Toshkent viloyati Oqqo'rg'on tumanida tadbirkorlik sub'ektlari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoev Toshkent viloyati Xalq deputatlari Kengashining 2018 yil 05 yanvardagi navbatdan tashqari sessiyasida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo'yicha bir qator muhim vazifalar belgilab berdi.
Jumladan, tadbirkorlik faoliyatidagi masalalarni o'rganish, muammolarni hal etish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mazmuni va mohiyatini tushuntirish maqsadida har haftada tuman va shaharlarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etish vazifasi yuklatilgan.
O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlik sub'ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakili va Toshkent viloyati hokimligi tomonidan 2018 yilda viloyatning har bir tuman va shaharida tadbirkorlar bilan o'tkaziladigan uchrashuvlar reja-jadvali ishlab chiqilgan.
Rejaga muvofiq, joriy yilning 3 avgust kuni Oqqo'rg'on tumanida navbatdagi uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuvda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig'i F.Mamanov hamda boshqa tegishli tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar ishtirok etdi.
Yig'ilish ishtirokchilariga mamlakatimizda tadbirkorlikka oid qabul qilingan so'ngi qonun va qonun osti xujjatlari, ularning mazmun mohiyati, shuningdek, tadbirkorlarning huquqlari va ular erkinliklarining kafolatlarini tushuntirildi.
Jumladan, “O'zbekiston Respublikasida investitsion muhitni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoni e'lon qilindi. Farmonga muvofiq, endilikda:
- davlat organi (mansabdor shaxs) tomonidan qabul qilingan ma'muriy hujjat (qaror, farmoyish va h.k.)ning qonuniy kuchiga ishongan holda o'z faoliyatini yuritgan tadbirkorlarning ushbu qarorning keyinchalik bekor qilinganligi natijasida ko'rgan zararlari to'liq qoplanadi;
- davlat organi (mansabdor shaxs)ning ma'muriy hujjatini bekor qilish yoki o'zgartirish masalasi, agarda bu vijdonan harakat qilgan tadbirkorlarning qonuniy manfaatlariga aloqador bo'lsa, sud tartibida ko'rib chiqiladi.
2018 yil 1 sentyabrdan boshlab:
- davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yerlarni olib qo'yish haqidagi qarorga faqat yerlari olib qo'yilishi rejalashtirilayotgan shaxslar bilan ochiq muhokama o'tkazilib, foyda va xarajatlar baholangandan keyingina yo'l qo'yiladi;
- olib qo'yilayotgan yer uchastkalaridagi imoratlar va inshootlarning buzilishiga ko'chmas mulkning bozor qiymatini va olib qo'yish oqibatida mulkdorlarga yetqazilgan zararlarning o'rni to'liq qoplangandan keyin yo'l qo'yiladi;
- jismoniy va yuridiy shaxslarga davlat organi (mansabdor shaxs)ning qonunga xilof ma'muriy hujjatni chiqarishi natijasida yetkazilgan zarari davlat tomonidan qoplab beriladi.
Farmon bilan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo'yishning aniq mezonlari belgilab berildi. Xususan, endilikda yerlar faqat quyidagi hollarda olib qo'yiladi:
- yerlarni mudofaa va davlat xavfsizligi, muxofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari uchun, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish va faoliyat ko'rsatishi uchun ajratishda;
- avtomobil va temir yo'llari, aeroportlar, temiryo'l obektlari, ko'priklar va h.k. qurishda;
- aholi punktlarining bosh rejalarida nazarda tutilgan Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan quriladigan ob'ektlarga, shuningdek, qonunlar va Prezidenti qarorlarida to'g'ridan-to'g'ri ko'rsatilgan boshqa hollarda.
Mazkur Farmon bilan, chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar ustav fondida chet el investitsiyalarining minimal miqdori 30 foizdan 15 foizgacha tushirildi;
- chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxona ishtirokchilaridan biri albatta xorijiy yuridik shaxs bo'lishi shartligi haqidagi talab bekor qilindi (jismoniy shaxs ham ishtirokchi bo'lishi mumkin);
- chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar ustav fondining minimal miqdori 600 million so'mdan 400 million so'mgacha tushirildi;
- chet el investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun davlat boji miqdori uch baravargacha kamaytirildi;
- aksiyadorlik jamiyatlari ustav fondining minimal miqdori 400 million so'm (ilgari 1 mlrd 600 mln so'm) qilib belgilandi;
- eksport kontraktlari kontrakt tuzilgan kunda “O'zagroeksport” AJ e'lon qilgan narxlardan past bo'lmagan narxlar bo'yicha tuzish, shuningdek, eksport kontrakti tuzmasdan invoys asosida o'tkaziladigan meva-sabzavot mahsulotlari bojxonada bojxona yuk deklaratsiyasi ro'yxatga olinadigan kunda “O'zagroeksport” AJ rasmiy veb-saytida qayd etilgan narxlardan past bo'lmagan narxlar bo'yicha rasmiylashtirish tartibi bekor qilindi.
O'zbekiston iqtisodiyotining ustuvor yo'nalishlariga katta miqdorda investitsiya kiritgan chet el fuqarolariga «Faxriy fuqaro» unvoni beriladi. Farmonga asosan, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga ushbu unvonni berish tartibini joriy etish bo'yicha takliflar kiritish vazifasi topshirilgan. Shuningdek, agar chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga mamlakatda o'rnatilgan eng kam oylik ish haqining kamida 8500 baravari miqdorida investitsiyani xo'jalik jamiyatlarining aksiya va ulushlarini sotib olish, shuningdek xorijiy korxona tashkil qilish shaklida kiritsa, ko'p martalik uch yillik vizalarni ularning amal qilish muddatini O'zbekiston Respublikasi hududidan chiqmagan holda cheklanmagan miqdorda uzaytirish imkoniyati bilan olish huquqi berildi.
Shuningdek, tadbirkorlik sohasini rivojlantirish va iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, tadbirkorlik faoliyatida erkin raqobat muhitini ta'minlash borasidagi bir qator masalalar muhokama qilindi.
Yig'ilishda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish masalalarida murojaatlar tinglandi hamda murojaatlarning barchasi tuman miqyosida hal etilishi lozim bo'lgan masalalar ekanligi qayd etildi.
Tadbirkorlar tomonidan ko'tarilgan masalalar tahlili shuni ko'rsatdiki, muammolarning yuzaga kelish sababi, aksariyat tadbirkorlar va tadbirkorlik qilish istagida bo'lgan fuqarolarning tadbirkorlik borasida yetarlicha axborotga ega emasligi va o'z haq-huquqlarini yetarli darajada bilmasligidir.
Muntazam ravishda joylarda tadbirkorlar bilan bu kabi uchrashuvlarning o'tkazilishi, tadbirkorlik faoliyatidagi muammo va kamchiliklarni o'rganish, ularni hal etish, hukumatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan keng foydalanishga ko'mak berish hamda ularning jamiyatda ro'y berayotgan o'zgarishlarda faol ishtirokini ta'minlash imkonini beradi.
O'z SSP Matbuot xizmati
06.08.2018
09:48