Biznes hamjamiyat va davlat o'rtasida samarali muloqotni yo'lga qo'yish - barqaror investitsiya muhiti kafolatidir
Mintaqalarga investorlarni qanday qilib jalb etish mumkin va ular uchun qanday shart-sharoitlar yaratish zarur? Moliya tuzilmalariga bo'lgan ishonch darajasini qanday qilib oshirish kerak? Bu jarayonda mahalliy davlat hokimiyati organlarining roli qanday?
“Iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va mamlakat mintaqalarining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish: mavjud muammolar hamda ularning yechimlari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari shu va boshqa masalalarga javob izladilar.
2018 yil 12 aprel kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur anjumanda manfaatdor vazirlik va idoralar, viloyat hokimliklari mutasaddilari, erkin iqtisodiy zonalar rahbarlari, shuningdek 25 ta xorijiy mamlakat vakillari, shu jumladan diplomatik missiyalar, xalqaro tashkilotlar va biznes tuzilmalar vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, hozirgi vaqtda O'zbekiston zamon talablariga javob beradigan keng ko'lamli islohotlarni amalga oshirish bosqichida turibdi. Iqtisodiyotni yanada erkinlashtirishga, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashga, joylarda tadbirkorlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qonunlar, farmonlar va qarorlar qabul qilindi hamda ular izchil ijro etilmoqda. Olib borilayotgan islohotlar tadbirkorlik faoliyatini yuritish, ruxsat berish tartib-taomillaridan o'tish, litsenziyalar olish bilan bog'liq jarayonlarni soddalashtirishga, umuman olganda, davlat tomonidan boshqaruvni kamaytirishga qaratilgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida xorijiy investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish, ishlab chiqarishning yangi turlarini yaratish, ish o'rinlarini tashkil etish borasida hokimlarning, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining faolligini oshirish zarurligi haqida so'z yuritilgan edi. Sarmoyadorlar uchun joylarda yaratilgan shart-sharoitlar bo'yicha reytingni e'lon qilib borish, hududlar rahbarlarining faoliyatini mazkur ko'rsatkichlar asosida baholash taklif etilgan edi.
Bularning barchasi, pirovardida, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlariga va hududlariga xorijiy investitsiyalar jalb qilishni yanada rag'batlantirishga qaratilgan. Bu 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalardan birini bajarish, ya'ni investitsiya muhitini yaxshilash orqali amalga oshiriladi. Shu bilan birga, mazkur ustuvor vazifaning bajarilishi BMTning barqaror iqtisodiy o'sishni, yangi ish o'rinlari tashkil etishni va O'zbekiston aholisining turmushini yaxshilashni nazarda tutuvchi Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish imkonini beradi.
Ma'lumki, qulay investitsiya muhitini yaratish jarayoni amaliyotdagi dolzarb muammolarni aniqlashdan boshlanadi. Aynan shu maqsadda 2018 yil 25 mart - 5 aprel kunlari Oliy Majlis Senati tomonidan Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda mahalliy hokimiyat organlari, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari vakillari, shuningdek tadbirkorlar orasida O'zbekiston Respublikasi mintaqalari kesimida tadbirkorlik faoliyatini yuritish shart-sharoitlari to'g'risida so'rov o'tkazildi. So'rov natijalari konferensiya mobaynida namoyish etildi.
Mazkur so'rov ko'rsatishicha, olib borilayotgan islohotlar tadbirkorlar tomonidan to'la qo'llab-quvvatlanmoqda hamda ularning xohish-istagiga va biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadlariga mos keladi. Bundan tashqari, amaliyotning ko'rsatishicha, hokimiyat va biznes hamjamiyat vakillari o'rtasida ochiq, tanqidiy muloqot tashkil etish aniqlangan muammolarni tezroq hal qilishda muhim omil hisoblanadi.
Hokimiyat organlari, biznes hamjamiyatlar, yetakchi xalqaro konsalting kompaniyalari va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari O'zbekiston mintaqalarida tadbirkorlik muhitini rivojlantirishga keng imkoniyat beradigan hamda bu yo'lda to'siq bo'ladigan masalalarni, shuningdek so'rov yakunlari bo'yicha aniqlangan muammolarni muhokama qildilar. Tadbir chog'ida ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo'l-transport va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirish, shuningdek “bir darcha” prinsipi asosida sifatli xizmatlar ko'rsatish bo'yicha zamonaviy tizimni shakllantirish, xorijiy sarmoyadorlar va chet el investitsiyasiga ega korxonalar uchun kafolatlar hamda imtiyozlarni kuchaytirish muhim ekani qayd etildi.
Muhokama yakunlari bo'yicha bu sohadagi ishlarni yanada takomillashtirishga, tadbirkorlik muhitini yaxshilash bo'yicha zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqishga, hududlarni rivojlantirish va O'zbekistonga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish yo'lidagi dolzarb muammolarni bartaraf etishga qaratilgan tegishli tavsiyalar qabul qilindi.
12.04.2018
12:15