Tadbirkorlik subektlari huquqlarini himoya qilishda hakamlik sudlarining roli
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 iyundagi “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5087-son Farmoni ijrosi yuzasidan shu yilning 2 avgustida Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan “Tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarini himoya qilishda hakamlik sudlarining roli” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminarda Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj (hakamlik) sudining raisi, huquqshunos olim Foziljon Otaxonov ishtirok etib, hakamlik sudlarining huquqiy asoslari, nizolarni tezkor va tejamli hal qilishdagi afzalliklariga alohida e’tibor qaratdi.
Seminarda ta’kidlanganidek, hakamlik sudlarining nizolarni muqobil hal etishda asosiy nodavlat organ sifatidagi faoliyat ko‘lami yildan yilga kengayib bormoqda. Chunki buning uchun mamlakatimizda hakamlik sudlari faoliyatini tartibga soluvchi bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonunida hakamlik sudlari faoliyatining asosiy printsiplari, ularni tashkil etish va hisobini yuritish tartibi, mazkur sudlar tomonidan hal etiladigan nizolar, hakamlik bitimi shakli va mazmuni, hakamlik sudьyasiga qo‘yiladigan talablar, hakamlik sudining tarkibini shakllantirish, nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlar, hakamlik muhokamasi, hakamlik sudining hujjatlari, hakamlik sudining hal qiluv qarori yuzasidan nizolashish va uni ijro etishga oid normalar belgilanganligi qayd qilindi.
Hakamlik sudlari fuqarolik jamiyatining muhim institutlaridan bir bo‘lganligi sababli ularni tashkil etish va faoliyat yuritishi nafaqat normativ-huquqiy hujjatlar, balki ularni tashkil etayotgan yuridik shaxslarning lokal hujjatlari (doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining qoidalari, ya’ni nizomi va reglamenti) bilan ham tartibga solinishi uning o‘ziga xos xususiyati ekanligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari huzurida tashkil qilingan 15 ta hakamlik sudlari tomonidan 2007 yildan 2017 yilgacha (6 oyigacha) da’vo summasi 411,3 mlrd. so‘m, 48,8 mln. AQSh dollari va 195 025 EVRO ni tashkil qilgan jami 8689 ta ishlar ko‘rilganligi qayd etildi. Shuningdek Palata a’zolari hakamlik sudiga imtiyozli asosda murojaat qilishlari mumkinligi, ya’ni ular uchun hakamlik yig‘imining miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan summaning 75 foizini tashkil qilishi ta’kidlandi.
Konferentsiyada vakolatli sudlar (iqtisodiy va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar) tomonidan hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish va uni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari atorflicha yoritildi.
Hakamlik sudlarida nizolarni tezkor, qonuniy, adolatli hal qilish ko‘p jihatdan hakamlik sudьyalarining bilim darajasi, amaliy tajribasiga bog‘liqligiga e’tibor qaratilib, ularni malakasini oshirishning dolzarb muammolari seminar ishtirokchilari tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.
Seminar ishtirokchilari tomonidan hakamlik muhokamasining huquqiy asoslarini takomillashtirish, vakolatli sudlar bilan hakamlik sudlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, hakamlik sudьyalari va hakamlik sudьyaligiga nomzodlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, nizolarni qo‘rib chiqish bo‘yicha xakamlik sudьyalari o‘rtasida tajriba almashish, hakamlik sudlari xal qiluv qarorlari ijrosini ta’minlash kabi masalalar bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
O‘zSSP axborot xizmati
03.08.2017
12:54