“Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi Ekspert kengashi tomonidan muhokama etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 iyunda qabul qilingan PF-5087-sonli “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3068-sonli “Savdo-sanoat palatasining faoliyatini tashkil etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorini ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yilning 13 iyul kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan mutassadi vazirlik va idora vakillari hamda tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida Ekspert kengashining yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19.07.17 dagi №5087 sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tayyorlangan ikkita Qonun loyihasini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi, bular – “Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi hamda Prezident Farmoniga asosan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi.
Qayd etish kerakki, “Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi davlat va biznes-jamiyat o‘rtasida samarali muloqot va sog‘lom hamkorlikning amaliy mexanizmlarini ta’minlash, xususiy mulk va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari muhofazasi kafolatlarini kuchaytirish, aholiga shaxsiy biznesini tashkil etish va yuritishda har tomonlama ko‘mak berish, tadbirkorlik sub’ektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirish, chet el investitsiyalarini jalb qilish maqsadida tayyorlangan.
Tadbir chog‘ida ta’kidlanganidek, ushbu hujjatga binoan Palataning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
- tadbirkorlik sub’ektlarini, ayniqsa ularning faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgan davrda qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini yaratish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari muhofazasi kafolatlarini kuchaytirish, xususiy mulk va tadbirkorlikning jadal rivojlanishi, ustuvor rolga ega bo‘lishi, shuningdek daxlsizligini ta’minlashga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish, respublikaning tumanlari va shaharlaridagi aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish;
- tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish, tadbirkorlik sub’ektlarini ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish jarayonlariga, tadbirkorlik faoliyati sohasida qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning amaliy ijrosi ustidan jamoatchilik ekspertizasini tashkil etish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga keng jalb qilish;
- tadbirkorlik sub’ektlariga biznesni tashkil etish, yuritish va kelgusida rivojlantirishda amaliy yordam berish, davlat organlari va bozor infratuzilmasi sub’ektlarining barcha ko‘lamdagi xizmatlaridan foydalanish uchun sharoitlar yaratish va imkoniyatlar taqdim etish, konsulьtativ yordam va axborot ta’minotini taqdim etish;
- davlat hokimiyatining barcha– qonun chiqaruvchi, sud va ijro etuvchi tarmoqlari, shuningdek bank-moliya tashkilotlari va bozor infratuzilmasining boshqa sub’ektlari bilan o‘zaro hamkorlikning yuqori mobilligi va samaradorligiga xizmat qiladigan samarali ta’sir etish tizimi va yangi ish shakllarini joriy etish;
- tadbirkorlik tuzilmalari uchun kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimining sifatini tubdan oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, ta’lim yo‘nalishlari va ixtisosliklari bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirish, har bir tuman va shaharda kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash doimiy kurslarini tashkil etish;
- respublikaning tadbirkorlik sub’ektlarini xalqaro ishbilarmonlik jamiyatiga integrallashtirish, mahalliy tashkilotlarning mahsulotlari tashqi bozorlarga chiqishini tashkil etish, chet elda milliy brendlarni faol ilgari surish, mahalliy va chet el investitsiyalarini, shuningdek zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish.
Aytish joizki, Savdo-sanoat palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ta’minlanishi samaradorligini oshirish va kafolatlarini kuchaytirish maqsadida yangi huquqlar va vakolatlarga ega bo‘ladi.
Xususan, Palataga quyidagi huquqlar taqdim etilmoqda:
- me’yoriy-huquqiy hujjatlarning loyihalari, noaniqliklar va kamchiliklarni barataraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar, shuningdek tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan qonunchilik hujjatlarini bekor qilishga oid takliflarni muvofiq idoralarga taqdim etish;
- yuzaga kelayotgan nizolarni tartibga solish uchun vositachi sifatida tegishli ma’lumot va materiallarni olish;
- jinoyat ishlarining ko‘rilishi jarayonida, shuningdek istalgan bosqichdagi sud tekshiruvlarida jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etish;
- davlat aktivlarini xususiylashtirish va alohida xizmatlarni xususiy sektorga topshirish bo‘yicha takliflarni taqdim etish;
- tadbirkorlik tuzilmalari ishchilarini o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha vazifalarni samarali bajarish maqsadida o‘quv markazlari va ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish.
- Shu bilan birga, tadbir chog‘ida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ekspert Kengashi a’zolari tomonidan ikkita qonun loyixalari bo‘yicha takliflar berildi, bu esa o‘z navbatida mazkur qonun loyixalarini qayta tayyorlashda xisobga olinadi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mazkur tadbirning axamiyatli jixati shundaki, Palataning qonunchilik faoliyatiga tadbirkorlik sub’ektlari ham jalb qilindi, bu esa ularga qonunchilikni takomillashtirishda ishtirok etish imkoniyatini berdi.
O‘zSSP axborot xizmati
13.07.2017
16:41