Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O'zbekistonlik tadbirkorlar bilan uchrashdi
“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida “Evropa tiklanish va taraqqiyot bankining kichik va o'rta biznes sub'ektlari bilan hamkorlik mexanizmlari” mavzuida o'tkazilgan seminar-treningda yurtimizda iqtisodiyotning real sektori — tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirish, kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini oshirish masalalari muhokama etildi. O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Navoiy viloyati hokimligi hamkorligida tashkil qilingan tadbirda Buxoro, Samarqand hamda Navoiy viloyatlarida faoliyat yuritayotgan kichik biznes sub'ektlari vakillari qatnashdi.
Tadbirda mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada ravnaq toptirish maqsadida turli imtiyoz hamda preferensiyalar qo'llanilayotgani, ayniqsa, xalqaro moliya institutlari bilan yo'lga qo'yilgan hamkorlik, xorij investitsiyalarini keng jalb etish chora-tadbirlari ijobiy samaralar berayotganligi aniq raqamlar asosida ta'kidlab o'tildi. Xususan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlik yillarida iqtisodiyotimizning turli tarmoqlariga 500 million AQSH dollaridan ziyod mablag' jalb qilinib, buning natijasida 54 loyiha amalga oshirilgan.
Shuningdek, seminarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 16 mart kuni mamlakatimizga kelgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti bilan uchrashuvida bank tomonidan kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlashga doir o'zaro manfaatli hamkorlik o'rnatish masalalariga alohida e'tibor qaratilgani bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko'tarishga xizmat qilayotganligi e'tirof etildi.
— Tadbirkorligimiz to'qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga yo'naltirilgan, — deydi Navoiy shahrilik ishbilarmon Ifora Murodova. — Kelgusida biznesimizni zamonaviy texnologiyalar asosida kengaytirish niyatidamiz. Seminarda tadbirkorlar uchun yaratilgan qo'shimcha yangiliklar xususida atroflicha ma'lumot oldik. Ushbu nufuzli bank vakillarining biz, tadbirkorlar bilan uchrashib, o'z takliflarini bergani hamda hamkorlik o'rnatishni taklif qilgani katta imkoniyatdir.
Evropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo hamda Rossiya bo'yicha boshqaruvchi direktori Natalya Xanjenkovaning bildirishicha, mamlakatimizda kichik va o'rta biznesni yanada taraqqiy toptirish, ularga moliyaviy ko'mak berish maqsadida tijorat banklari bilan hamkorlikda tizimli ishlar yo'lga qo'yiladi. Bu tabiiyki, mahalliy tadbirkorlik sub'ektlarini modernizatsiyalash hamda ularning o'z raqobatdosh mahsulotlari bilan jahon bozoriga chiqishida muhim omil bo'ladi.
— O'zbekistonlik ishbilarmonlar bilan bo'lib o'tgan samimiy muloqot menda katta taassurot qoldirdi, — deydi N. Xanjenkova. — Seminardan avval “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, amin bo'ldimki, yurtingizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun imkoniyatlar keng. Biz kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillarini qo'llab-quvvatlash borasida o'z vazifalarimizni belgilab oldik. Bu boradagi ilk loyihalarni muhokama etdik. Ishbilarmonlarga qanday konsalting xizmatlari ko'rsatish lozimligi bo'yicha rejalar tuzdik. Umid qilamizki, yurtingizda kichik biznesni yanada rivojlantirish bo'yicha mamlakatingiz Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikdagi ishlarimiz o'z samarasini beradi. Seminarda viloyat hokimi Q. Tursunov ishtirok etdi.
Manba: «xs.uz»
05.10.2017
12:31