Prezidiumi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Prezidiumi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Kun tartibiga Savdo-sanoat palatasi tomonidan 2017 yil II-chi yarim yilida amalga oshirilgan ishlar va 2018 yildagi ustuvor vazifalarga oid va boshqa masalalar kiritilgan.
Tadbirni Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov ochib berdi va 2018 yil “Faol tadbirkorlik va innovatsion g'oya va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili” deb e'lon qilinishi Palata faoliyatiga yanada ko'proq mas'uliyat yuklashini ta'kidlab, bunda tashkilot tomonidan 2018 yilda amalga oshirilishi ko'zda tutilgan muxim vazifalar bo'yicha zarur kompleks chora-tadbirlar belgilanganligini bildirdi. Jumladan, mamlakatimizda ro'y berayotgan keng islohotlarning va xukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan meyoriy xukukiy xujjatlarning hayotga tatbiq etilishi, tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari muhofazasi kafolatlari kuchayishi, biznesni tashkil etish va yuritishda har tomonlama ko'mak ko'rsatilishi, sifatli davlat xizmatlarini taqdim etilishi, hamda biznes-muhiti yaxshilanishi, tadbirkorlikning jadal rivojlanishi, chet el investitsiyalarining keng jalb qilinishi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsuloti tashqi bozorlarga chiqishiga keng imkoniyatlar yaratib berilayotganini ta'kidlab o'tdi.
Tadbir davomida Raisning birinchi o'rinbosari I.Jasimov ma'ruzasi tinglandi, unda aholini tadbirkorlik faolligini yanada oshirish va ularning o'z biznesini boshlashga da'vat etish, tadbirkorlik faoliyatining barcha bosqichlarida yuzaga kelayotgan muammolarni ortiqcha to'siqlarsiz hal etishga qaratilgan bozor infratuzilmasini barqaror ishlashini muvofiqlashtiruvchi amaliy mexanizmlarni yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.
O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hisobot davrida 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19-iyunida qabul qilingan №5087-sonli “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan mohofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoniga muvofiq o'ziga yuklatilgan vazifalar va berilgan vakolatlardan kelib chiqqan holda Palata o'z faoliyatini mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb vazifalari va asosiy yo'nalishlarini amalga oshirishga qaratdi.
Jumladan, tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish sohasida joriy hisobot davrida Palata rahbariyati o'zining asosiy e'tiborini tadbirkorlik sub'ektlarini, ayniqsa o'z faoliyatini yo'lga qo'yish davrida ularni qo'llab-quvvatlashning samarali tizimini yaratish, ularning xuquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli muhofazasining kafolatlarini kuchaytirish, xususiy mulk va tadbirkorlikning ustuvor roli va daxlsizligini ta'minlash borasida samarali tizim yaratishga qaratdi.
Xususan, jami 339 ta qonun boshqa me'yoriy hujjatlar loyihalari ko'rib chiqildi va 139 ta loyihalar bo'yicha tadbirkorlik faoliyati rivojiga to'sqinlik qiluvchi yoki cheklovchi me'yoriy-xuquqiy hujjatlarga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish, shuningdek ularni bekor qilish zaruriyati to'g'risida tavsiyalar bayon etilgan hulosa tayyorlandi hamda qonunchilik va ijro etish hokimiyati organlariga taqdim etildi.
Me'yoriy-xuquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik ekspertizasidan o'tkazish maqsadida ko'p yillik tajribaga ega, o'z sohasining mutaxassisi bo'lgan tadbirkorlik sub'ektlari, hamda tegishli malakaga ega bo'lgan vazirlik va mutasaddi idora vakillari va tadbirkorlardan iborat Ekspert kengashlari quyidagi yo'nalishlarda tashkil etildi va ular tomonidan turli mavzularda jami 27-ta Ekspert kengashlari o'tkazildi. Ekspert kengashlari bo'yicha muammo va takliflar yuqori turuvchi organlar, xususan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Biznes Ombudsmanga yuborilib, kengashlarda ko'tarilgan masalalar ijobiy hal etilib kelinmoqda.
Tadbirkorlik sub'ektlari manfaatlarini xuquqiy himoyasini ta'minlash
Tadbirkorlik sub'ektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish Farmonga ko'ra Palata faoliyatining asosiy yo'nalishlari etib belgilangan. Bu borada tizimli ravishda ishlar olib borilib, quyidagi natijalarga erishildi. Palata Ijro Qo'mitasi va hududiy tuzilmalari tomonidan Palata a'zolari manfaatida jami 44 059 ta da'vo arizalari kiritildi, shundan: 34 366 tasi qanoatlantirilgan, 217 tasi bo'yicha rad etilgan, qolganlari esa xozirda sudlarda ko'rilmoqda; 565 ta holatda tadbirkorlik sub'ektlari o'rtasida vujudga kelgan nizolar sudgacha nizoni hal etish (mediatsiya) jarayonida hal etilgan.
Tadbirkorlik sub'ektlarida o'tkaziladigan tekshiruvlarda huquqiy himoyalash
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan 2017 yilda jami 4837 ta tadbirkorlik sub'ektida o'tkazilgan rejali tekshirishlarda Palata xodimlari tomonidan jami 3799 ta sida monitoring yuritildi.
Ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash sohasida
O'zbekiston Savdo-sanoat palatasining asosiy vazifalari va faoliyat yo'nalishlari biri bu Palataning ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash sohasidagi muhim vazifalaridan biri sifatida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhiti va investitsiya muhitini shakllantirish bo'yicha davlat dasturlari, shuningdek, hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etishdir. Ushbu yo'nalishda hisobot davrida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi 145 ta tuman (shahar)da mahallalar kesimida bo'sh turgan yoki to'la quvvatda foydalanilmayotgan bino-inshootlar va yer maydonlari xatlovdan o'tkazildi va ulardan foydalinish bo'yicha 22 ming ortiq ish o'rniga mo'ljallangan loyihalar ishlab chiqildi.
Tadbirkorlik faoliyatiga ko'maklashishi sohasida
Palata joriy hisobot davrida tadbirkorlik faoliyatiga ko'maklashish sohasida, jumladan tadbirkorlik sub'ektlariga biznesni tashkil etish, yuritish va yanada rivojlantirishda amaliy yordam ko'rsatish, davlat organlari va bozor infratuzilmasi sub'ektlari xizmatlaridan foydalanish bo'yicha imkoniyatlar va sharoitlar yaratish, maslahat yordami va axborot ta'minotini taqdim etish kabi vazifalari ustida tizimli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, Palata IQ tarkibiy bo'linmalari 12 xil va uning xududlardagi TKMlari 30 xil pulli va pulsiz xizmatlarini hozirda faoliyat ko'rsatayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga, ayniqsa yangidan o'z biznesini boshlayotgan tadbirkorlarga taqdim etib, ularni Palata safiga qabul qilish ustida ish olib borildi.
Palata qoshida jami 6 ta o'quv markazlari, xususan Qoraqalpog'iston Respublikasida, Qashqadaryo, Namangan, Buxoro, Surxondaryo, Samarqand viloyatlarida nodavlat ta'lim muassasalari tashkil etilgan bo'lib, 2017 yilda jami 3 883 ta faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va tadbirkorlikni boshlash istagida bo'lgan fuqarolar tadbirkorlik asoslari bo'yicha o'qitildi.
Germaniya xalqaro xamkorlik markazi moliyaviy ko'magida 27 nafar tadbirkorlik sub'ektlari vakillari “Boshqaruv kadrlarini tayyorlash dasturi” doirasida Germaniyada tashkil etgan xorijiy amaliyotda ishtirok ettilar.
Tadbirkorlik sub'ektlarining eksport salohiyatini oshirish va eksportga ko'maklashish borasidagi ishlar bo'yicha
Xorijiy davlatlar, birinchi navbatda, qo'shni davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish choralari amalga oshirildi. Shular qatorida:
- chet el kapitali ishtirokida 30 ta qo'shma korxona va 39 ta xususiy ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etishda yordam ko'rsatildi hamda tadbirkorlik sub'ektlariga zamonaviy texnologiyalar va asbob-uskunalarni olib kirishda faol ish olib borildi;
- 231 ta korxonaga umumiy qiymati 112 mln. AQSH dollariga teng mini-texnologiyalar va uskunalarni topish va xarid qilishda bevosita yordam ko'rsatildi;
- 215 ta mahalliy tadbirkorlik sub'ektlariga jami 59,0 mln.dollar miqdorida o'z mahsulotlarini xorijiy davlatlarga eksport qilishga ko'maklashildi;
- Tashqi ishlar vazirligi va Tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda Qozog'iston, Tojikiston, Latviya, Qirg'iziston va Tataristonda “O'zbek milliy tovarlari ko'rgazmasi” o'tkazilib, umumiy qiymati 63, 552 mln. AQSH dollariga teng bo'lgan 138 ta hujjat imzolandi;
- 22 ta xalqaro ko'rgazma va yarmarkalarda SSP a'zolarining ishtiroki ta'minlandi va umumiy qiymati 20,917 mln. AQSH dollariga teng bo'lgan 146 ta hujjat imzolandi;
- Rossiya Federatsiyasi, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Chexiya, Shvetsiya, Belgiya, Estoniya, Germaniya, Gretsiya, Turkiyaning ishbilarmon doiralari tashriflari amalga oshirilib 21 ta biznes-forumlar tashkil etildi va ular natijasida O'zbekistonda 10 ta qo'shma korxonalarni tashkil etish va boshqa bir qator kelishuvlarga erishildi.
Ta'kidlash lozimki, chet el davlatlarida O'zbekiston tadbirkorlari ishtirokida 9 ta biznes forumi tashkil etildi.
I.Jasimov o'z ma'ruzasining so'ngida joriy yil “Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oya va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili” deb nomlanganligi aynan faol tadbirkorlarni, ya'ni raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga qodir, eng muhimi, yangi ish o'rinlari yaratib, nafaqat o'zini va oilasini boqadigan, balki butun jamiyatga naf keltiradigan ishbilarmon insonlarni qo'llab-quvvatlash Palataning ustuvor vazifasi etib belgilanishi zarurligini ta'kidladi.
Prezidium davomida ishtirokchilar tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlis palatalariga qilgan Murojaatnomasida xam Palata oldida qo'yilgan vazifalar bo'yicha 2018 yilda amalga oshirilishi lozim bo'lgan muxim vazifalar belgilab olindi.
O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi
17.01.2018
15:17