Biznesni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi isloh qilindi
Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va davlat hisobiga qo‘yish tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 oktyabrdagi PQ–2486-sonli qarorini amalga oshirish chora tadbirlari to‘g‘risidagi 2017 yil 9 fevraldagi 66-sonli Hukumat qaroriga muvofiq, tadbirkorlik sub’ektlarini – yuridik va jismoniy shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazishning mutlaqo yangi tartibi o‘rnatildi.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan Hukumat qarorini tayyorlashda ishtirok etgan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMTTDning “O‘zbekiston Biznes-forumi” (III-faza) qo‘shma loyihasi biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tizimi joriy etilishi bilan nima o‘zgarishi haqida hikoya qiladi.
Demak, 2017 yilning aprel oyidan boshlab, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish mexanizmini batafsil yoritib beruvchi yagona hujjatni tasdiqlash yo‘li bilan tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish tartibotini tartibga soluvchi 62 ta normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritiladi, shuningdek o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.
Fevral oyidan boshlab “yagona darcha” markazlari barcha tadbirkorlik sub’ektlari uchun yagona ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ etib belgilandi, banklar va kredit byurolari bundan mustasno. Davlat statistika qo‘mitasining firma nomini zaxira qilib qo‘yishga doir, Davlat soliq qo‘mitasining tijorat faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib kiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarni ro‘yxatdan o‘tkazishga doir, shuningdek Adliya vazirligining chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokerlari, auditorlik tashkilotlari, soliq maslahatchilari tashkilotlari, birjalar, lombardlar, investitsiya fondlari, bozorlar hamda boshqa tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishga doir funksiyalari 194 ta “yagona darcha” markazlariga topshiriladi.
2017 yilning aprel oyidan boshlab, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish real vaqt rejimida ariza yuborilgan paytdan e’tiborat 30 daqiqa davomida amalga oshiriladi, quyidagi ikki holat bundan mustasno – ro‘yxatdan o‘tkazilishi 16 ish soati davomida amalga oshiriladigan ustav fondining oshirilishi va ta’sischilarning ulushlari (hissalari) boshqa shaxsga o‘tishi.
Biznesni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shuningdek qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga arizani quyidagi usullardan biri orqali topshirish mumkin – my.gov.uzga integratsiya qilingan, 24/7 rejimida ishlovchi avtomatlashtirilgan ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi orqali, yoki arizachida Internetdan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan daqdirda – ro‘yxatdan o‘tkazish joyidagi respublikaning barcha tumanlari va shaharlarida dushanbadan jumagacha, 9:00 dan 18:00 gacha dam olishsiz ishlaydigan “yagona darcha” markazlariga murojaat qilgan holda.
Yuridik shaxsni (tijorat tashkilotini) ro‘yxatdan o‘tkazishda taqdim etilayotgan hujjatlar soni 6 tadan 2 tagacha qisqartirildi, ya’ni faqatgina ariza va ta’sisi hujjatlari talab etiladi (shuningdek topshirish dalolatnomasi va taqsimlash balansi taqdim etilishi lozim bo‘lgan qo‘shib yuborish, bo‘lish hamda ajratib chiqarish holatlari bundan mustasno), yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) uchun zarur bo‘lgan hujjatlar soni 7 tadan 1 tagacha qisqartirildi, ya’ni faqatgina ariza taqdim etish talab etiladi.
Yagona portal – my.gov.uz orqali avtomatlashtirilgan tizim vositasida ro‘yxatdan o‘tkazish tartiboti hozir bo‘lgan tartibda murojaat qilishga nisbatan bir qator ustunlikarga ega ekanligini ta’kidlash joizdir. Xususan, birinchidan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga qog‘oz shaklidagi hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etish zarurati bo‘lmaydi, bu esa arizachilarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga, shuningdek ro‘yxatdan o‘tkazishga davlat bojlarini to‘lash uchun bank kassalariga shaxsan borishlari majburiyatidan ozod qiladi, natijada arizachining bilvosita xarajatlari qisqaradi, ikkinchidan hujjatlar Internet orqali topshirilganda ro‘yxatdan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojlari stavaklari hozir bo‘lish tartibida murojaat qilish holatiga nisbatan ikki barobar past qilib belgilangan, uchinchidan biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni topshirishni arizachiga qulay bo‘lgan istalgan vaqtda boshlash, to‘xtatish yoki rasmiylashtirishni qaytadan davom ettirish mumkin.
Quyidagi muhim qulaylik mavjud – ro‘yxatdan o‘tkazishga so‘rovnoma tanlanayotgan firma nomini avtomatik tarzda tekshirishni inobatga olgan holda arizachi tomonidan ma’lumotlarni asosan ochiladigan menyudan tanlash yo‘li bilan onlayn to‘ldiriladi, bu esa noaniqliklarni bartaraf etadi, taqdim etilayotgan ma’lumotlarni standartlashtiradi va ularni qayta ishlashni soddalashtiradi. Shuningdek, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni elektron raqamli imzo bilan imzolash talab etilmaydi, bunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Yagona portalda unda ko‘rsatilgan usullardan biri orqali masofadan ro‘yxatdan o‘tishlari lozim bo‘ladi. Arizachilarning xohishiga ko‘ra, avtomatlashtirilgan tizim arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlardan kelib chiqib shakllantiradigan, ta’sis hujjatlarining namunaviy shakllaridan foydalanish yoki arizaga skaner qilingan ta’sis hujjatlarini ilova qilish mumkin. Ilk marotaba davlat bojlarini respublikada faoliyat yuritib turgan elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lash mumkin bo‘ladi, bunda arizachidan belgilangan davlat boji stavkasining 1 foizi miqdorida to‘lov undiriladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) o‘z faoliyatlarini vaqtinchalik to‘xtatib turish yoki qayta tiklash to‘g‘risidagi arizani avtomatlashtirilgan tizim orqali topshirishlari mumkin bo‘ladi, bu esa YaTTning soliqlar to‘lamaslik bilan bog‘liq bo‘lgan tavakkalchiliklarini soddalashtirish va pasaytirishga yordam beradi. Tadbirkorlik sub’ekti barcha tegishli vakolatli davlat (litsenziyalovchi va hokazo) organlarini uning manzili (joylashgan joyi, yashash joyi) o‘zgarganligi to‘g‘risida avtomatlashtirilgan tizim vositasida bir vaqtning o‘zida xabardor qila oladi, bu esa davlat organlariga alohida xabarnomalar jo‘natishga zaruriyat qoldirmaydi. Shuningdek, qayta tashkil etish to‘g‘risidagi axborotni bosma ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish to‘g‘risidagi talabni bekor qiladi, bunda axborotni kreditorlar tanishib chiqishlari uchun Yagona portalda elon qilish yetarli bo‘ladi, bu esa tadbirkorlar xarajatlarini kamaytiradi.
Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun asoslarning batafsil ro‘yxati belgilangan. Demak, ro‘yxatdan o‘tkazish uchun so‘rovnoma to‘ldirilayotganda ko‘rsatilgan ma’lumotlar avtomatlashtirilgan tizimning tegishli ma’lumotlar bazalari bo‘yicha avtomatik tarzda tekshiriladi.
Yuridik shaxsni va YaTTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomani, shuningdek ularning dublikatlarini maxsus blanklarda qog‘oz ko‘rinishida berish amaliyoti bekor qilinadi, bu esa ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlarning ularni tayyorlash uchun ketadigan yillik xarajatlarini qisqartiradi. Tadbirkorlik sub’ektlari ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnoma va ta’sis hujjatlarini istalgan vaqtda hamda istalgan nusxada nashr qilib olishlari mumkin. Shu tarzda, davlat organlari Yagona portaldagi Elektron hujjatlarning repozitoriysi orqali qayta tashkil etish to‘g‘risidagi guvohnomadan foydalanish (shu jumladan, litsenziyalar, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar berishda, bank hisob raqami ochishda va boshqa turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishda), shuningdek avtomatlashtirilgan tizim vositasida, tadbirkorlardan talab qilib olmasdan ta’sis hujjatlaridan foydalanishga tardbirkorlardan ruxsat olishlariga imkon beruvchi mexanizm yo‘lga qo‘yildi. Avtomatlashtirilgan tizimda mvjud bo‘lgan, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha elektron hujjatlar, shuningdek skaner qilingan hujjatlarga giperhavolalar, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda ulardan foydalanish qulayligini inobatga ogan holda elektron hujjatlarning repozitoriysida saqlanadi.
Tadbirkorlik sub’ektiga Tizim imkoniyatlaridan foydalangan holda unga taalluqli bo‘lgan hujjatlar va ma’lumotlar davlat organlari tomonidan so‘ralgan holatlari to‘g‘risida axborot olish huquqi berilgan, qonun hujjatlariga muvofiq tadbirkorlik sub’ekti erkin foydalanishi taqiqlangan axborot bundan mustasno.
Yuritilishi markazlashtirilgan tarzda elektron ko‘rinishda amalga oshiriladigan Tadbirkorlik sub’ektlari yagona davlat reyestrida (TSYaDR) mavjud bo‘lgan dolzarb ma’lumotlarning shaffofligini va ulardan erkin foydalanish imkonini oshirish o‘ta muhimdir. Yagona portalga joylashtiriladigan va ular o‘zgarishi bilanoq har soatda yangilanib boriladigan ma’lumotlarning eng kam hajmi belgilandi. Demak, yuridik shaxslar to‘g‘risidagi quyidagi axborotdan ommaviy foydalanish mumkin bo‘ladi: nomi, STIR, maqomi (faoliyat yuritayotgan, tugatilish jarayonida, faoliyatini to‘xtatgan), tashkiliy-huquqiy shakli, mulkchilik shakli, ustav fondining miqdori, qimmatli qog‘ozlari to‘g‘risidagi axborot, manzili va boshqalar; YaTTlar qismida esa: ismi, familiyasi, STIR, amalga oshirilayotgan faoliyat turi, jinsi va boshqalar.
Ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlari o‘rtasidagi farqlanishlarning oldini olish maqsadida ularning nisbatan ustunligini aniqlash qoidalari belgilangan. Demak, ta’sis hujjatlaridagi ma’lumotlar bir biridan farq qilganida, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organda saqlanayotgan hujjatlar nisbatan ustunroq kuchga ega bo‘ladi. TSYaDRdagi ta’sis hujjatlari va yozuvlardagi ma’lumotlar bir biridan farq qilganida, TSYaDRdagi yozuvlar nisbatan ustunroq kuchga ega bo‘ladi. TSYaDRdagi va 2017 yilning 1 apreliga qadar yuritiladigan reyestrlardagi yozuvlar bir biridan farq qilganida, TSYaDRdagi yozuvlar nisbatan ustunroq kuchga ega bo‘ladi. Ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlari o‘rtasidagi farqlanishlar ta’sis hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar yoki qo‘shimchalarni kiritish yo‘li bilan tadbirkorlik sub’ektining o‘zi tomonidan amalga oshiriladi.
Shu bilan bir qatorda, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi va vakolatli organlar o‘rtasidagi hamkorlik, ma’lumotlar almashish, ularni solishtirish hamda boshqa masalalar alohida hujjatga ajratilgan, bu esa ham tegishli davlat organlari xodimlari uchun, hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun (tadbirkorlarga taalluqli bo‘lmagan ichki tartibotlarni o‘rganib chiqish zaruratini istisno qilgani holda) qo‘shimcha qulayliklar beradi.
Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida nazarda tutilgan, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini isloh qilishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish davlat xizmatining – “biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish”ning shaffofligi va sifatini sezilarli darajada oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekistonni 2017–2021 yillrda rivojlantirishga doir harakatlar strategiyasida mamlakatning Jahon banki “Doing Business” tadqiqotlaridagi davlat xalqaro reytingini oshirishni ta’minlashga oid vazifa qo‘yilgan. Demak, “O‘zbekiston Biznes-forumi” (III-faza) qo‘shma loyihasi ekspertlari baholashiga ko‘ra, korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi mexanizmi Jahon bankining navbatdagi “Doing Business-2018” tadqiqotlarida “biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” me’zoniga ijobiy ta’sir qiladi.
Jahon banki uslubiyatiga muvofiq, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish yangi tartibga ko‘ra ikkita jarayonda (birinchisi – barcha ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga qo‘yish tartibotlarini avtomatlashtirish bilan real vaqt rejimida ro‘yxatdan o‘tkazish, ikkinchisi – taqdim etiladigan qog‘oz hujjatlarni kamaytirish bilan bank hisob raqamini ochish) amalga oshiriladi. Biznes yuritishni boshlash bilan bog‘liq bo‘lgan barcha rasmiyatchiliklarni inobatga olgan holda korxonani ochish jarayoni (ushbu vaqtga firma nomini zaxiraga olib qo‘yish, ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojini to‘lash, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va ro‘yxatdan o‘tkazilgan ta’sis hujjatlarini olish, muhrni tayyorlash, soliq organlarida, statistika organlarida hamda Xalq bankida hisobga qo‘yish, shuningdek bankda hisob raqamini ochish kiradi) bir kundan kam vaqtni talab qiladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuridik shaxslar (dehqon va fermer xo‘jaliklaridan tashqari) soni 2017 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra 285,3 ming donani tashkil etganligini eslatib o‘tamiz, shundan faoliyat yuritayotganlari – 268,4 mingta yoki ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuridik shaxslar umumiy sonining 94,1 foizini tashkil qiladi.
2016 yil yakunlariga ko‘ra, 32,7 mingta korxona va tashkilotlar, shu jumladan 31,7 mingta kichik biznes sub’ektlari yangidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Yangidan tuzilgan korxona va tashkilotlarning asosiy qismi Toshkent shahri (respublikada barcha ro‘yxatdan o‘tkazilganlarning 23,7 foizi), Toshkent (9,1 foizi), Farg‘ona (8 foizi) va Samarqand (7,3 foizi) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Manba: http://www.uz.undp.org
10.02.2017
15:03