O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishi
Joriy yil 21-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Saudiya Arabistoni Podshohligiga tashrifi doirasida O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Savdo-sanoat palatasi raisi, O‘zbekiston tomonidan kengash hamraisi Davron Vaxabov, “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi, Saudiya Arabistoni tomonidan kengash hamraisi Muxammad Abunayyan ishtirok etdi.
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirishning hal qiluvchi omili sifatida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash masalalari tadbirning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi hamkorlikni faollashtirish uchun sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, o‘zaro tovar va xizmatlar savdosi uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash borasidagi ishlarni davom ettirish muhimligini alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, zamonaviy innovasion texnologiyalardan foydalangan holda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish va boshqa ko‘plab sohalarda hali foydalanilmagan salohiyatning salmoqli zaxirasidan foydalanib hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig'ilish doirasida tashkil etilgan B2B formatidagi uchrashuvlar ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari o‘rtasidagi faol biznes hamkorlikka qiziqish ortayotganini ko‘rsatdi. Ochiq, samimiy ruhda kechgan muloqot davomida tomonlar aniq loyiha takliflari asosida sheriklik istiqbolini atroflicha muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
SSP matbuot xizmati
22.12.2023
11:29