O‘zbekiston-Belarus ishbilarmonlar kengashining 3-yig‘ilishi
Joriy yilning 6-fevral kuni Toshkent shahrida Belarus Respublikasi hukumati delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Belarus ishbilarmonlar kengashining 3-yig‘ilishi va B2B muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari J.Urakov, Belarus Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari D.Meleshkin, tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Belorussiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda eksportbop mahsulotlar savdosini yanada takomillashtirish borasida so‘z bordi. Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari J.Urakov o‘z nutqida so‘nggi yillarda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o'rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik sezilarli darajada faollashganini ta’kidladi.
Belorussiya Respublikasi O‘zbekistonning o‘nta asosiy savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning muhim tarkibiy qismidir. Shu jihatdan, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari ham mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga ulkan hissa qo‘shmoqda.
Ushbu forumda ikki davlat ishbilarmon doiralarining 70 dan ortiq yetakchi vakillari, xususan, o‘rmon, sellyuloza-qog‘oz, yengil sanoat va chakana savdo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mashinasozlik, metallga ishlov berish, qurilish sanoati sohalarida faoliyat olib boruvchi kompaniyalar ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarinig ma’ruzalari tinglanib, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va “Bellegprom” konserni hamkorligida O‘zbekiston fuqarolari orasidan yangi kasb-hunarlarni o‘zlashtirish uchun malakali xodimlar ro‘yxatini tuzib, Belarus Respublikasining to‘qimachilik va charm korxonalarida tajriba almashishga kelishib olindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va “Bellesbuprom” konserni hamkorligida mamlakatimizda mebel ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonalar tashkil etish, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi turistik markazlarni yog‘och uylar bilan jihozlash bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish belgilab olindi.
Bundan tashqari, tadbirda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining “B2B” va “B2G” formatidagi uchrashuvlari tashkil etildi. Ochiq muloqotlar, istiqbolli loyihalar va kelishuvlarni ishlab chiqishni o‘z ichiga olgan o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarni aniq belgilashga hamda O‘zbekiston va Belorussiya ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning samarali formatini yaratishga imkon berdi.
O‘zbekistonda Belorussiya kapitali ishtirokidagi 186 ta korxona, jumladan, 65 ta qo‘shma korxona va 121 ta yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyat yuritmoqda. O‘z navbatida, Belorussiyada o‘zbek kapitali ishtirokidagi 100 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
2023-yilning 11 oyi davomida savdo aylanmasi 570 million dollarni (+19 foiz) tashkil etdi. Xususan, eksport – 114,7 mln dollar (2,7%), import – 455,0 mln dollar (24,2%). Oʻzbekistonning asosiy eksport tovarlari: toʻqimachilik mahsulotlari (38%), yangi va qayta ishlangan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari (31%), rangli metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar (10%), kimyo mahsulotlari, shu jumladan, plastmassa (3%), transport vositalari (3,1%) va xizmatlar (5,2%).
Oʻzbekistonning asosiy import tovarlari: oziq-ovqat mahsulotlari (37%), yogʻoch va yogʻoch mahsulotlari (18%), mashina va uskunalar (20%), neft mahsulotlari (5,5%), farmatsevtika mahsulotlari (4%), qora metallar va metall buyumlari (2,3%).
SPP matbuot xizmati
06.02.2024
15:46