
09:58