Mahalliy un ishlab chiqaruvchi korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 2 avgustida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida xususiy tegirmonchilarning faoliyat ko‘rsatishi uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish yuzasidan Ekspertlar kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda “O‘zbekiston Xususiy tegirmonchilar” uyushmasining mahalliy un ishlab chiqaruvchi korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflari muhokama qilindi.
Hozirgi zamonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning o‘rta sinfini shakllantirish, mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish aholi daromadlarini oshirishning eng muhim omillaridan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yig‘ilishda “O‘zbekiston Xususiy tegirmonchilar” uyushmasining mahalliy un ishlab chiqaruvchilarni qiynayotgan muammolar, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning mahalliy un ishlab chiqaruvchilar faoliyatigi salbiy ta’sir etayotganligi hamda sohadagi mahalliy un ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlanishida amaliy yordam berilishi yuzasidan murojaati asosida Ekspertlar kengashi yig‘ilishida tadbirkorlar, manfaatdor davlat tashkilotlari vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili ishtirokida tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar muhokama qilindi. Xususan, import qilinayotgan bug‘doy uni uchun aktsiz solig‘i 5% ga pasaytirilishi hamda Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli hududida yuk tashish tariflarining ikki barobarga oshishi mahalliy un ishlab chiqaruvchilar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bir qator korxonalar tanazzul yoqasiga kelib qolmoqda, ba’zilari esa faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda.
Mahalliy un ishlab chiqaruvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ularga qulay ishbilarmonlik muhitini yaratib berish maqsadida manfaatdor tashkilotlar vakillari hamda tadbirkorlarning takliflari tinglandi. Xususan, respublika soliq siyosati va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga o‘zgartirishlar kiritish masalalari muhokama qilindi.
O‘zSSP axborot xizmati
03.08.2017
12:19