Eksport salohiyatini oshirish – eng muhim va dolzarb vazifa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2017-yil 25-dekabr kuni mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezidentning Davlat maslahatchilari, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, tegishli vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi. Shuningdek, videokonferensiya aloqasi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar rahbariyati, mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralarning hududiy tuzilmalari, eksportchi korxonalar va fermer xo‘jaliklari rahbarlari qatnashdi.
Yig‘ilishda 2017-yil yakuni bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari to‘liq bajarilishini ta’minlash, milliy mahsulotlar eksporti geografiyasini kengaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksport sohasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini tashqi bozorlarga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari iqtisodiyotning barqaror va yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolishning eng muhim omillaridan biri bu mamlakat eksport salohiyatini yuksaltirish va milliy mahsulotlarning tashqi bozordagi raqobatbardoshligini oshirish ekanini ta’kidladi.
Mamlakatimiz iqtisodiy siyosatida noreal raqamlar ortidan quvish, amalda samara bermaydigan rejalar haqida balandparvoz gaplar bilan so‘z yuritishdek noma’qul ish uslubi tanqid qilindi.
Muayyan natijaga erishishni maqsad qilgan holda ish yuritishni tashkil qilish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2017-yilda iqtisodiy o‘sish 5,5 foizni tashkil etdi, eksport hajmi qariyb 15 foizga ko‘paydi. 2018-yilda eksportning umumiy moliyaviy qiymati 12,1 milliard AQSh dollariga teng bo‘lishi kutilmoqda.
Yig‘ilishda keyingi bir yilda tadbirkorlarning eksport sohasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahsulotlarni oldindan to‘lov asosida eksport qilish, valyuta tushumlarini majburiy sotish, hozirgi kun talabiga javob bermaydigan, ortiqcha ruxsatnomalarni bekor qilish hamda eksport faoliyatida soliq imtiyozlarini qo‘llashni kengaytirishga doir qator farmon va qarorlar qabul qilingani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining parlamentga Murojaatnomasida belgilanganidek, 2018-yilda eksport sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga yana bir bor to‘xtalib o‘tildi. Ya’ni Markaziy Osiyo mamlakatlari va yirik sheriklarimiz – Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, AQSh, Turkiya va boshqa mamlakatlarga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan kelishuvlarni bajarish bo‘yicha qabul qilingan “yo‘l xaritalari” o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash zarur. Tadbirkorlik subyektlarini bojxona ko‘rigidan o‘tkazishda xavf-xatardan ogoh etish tizimini joriy qilish, bojxona organlari tomonidan beriladigan ortiqcha va zamon talabiga javob bermaydigan litsenziya va ruxsatnomalarni bekor qilish lozim. Meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmini yiliga 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha strategiya ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.
Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari hamda hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi va muhokama qilindi. Ayrim tarmoqlar va hududlar rahbarlarida mas’uliyat, talabchanlik va tashabbuskorlik yetishmayotgani, eksport dasturini bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilindi.
Davlatimiz rahbari tegishli mutasaddilarga mamlakat eksport salohiyatini oshirish, eksport geografiyasi va nomenklaturasini kengaytirish, eksportchi korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangi tadbirkorlik subyektlarini eksport faoliyatiga jalb qilish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.
Manbaa: O'zA
26.12.2017
13:19