BMTTD O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish loyihalarini yo‘lga qo‘ymoqda
BMTTD O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish loyihalarini yo‘lga qo‘ymoqda
SSP va BMTTD o‘rtasidagi «O‘zbekiston biznes-forumi (III - bosqich)» loyihasi O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun huquqiy va iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishga doir yangi tashabbusni ishga tushirmoqda.
Kichik biznes sohasi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 56,9 foizini tashkil etgan holda, O‘zbekistonda 78,1 foiz aholi bandligini ta’minlaydi. Xususiy sektor aholi turmush sifatini oshirish uchun zarur bo‘lgan innovatsiyalar, texnologiyalar, infratuzilma rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shadi. Iqtisodiy o‘sishni va ish o‘rinlari yaratishni ta’minlash uchun biznes rivojlanishini rag‘batlantirish, shlarni xususiy sektorga jalb qilish BMTga a’zo-davlatlar tomonidan qabul qilingan Barqaror taraqqiyot maqsadlaridan (BTM) biri sanaladi. Jumladan, O‘zbekiston ham ushbu maqsadlarni amalga oshirish bo‘yicha majburiyatlarni qabul qilgan.
Iqtisodiy o‘sishning muhim va bir vaqtning o‘zida hayotga tatbiq etilmagan manbai ayollar tadbirkorligi bo‘lib, ular erkaklar bilan teng ravishda o‘zlari va boshqalar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratib, menejment, biznesni tashkil etish sohalaridagi muammolar borasida jamiyatga yangi yechimlarni taklif etmoqda.
Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish orqali ayollar moliyaviy hamda biznes uchun zarur boshqa resurslardan ko‘proq foydalanish imkoniga ega bo‘lib, qarorlar qabul qilinishiga ta’sir ko‘rsatmoqda hamja rivojlanib bormoqda. Aytish kerakki, daromad keltiruvchi faoliyat uy xo‘jaliklari barqarorligining mustahkamlanishi, ularning turmush darajasi o‘sishiga ta’sir ko‘rsatib, ehtiyojlar va talablarning yangi bosqichiga ko‘tarilish, shuningdek, ekologik toza mahsulotlarni ishlab chiqarish va qayta ishlash, mamlakatning oziq-ovqat va ekologik xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘sha oladigan muvaffaqiyatli ijtimoiy mas’ul ayollar biznesini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Xususan, davlat byudjetiga bo‘lgan yuklamaning kamayishi va daromad qismining o‘sishi ayollar biznesini rivojlantirishning ijobiy ta’siri hisoblanadi. Ayollar tadbirkorligi sohasida olib borilgan tadqiqotlarga binoan, odatda ayollar oila farovonligiga (bolalar salomatligi, oziqlanishi, ta’lim) erkaklarga nisbatan ko‘proq sarmoya kiritadi, shuningdek ko‘p sonli ishchilarni yollash mumkin bo‘lgan mehnati og‘ir tarmoqlarda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradilar va bu aholi bandligining o‘sishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda ayollar (50,3%) va erkaklar (49.7%) nisbatining deyarli teng ekanligi ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligidan dalolat beradi. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining baholashlariga ko‘ra, ayol tadbirkorlarning umumiy soni qariyb 52 mingtani, ya’ni jami tadbirkorlik sub’ektlarining taxminan 10 foizini tashkil etadi.
Qayd etish zarurki, amaldagi qonunchilik barcha uchun teng huquqlar va imkoniyatlarni taqdim etib, gender tengligi tamoyillarini aks ettiradi. Mazkur holat, shuningdek, Jahon bankining «Doing Business» mustaqil tadqiqotida ham o‘z aksini topgan bo‘lib, 2017 yildan boshlab unga biznes yuritish osonligini baholashda gender tengligi mezoni ham kiritildi. Shunga qaramay, ishbilarmonlik sohasida ayollarning soni kamchilikni tashkil etib kelmoqda. Lekin, joriy yil statistikasi tadbirkorlikda ayollar ulushining o‘sganidan dalolat bermoqda. Xususan, 2017 yilning 1 aprelidan 1 mayigacha yangidan ro‘yhatdan o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlarining umumiy miqdoridan 33,6 foizi yakka tartibdagi tadbirkor sifatida hamda yuridik shaxsni tashkil etishda mustaqil yoki hamkorlikda ishtirok etayotgan ayollar ulushiga to‘g‘ri keladi. Mazkur ma’lumotlarni joriy yilning 1 aprelida ishga tushirilgan avtomatlashtirilgan biznesni davlat ro‘yhatidan o‘ktazish tizimi yordamida kuzatish mumkin.
Tadbirkorlik faoliyatiga tobora ko‘proq ayollarni jalb qilish maqsadida, ularni odatiy uy-ro‘zg‘or mashg‘ulotlaridan ozod etish uchun shart-sharoitlarning yaratilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, bolaga g‘amxo‘rlik qilish uchun imkoniyatlar yaratish, masalan, maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qabul qilish sonining oshirilishi ayollarga o‘z ishini tashkil qilish va yuritish uchun vaqt ajratish imkonini berishi mumkin.
«O‘zbekiston biznes-forumi (III - bosqich)» SSP va BMTTD loyihasi doirasida tadbirkorlik faoliyatiga ayollarni jalb qilish uchun shart-sharoitlarni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Ushbu dastur ta’lim seminarlari o‘tkazilishi, ayollar tadbirkorligining biznes-modellari ishlab chiqilishi va qishloq hududlarida tarqatilishi, namunali biznes-rejalarning taqdim etilishi, ko‘chadigan mulk negizida kreditlar olish uchun imkoniyatlar yaratilishi kabi sohalarni qamrab oladi.
Litseylar va kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilari, ayollar va yoshlarni ishga joylashtirish, ularning qo‘shimcha professional ko‘nikmalarini oshirish va mehnat bozorida talab etilgan kasblarni egallashi darajasini oshirish maqsadida, maxsus bepul ta’lim va malaka oshirish kurslarini tashkil etish uchun dasturlar va metodik materiallar ishlab chiqiladi.
Avvalroq «O‘zbekiston biznes-forumi» BMTTD loyihasi Janubiy Afrikadagi «Sasol» kompaniyasining moliyaviy ko‘magida Xorazm viloyati, Urganch shahridagi tadbirkor ayol Farog‘at Saydullayeva rahbarligi ostidagi «Urganch Milliy Tikuvchilik» korxonasining kengaytirilishi hamda 200 nafar nogironlikka ega qizlarni tikuvchilik ko‘nikmalariga o‘qitish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan edi. Bugungi kunda ushbu tashabbuskor ayolning kichik korxonasi muvaffaqiyatli biznes-model sifatida ijtimoiy-mas’ul biznesning tamoyillarini amalda namoyon etayotgan bo‘lib, unda eshitish qobiliyati buzilgan xotin-qizlar ishlab, moliyaviy ta’minot va o‘zini boqa olishdan qoniqish imkoniyatiga ega bo‘lib kelmoqda.
SSP va BMTTD qo‘shma loyihasining ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga oid yana bir ijobiy misoli sifatida Namangan shahrida ochilgan Lisoblar dizayni markazini qayd etish mumkin. Mazkur markazda ishlab chiqarish amaliyotidan o‘tish orqali qizlar bozorda talab katta bo‘lgan liboslarni modellashtirish va dizayn sohasida ko‘nikmalarini oshiradilar. Natijada, ular uchun munosib ish topish yoki mustaqil ishini ochish imkoniyati yaratiladi.
Ta’kidlash zarurki, qo‘shma loyihaning ayollarni intensiv olma bog‘larini tashkil etish ishiga jalb qilish bo‘yicha tashabbusi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Xususan, O‘zbekiston sharoitlarida intensiv usulda olmalar yetishtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan amaliy qo‘llanmaga bag‘ishlab 600 ga yaqin fermer, jumladan Qashqadaryo, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlarining vakilalari ishtirokida o‘tkazilgan seminar olma bog‘lariga ishlov berishning zamonaviy texnologiyalariga oid bilimlarni oshirish, shuningdek bog‘dorchilik samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish imkonini berdi.
***
«O‘zbekiston Biznes forumi (III-bosqich)» loyihasi SSP va BMTTDning qo‘shma tashabbusi bo‘lib hisoblanadi va onlayn xizmatlarni joriy etish, me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, shuningdek inklyuziv biznes-modellarni rivojlantirish hamda qo‘llab-quvvatlar yo‘li bilan biznes yuritish uchun shart-sharoitlarni yaxshilashga yo‘naltirilgan.
30.05.2017
16:50