Palata a’zolari manfaatida sudlarga 74 trln. so‘mdan ortiq 571 595 ta da’vo arizalari kiritildi
Savdo-sanoat palatasi tomonidan 2023 yil davomida tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar:
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi 2023-yil davomida Palata faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar, xususan Palata to‘g‘risidagi qonun, Prezident Farmon va qarorlari, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq o‘ziga yuklatilgan vazifalar va berilgan vakolatlardan kelib chiqqan holda faoliyat olib bordi.
Ta’kidlab o‘tish lozimki, 2023-yil Savdo-sanoat palatasi va tadbirkorlik subyektlari faoliyatida alohida e’tirof etiladigan yil bo‘ldi.
Shu o‘rinda Savdo-sanoat palatasi tomonidan 2023-yil davomida tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish sohasida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
1. Hisobot davrida Palata a’zolari hisoblangan tadbirkorlik subyektlari manfaatida sudlarga umumiy qiymati 74 trln. so‘mdan ortiq 571 595 ta da’vo arizalari kiritilib, 485 526 ta da’vo arizalari sudlar tomonidan qanoatlantirildi.
Shuningdek, 398ta holatda tadbirkorlik subyektlari manfaatida Davlat organlari va ularning mansabdor shahslari harakatlari (harakatsizligi)ga nisbatan arizalar kiritildi, shulardan 234 ta ariza sudlar tomonidan qanoatlantirildi.
Bundan tashqari, 6 163 ta holatda tadbirkorlik subyektlarining nizolari Palata mutaxassislari aralashuvi bilan sudgacha muhokama (mediatsiya) jarayonida hal etildi.
2. Savdo-sanoat palatasi tomonidan 827 ta normativ huquqiy-hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqildi va ularning 147 tasi qonun, 198 tasi Prezident hujjatlari, 370 tasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va 112 tasi idoraviy tusdagi normativ-huquqiy hujjatlardir.
Mazkur loyihalarning 32 tasi soliq, 21 tasi bojxona, 33 tasi qurilish, 38 tasi sog‘liqni saqlash, 71 tasi investisiya, 74 tasi qishloq xo‘jaligi, 12 tasi transport, 22 tasi davlat aktivlarini boshqarish faoliyatiga oiddir.
Palata tomonidan 365 ta loyiha bo‘yicha 789 ta takliflar bildirilgan.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan amaldagi kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, kreditlash masalalari, lisenziya va ruxsat berish tartiblari, tekshirishlarni qisqartirish, sud hujjatlari ijrosi va soliq ma’murchiligi sohasidagi 15 ta normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish, qo‘shimcha kiritish va bekor qilish bo‘yicha takliflar qonunchilik va ijro etish hokimiyati organlariga taqdim etildi.
Xususan, sud hujjatlari ijrosi sohasida amaliyotda aksariyat tijorat banklarining tadbirkorlarga nisbatan kiritgan da’volari bo‘yicha sudning yakuniy qarori chiqarilgunga va ushbu qaror ijrosi MIB tomonidan ta’minlanmagunga qadar banklar kredit bo‘yicha foiz va neustoyka hisoblashni to‘xtatmaydi.
Palata tomonidan 1/01-18-8823-sonli xat bilan mazkur masalaga ijobiy yechim qilinishi uchun, tijorat banklari tomonidan sudlarga da’vo arizalar kiritilishi hamda sudlarning da’vo arizalarini qabul qilishi to‘g‘risidagi ajrimi chiqishi bilan kredit bo‘yicha foiz va neustoyka hisoblashning to‘xtatish tizimini joriy etish bo‘yicha taklifi Prezident Administratsiyasiga yuborildi.
Ushbu Palata tomonidan berilgan taklif inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 2023-yil 4-sentyabrdagi PQ-292-son qarorining 10-bandida 2024-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish bo‘yicha sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, mazkur kreditlar bo‘yicha foizlar va neustoyka hisoblanishi to‘xtatilishi belgilandi.
Shuningdek, soliq ma’murchiligi sohasida Vazirlar Mahkamasining 07.01.2021 yildagi 1-son qaroriga 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Nizom”ga muvofiq, kameral tekshiruvida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan alohida bayonnomalar tasdiqlanib kelinganligi natijasida tadbirkorlarga turli ma’muriy to‘siqlar keltirib chiqargan.
Palata tomonidan 1/01-18-8823-sonli xat bilan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibini soddalashtirish uchun, kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilgan davr qayta tekshirilmasligi b o‘yicha Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish bo‘yicha taklif Prezident Administratsiyasiga yuborildi.
Ushbu berilgan taklif inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 4-sentyabrdagi PQ-292-son qarorining 10-bandida kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishida, soliq organlarining soliq to‘lovchining hududiga kirish, soliq to‘lovchining hududini va binolarini ko‘zdan kechirish, soliq to‘lovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish, soliq to‘lovchining hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish bo‘yicha huquqlari bekor qilindi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy xo‘jalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi (231-son, 07.06.2023 y.) qaroriga asosan, Palata tomonidan 220 ta yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatini tasdiqlovchi sertifikatlar berildi.
4. Hisobot davrida Palata qoshida Biznes-ombudsman va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillaridan iborat Biznesning korrupsiyaga qarshi Xartiyasi bo‘yicha “Maxsus komissiya” ning 7 marta yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ushbu yig‘ilishlarda tadbirkorlardan Xartiyaga a’zo bo‘lish uchun kelib tushgan bildirishnomalar ko‘rib chiqildi va 226 ta tadbirkorlik subyekti Xartiyaga qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-noyabrdagi 920-sonli qarori 8-bandiga asosan hisobot davrida 18 ta nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslariga tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan o‘tkazilgan attestatsiya komissiyalarida Palata vakillari ishtirok etdi.
Mazkur attestatsiyalarda nazorat qiluvchi organlarning jami 502 nafar xodimlari suhbatdan o‘tkazildi. Shulardan 397 nafariga maxsus guvohnoma berildi, 105 nafariga maxsus guvohnoma berish rad etildi.
SSP matbuot xizmati
05.01.2024
17:20