O'zSSP “Filmning ommaviy namoyishini amalga oshirishga ruxsatnoma berish tartibi to'g'risidagi Nizomni tasdiqlash to'g'risida”gi Qarori loyihasini ko'rib chiqdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 iyundagi “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF-5087-sonli Farmonining 5-bandiga asosan O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholash to'g'risidagi xulosani berish bo'yicha vakolatli organ sifatida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari o'rganildi.
Misol uchun, “O'zbekkino” milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilgan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Filmning ommaviy namoyishini amalga oshirishga ruxsatnoma berish tartibi to'g'risidagi Nizomni tasdiqlash to'g'risida”gi Qarori loyihasi o'rganilib, ushbu loyiha yuzasidan quyidagi tavsiyalarni o'z ichiga olgan Xulosa berildi:
1. Qaror loyihasi 1-ilovasining 9-band ikkinchi xatboshisiga ko'ra, ruxsat beruvchi talablar va shartlar sifatida “filmning ommaviy namoyishini amalga oshirishda qonun hujjatlariga, jumladan, faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar, bolalarni ularning sog'lig'iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya qilish” belgilangan.
Ruxsat beruvchi talab va shartlarga faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya qilishning kiritilishi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 apreldagi PF-5409-sonli farmoni 1-ilovasi 4-bandi talablariga zid kelmoqda.
Unga ko'ra, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 15 martdagi 72-son qarori bilan tasdiqlangan audiovizual asarlarni tayyorlash, dublyaj qilish va ekranda namoyish qilish bo'yicha faoliyat turlarini litsenziyalash to'g'risidagi nizom va ushbu turdagi litsenziyani filmlarni namoyish qilish uchun “O'zbekkino” milliy agentligi tomonidan bir martalik ruxsatnomani berishni kiritish bilan bekor qilish belgilangan.
Shu bois, ushbu banddagi “faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash” so'zlarini “tadbirkorlik faoliyatida ruxsat berish tartib-taomillari” so'zlariga almashtirish taklif etildi.
2. Qaror loyihasi 1-ilovasining 9-band beshinchi xatboshisiga ko'ra, ruxsat beruvchi talablar va shartlar sifatida “filmning ham vizual ham musiqasida plagiat va ko'chirmakashlik unsurlari bo'lishiga yo'l qo'ymaslik” belgilangan.
Plagiat va ko'chirmakashlik unsurlari mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to'g'risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Ushbu bandning ikkinchi xatboshisida esa ruxsat berish talablari va shartlari sifatida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to'g'risidagi qonun hujjatlariga amal qilish keltirilgan. Loyihada bir holatni qaytadan alohida bir talab sifatida kiritish shart emas.
Shu sababli, ushbu banddan beshinchi xatboshini chiqarib tashlash tavsiya etildi.
3. Qaror loyihasi 1-ilovasining 11-band “a” kichik bandiga ko'ra, filmning ommaviy namoyishini amalga oshirish uchun ruxsatnoma olishda arizachi “ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakl bo'yicha ruxsatnoma berish to'g'risida arizani” taqdim etishi belgilangan.
Mazkur bandning boshqa kichik bandlarida taqdim etilishi nazarda tutilgan hujjatlar ilovadagi ariza shaklida ham nazarda tutilgan.
Bu orqali, bir turdagi hujjatlarni taqdim etish alohida-alohida shart sifatida belgilangan.
Shu bois, ushbu banddan “b”, “v”, “g”, “d”, “e”, “yo”, “j” kichik bandlarini chiqarib tashlash lozim.
4. Qaror loyihasi 1-ilovasining 15-bandiga ko'ra, “Ruxsatnoma olish uchun zarur bo'lgan hujjatlar ariza beruvchi tomonidan vakolatli organga bevosita, olinganligi tasdiqlangan holda pochta aloqasi orqali yoki elektron shaklda taqdim etiladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar ariza beruvchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi”, - deb belgilangan.
Ushbu bandda arizani elektron shaklda topshirish mumkinligi belgilangan.
Ammo, loyihada Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 sentyabrdagi 728-son qarori talablari inobatga olinmagan. Ya'ni, loyihada Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron davlat xizmatlarini ko'rsatish umuman nazarda tutilmagan.
Xususan, ushbu portal orqali arizani qabul qilish, uning qabul qilingan vaqti, arizani ko'rib chiqish va uning natijasi haqida arizachini xabardor qilish tartiblari yoritilmagan.
Shu bois, loyihada mazkur masalalarni alohida belgilash tavsiya etiladi.
5. Qaror loyihasi 1-ilovasining 17-bandiga ko'ra, “Filmning ommaviy namoyishini amalga oshirishga ruxsatnoma olish uchun hujjatlar vakolatli organ tomonidan 15 kundan oshmagan muddatda ko'rib chiqiladi”, - deb belgilangan.
Ammo, loyihaning 25-, 26-, 29-bandlariga ko'ra, arizachi tomonidan berilgan barcha hujjatlarni qabul qilish, tayyorlash va ekspert komissiyasining ko'rib chiqishi uchun kiritish ariza berilgan kundan boshlab 3 kundan kechiktirmasdan, arizani ekspert komissiyasi tomonidan ko'rib chiqish 12 kundan ortiq bo'lmagan muddatda amalga oshirilishi, ruxsatnomani berish yoki uni berishni rad etish to'g'risidagi buyruqlar vakolatli organ tomonidan – ekspert komissiyasi xulosasi tasdiqlangan kundan boshlab 2 ish kunidan ortiq bo'lmagan muddatda chiqarilishi nazarda tutilgan.
Ushbu bandlarda belgilangan muddatlar umumiy hisobda 17 kunni tashkil etmoqda. Bu esa, 17-band talablariga zid keladi.
Shu bois, loyihadagi mazkur muddatlarni o'zaro muvofiqlashtirish tavsiya etiladi.
6. Qaror loyihasi 1-ilovasining V bobi “Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, dublikatlar berish”, - deb nomlangan.
Loyihaning 19-bandiga ko'ra, ruxsatnoma cheklanmagan muddatga berilishini inobatga olgan holda, shuningdek, ushbu bobda ruxsatnomani uzaytirish bilan bog'liq normalar belgilanmaganligidan kelib chiqib, mazkur bobning nomidan “uning amal qilish muddatini uzaytirish” so'zlarini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
7. Nizom loyihasining 3-ilovasi bilan filmning ommaviy namoyishini amalga oshirishga ruxsatnoma berish to'g'risidagi arizaning namunaviy shakli tasdiqlangan.
Uning “v” kichik bandiga ko'ra, filmning ommaviy namoyishini amalga oshirish uchun ruxsatnoma olishda ariza beruvchi “yuridik shaxs davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risidagi guvohnomaning nusxasini” arizaga ilova qilishi belgilangan.
Ushbu norma bilan tadbirkorlik sub'ektlariga ortiqcha majburiyat yuklanmoqda.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 sentyabrdagi 728-son qarori bilan idoralararo elektron hamkorlik — davlat organlari o'rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali ma'lumotlar almashuvi yo'lga qo'yilganligi hamda boshqa vakolatli organlarda mavjud bo'lgan zarur hujjatlar va axborotlarni belgilangan tartibda o'zaro axborot hamkorligi yo'li bilan olish mumkinligi belgilangan.
Shu bois, loyihadan ushbu kichik bandni chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
8. Arizaning “g” kichik bandiga ko'ra, filmning ommaviy namoyishini amalga oshirish uchun ruxsatnoma olishda tadbirkorlik sub'ekti “ariza beruvchining filmdan foydalanishga huquqini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi (mutlaq huquqlarni begonalashtirish to'g'risida shartnoma, filmni yaratish, tarqatish, ommaviy namoyish etishga berilgan litsenziya shartnomasi)ni” arizaga ilova qilishi belgilangan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 apreldagi PF-5409-sonli farmoni 1-ilovasi 4-bandiga ko'ra, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 15 martdagi 72-son qarori bilan tasdiqlangan audiovizual asarlarni tayyorlash, dublyaj qilish va ekranda namoyish qilish bo'yicha faoliyat turlarini litsenziyalash to'g'risidagi nizom va ushbu turdagi litsenziyani filmlarni namoyish qilish uchun “O'zbekkino” milliy agentligi tomonidan bir martalik ruxsatnomani berishni kiritish bilan bekor qilish belgilanganligidan kelib chiqib, yuqoridagi banddan “filmni yaratish, tarqatish, ommaviy namoyish etishga berilgan litsenziya shartnomasi” so'zlarini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
Ushbu Xulosani berishda, eng avvalo, ishbilarmonlik muhitiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan normalarni me'yoriy-huquqiy hujjat loyihalaridan chiqarib tashlash va bu orqali ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini oldini olish, qonunchilikdagi nomuvofiqliklar va takrorlanishlarga yo'l qo'ymaslik nazarda tutildi.
Palata tomonidan berilgan ushbu tavsiyalarning barchasi “O'zbekkino” milliy agentligi tomonidan inobatga olingan holda, loyiha qayta ishlanib, Palata bilan kelishildi.
01.06.2018
17:02