O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi o'rtasida hamkorlik bitimi imzolandi.
Tadbirkorlik har qanday mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, yangi ish o'rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishda eng muhim omil sanaladi. Shu boisdan bugungi kunda mamlakatimizda kichik biznes va tadbirkorlikka e'tibor qaratilayotgani ham bejiz emas. Taraqqiyotning hozirgi bosqichida biznesni rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash masalalarida shakllangan yondashuvlarni qaytadan ko'rib chiqish, tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishning yangi tizimini yaratish borasida Prezidentimiz tashabbusi bilan chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2017 yil 19 iyundagi "Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmonini ijro etish va O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatini samarali tashkil etilishini ta'minlash maqsadida qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish to'g'risida”gi Qarorlari sohani yanada rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi.
Mazkur jarayonda qonunchilik, sud va ijro etuvchi hokimiyatlar, shuningdek, bank-moliya tashkilotlari va bozor infratuzilmasining boshqa sub'ektlari hamda nodavlat tashkilotlari o'rtasida o'zaro hamkorlikda ish olib borish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari o'zlari saylangan hududlarda tadbirkorlik sub'ektlari bilan bevosita muloqotlar olib borib, ularning qiynayotgan masalalarni yechish bo'yicha amaliy chora-tadbirlarni ko'rish bilan bir qatorda qonunchilikni takomillashtirish yo'nalishida faoliyat olib borishmoqda.
Ushbu vazifalar ijrosini ta'minlash, xususan tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishi, uning huquqiy kafolatlarini yanada mustahkamlash maqsadida joriy yilning 20 oktyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi o'rtasida hamkorlik bitimi imzolandi.
Mazkur bitim tomonlar o'rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirish hamda xususiy mulkchilik va tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli muhofaza qilishga qaratilgan muhim huquqiy hujjat hisoblanadi.
Hamkorlik bitimida xususiy mulkchilikni va tadbirkorlikni rivojlantirish bo'yicha ekspert guruhlarini shakllantirish, Qonunchilik palatasida qabul qilinadigan qonun loyihalarining ishlanishi va qabul qilinishi jarayonlariga Savdo-sanoat palatasi vakillarini jalb etish, shuningdek, joylardagi haqiqiy holatni o'rganishda hamda qonun hujjatlarini nazorat-tahlil tartibida o'rganishda palata vakillari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib borish ko'zda tutilgan.
Shu bilan birga, tadbirkorlik sohasiga oid qonun loyihalari ishlab chiqilishida qonun loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholash bo'yicha xulosalar Savdo-sanoat palatasi tomonidan taqdim etib borilishi belgilanmoqda.
Tadbirda ishtirokchilar tomonidan tadbirkorlar huquqlarini ta'minlash va xususiy mulkni ishonchli himoya qilish jarayonida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, huquqni muhofaza qilish organlari va jamoat tashkilotlarining o'zaro hamkorligi muhim o'rin tutishi alohida ta'kidlandi. Bu jarayonda tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risidagi qonunchilik talablarining qat'iy ijro etilishi, tadbirkorlik sub'ektlarining qonuniy manfaatlari va huquqlari poymol etilgani uchun mas'ul shaxslar, jumladan, nazorat, huquqni muhofaza qilish va vakolatli davlat organlarining javobgarligi ta'minlanishi ustidan nazoratni kuchaytirish o'z samarasini berishi qayd etildi.
20.10.2017
15:37