“DEMO DAY”DA 13TA TALABALAR JAMOASINING STARTAP-LOYIHALARI TAQDIM ETILDI
Innovatsiyalar diversifikatsiyalangan va raqobatbardosh iqtisodiyotni qurish yo‘lida asosiy o‘rin tutadi. O‘zbekistonda ham shakllanib borayotgan kichik innovatsion kompaniyalar va startap-harakatlar innovatsiyalarni rivojlantirish va joriy etishning harakatga keltiruvchi kuchiga aylanmoqda.
Bugungi kunda yaqinda tashkil topgan va rivojlanish bosqichida turgan yosh kompaniyalar startap deb nomlanadi. Odatda, startap-loyihalarning zamirida aholi yoki tashkilotlarning ehtiyojlarini yangi, avval mavjud bo‘lmagan shaklda qondirilishiga qaratilgan yangilik g‘oyasi turadi.
Startaplar biznesning turli sohalarida yaratilishiga qaramay, axborot texnologiyalari sohasidagi loyihalar ko‘proq ommalashgan. Yirik moliyaviy investitsiyalarni talab etmaydigan, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan, shuningdek, Google, Facebook kabi jadal o‘sib borayotgan korporatsiyalarga ayolanish imkoni bo‘lgan IT-startaplar tobora ko‘proq tashabbuskor, ijodkor yoshlarni o‘ziga jalb qilmoqda.
Jahon tajribasiga ko‘ra, startaplarning muvaffaqiyatli rivojlanishi samarali iqtisodiy siyosatning mujassamligi, davlat-xususiy sherikligining qo‘llab-quvvatlanishi, mahsulotni ilgari surish va ilmiy-tadqiqot faoliyatidan tortib to iqtisodiyotning tarmoqlarida yangi texnologik innovatsiyalarni joriy etishgacha bo‘lgan turli yo‘nalishlarda qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirishda yordam ko‘rsatilishiga asoslanadi.
Misol tariqasida Bloomberg global innovatsiyalar indeksidagi innovatsion davlatlar reytingida beshinchi o‘rinni egallab turgan Isroil innovatsiyalar ekotizimining noyob tajribasini keltirish mumkin. Bundan jadallashuvga Isroilning hukumat dasturlari imkon yaratib bergan bo‘lib, ular xususiy investitsiyalar oqimini rag‘batlantirib, salmoqli soliq imtiyozlari, shuningdek, loyihalarni bevosita moliyalashtirishda davlat ishtirokini ta’minlab beradi.
Yoshlar startap-tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash dasturi O‘zbekistonda davlat sektori hamkorligida tashkil etilgan birinchi tashabbus bo‘ldi. Ushbu dastur O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMTTD o‘rtasidagi “O‘zbekiston biznes-forumi (3-bosqich)” qo‘shma loyiha doirasida amalga oshirilmoqda. Loyiha mutaxassislari mazkur sohadagi xalqaro tajribani o‘rganib, startapni g‘oyadan tortib to «seed funding», ya’ni loyihani ishga tushirish uchun “ekiladigan” investitsiyalarni jalb qilish bosqichigacha rivojlantirish uchun metodik bazani ishlab chiqdilar.
Dastur poytaxtdagi oliy o‘quv yurtlarining talabalari va professor-o‘qituvchilar jamoalari uchun mo‘ljallangan. Bu tabiiy, chunki oliy o‘quv yurtlari tashabbuskor, iste’dodli yoshlarning “xabi” hisoblanib, unda noyob innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar mahsul bo‘ladi.
Dasturga saralab olish jarayoni joriy yil avvalida boshlangan. Dastur boshlanganligi haqidagi e’lon chiqqanidan so‘ng bir oy davomida Toshkent shahri va O‘zbekiston viloyatlaridagi 33 ta oliy o‘quv yurtidan 308 ta ariza qabul qilindi. Dastlabki saralash natijalariga ko‘ra, 196 ta loyiha egalari intervyudan o‘tkazilib, ulardan 66 tasi loyihalarni taqdim etish ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha seminarlarda ishtirok etdilar va individual trekerlar bilan ish olib bordilar. 57 ta loyiha final bosqichdan o‘tib, ekspertlardan iborat keng auditoriya oldida taqdimotlar o‘tkazdilar. Vazirliklar va idoralar, davlat muassasalari, xususiy sektor, NNT sohasidan taklif etilgan ekspertlar qo‘llab-quvvatlash dasturiga loyihalarni saralash va ularni rivojlantirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdilar.
Dasturning asosiy maqsadi universitetlarda tajribani yanada oshirish hamda oliy o‘quv yurtlarining xususiy sektor bilan hamkorligi mexanizmlarini takomillashtirish uchun yoshlarda IT-loyihalar bilan ishlash tamoyillarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Yosh startaplarni “tejamkor startap” (Lean Startup) metodologiyasini tushuntirish, startapni rivojlantirish va biznesga aylantirish asoslarini o‘rgatish bilan bog‘liq boy dastur qamrab oldi. Tadbirkorlik sohasidagi ekspertlar ishtirokida o‘tgan seminarlar chog‘ida dastur ishtirokchilari tadbirkorlik sub’ektini ro‘yxatdan o‘tkazish, soliqqa tortish, veb va mobil ilovalarni ishlab chiqish, startapni ilgari surish va rivojlantirishga oid strategiyani ishlab chiqishga doir masalalarni o‘rgandilar. Ishtirokchilar shaxsiy murabbiylar rahbarligi ostida loyihalarning gipotezalarini yaratib, sinovdan o‘tkazdilar, o‘z mahsulotlari/xizmatlarining minimal ishchi modelini yaratib, dastlabki sotuvlarni amalga oshirdilar.
Natijada, Loyihalar dasturiga saralab olingan 33 ta loyihadan 13 tasi finalga chiqib, o‘z loyihasini «Demo Day» tadbirida taqdim etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Dastur finalchilari tarkibidan ta’lim, sog‘liqni saqlash, moda, umumiy ovqatlanish, moliyaviy va jamg‘arma tizimlarini yaratish, transport xizmatlarini rivojlantirish sohasidagi loyihalar o‘rin oldi.
Yosh avlodning tadbirkorlikni rivojlantirishdagi ishtiroki uning innovatsion yo‘nalishini kuchaytirish, shuningdek, faol yoshlar ijodini rag‘batlantirish imkonini beradi. Shu ma’noda, yosh tadbirkorlar tomonidan yaratilayotgan startaplarni shakllantirish va rivojlantirishga salmoqli o‘rin ajratilayotgan bo‘lib, ular yangi ilg‘or g‘oyalarni takomillashtirish qatorida, milliy iqtisodiyot sektorlarining raqobatbardoshligini mustahkamlash va mamlakatimizning innovatsion salohiyatini oshirish imkoniyatini beradi.
Qo‘llab-quvvatlash dasturi – texnologik tadbirkorlikni rivojlantirishning yangi va istiqbolli modeli bo‘lib, g‘oyalarni muvaffaqiyatli starptaplarga aylantirishda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan. O‘z navbatida, dastur muvaffaqiyatining tarixi – nafaqat yangi ish o‘rinlari, innovatsiyalar rivojlanishi, balki tadbirkorlik madaniyatini ilgari surish va yangi g‘oyalarni amalga oshirishda ko‘proq yoshlarni jalb qilib, oxir-oqibat, mustaqil startaplarini yaratish imkonidir.
Ta’kidlash joizki, mazkur tashabbus yangi ish o‘rinlarini yaratish, yoshlar bandligini oshirish va aholining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan inklyuziv biznes-modellarni ilgari surishga oid ishlar doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMTTD o‘rtasidagi “O‘zbekiston biznes-forumi (3-bosqich)” qo‘shma loyihasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyihani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash «Sasol» kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Yevropa Iitifoqining “Menejmentni o‘qitish dasturi (MO‘D) – O‘zbekiston Respublikasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalari rahbarlarining salohiyatini mustahkamlash” loyihasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun: 150 12 60
Vebsayt: www.chamber.uz, www.uz.undp.org
Ijtimoiy tarmoqlar: www.facebook.com/undp.bfu
O'zSSP Matbuot xizmati
02.12.2016
11:04