"JETRO" Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti o'rtasida anglashinuv memorandumi imzolandi
Joriy yilning 10-yanvar kuni Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat davlat vaziri Ryosuke Kozukining tashrifi doirasida Toshkent shahrida O‘zbekiston-Yaponiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakatning 200 ga yaqin yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida IT sohasi, muqobil energetika, ta’lim, tibbiyot, turizmni rivojlantirish, raqamlashtirishni kengaytirish sohalari belgilab olindi.
Biznes-forum davomida “G2B” va “B2B” uchrashuvlari ham tashkil etilib, unda ishtirokchilar qoʻshma korxonalar tashkil etish va oʻzaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish masalalarini atroflicha muhokama qilishdi.
Forum yakunida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va "JETRO" Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti o'rtasida anglashinuv memorandumi imzolandi.
O‘zbekistonda "JETRO"ning vakolatxonasi 2000 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Uning asosiy vazifalari Yaponiya kompaniyalaridan mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish, ikki mamlakat sanoat korxonalari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or texnologiyalar bilan almashishni tashkil etishdan iborat.
SSP matbuot xizmati
10.01.2024
17:22