Savdo-sanoat palatasi tomonidan Jamoatchilik ekspertizasi o'tkazuvchi vakolatli organ sifatida yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi yuzasidan Jamoatchilik xulosasi berildi
Savdo-sanoat palatasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 iyundagi 5087-sonli Farmoniga asosan me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholashda vakolatli organ sifatida Jamoatchilik ekspertizalari o'tkazib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o'zida 540 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o'tkazilib, 232 tasiga ular tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkinligi uchun salbiy Xulosalar berildi.
1. Xususan, Loyihaning 1-bandiga ko'ra, “Toshkent shahar hokimligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi va Davlat veterinariya qo'mitasining Toshkent shahrini yanada ko'rkam va obod qilish, jozibadorligini oshirish, turistik salohiyatni takomillashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va aholiga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida poytaxt hududida faoliyat ko'rsatayotgan chorva hayvonlarini so'yish korxonalarini boshqa faoliyat turiga moslashtirish yoki Toshkent shahri hududidan chiqarish taklifiga rozilik berilsin”, - deb belgilangan.
Ushbu normada poytaxt hududida faoliyat ko'rsatayotgan chorva hayvonlarini so'yish korxonalarini boshqa faoliyat turiga moslashtirish deyilganda, aynan qanday faoliyat turiga moslashtirish nazarda tutilmagan.
Shuningdek, mazkur norma orqali chorva hayvonlarini so'yish faoliyatining Toshkent shahri hududida amalga oshirilishini cheklash nazarda tutilgan.
Amaliyotda chorva hayvonlarini sanitariya qoidalariga amal qilmasdan so'yish va buning natijasida kelib chiqadigan salbiy oqibatlarni ushbu faoliyatni Toshkent shahri hududida ta'qiqlash orqali hal etib bo'lmaydi. Aksincha, bunday chora-tadbirlar go'sht va go'sht mahsulotlarining poytaxt hududida qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, loyihada ushbu normaning nazarda tutilishi yuridik jihatdan asoslantirilmagan hamda hech qanday statistik va boshqa asoslantirishlar keltirilmagan.
Shu sababli, loyihadan 1-bandni chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
2. Loyihaning 5-bandiga ko'ra, “Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xo'jaligi vazirligi, Davlat soliq qo'mitasi, Davlat veterinariya qo'mitasi, “O'zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi “O'zcharmsanoat” uyushmasi va uning hududiy bo'linmalariga joylarda faoliyat yuritayotgan ixtisoslashgan so'yish korxonalarida so'yishdan hosil bo'lgan teri xom ashyosini shartnoma asosida sotib olishiga amaliy yordam ko'rsatsinlar”, - deb belgilangan.
Bu norma orqali tadbirkorlik sub'ektlaridagi teri xom ashyosini “O'zcharmsanoat” uyushmasi va uning hududiy bo'linmalariga shartnoma asosida oldi-sotdi qilinishida davlat organlari tomonidan amaliy yordam ko'rsatilishi belgilangan.
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risida”gi Qonunning 34-moddasiga ko'ra, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning tadbirkorlik faoliyatiga aralashmasligi kafolatlangan.
Bundan tashqari, loyihaning ushbu bandidagi qoida amaliyotda tadbirkorlik faoliyatiga aralashish va uni cheklash (boshqa tadbirkorlik sub'ektlari manfaatlarini hisobga olganda), monopoliya o'rnatish kabi holatlar yuzaga kelishiga sharoit yaratishi mumkin.
Shu bois, loyihaning 5-bandini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
3. Loyihaning 6-band birinchi va ikkinchi xatboshilariga ko'ra, “Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklari, “O'zcharmsanoat” uyushmasi, Qurilish vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya davlat kadastri Davlat qo'mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Davlat veterinariya qo'mitasi, Sog'liqni saqlash vazirligi, O'zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi:
bir oy muddatda Toshkent shahridan Toshkent viloyati hududiga joylashtiriladigan ixtisoslashgan so'yish korxonalarini zamonaviy uslubda sanitariya, muvofiqlik va veterinariya sohasidagi qonun hujjatlariga asosan yangidan qurish uchun belgilangan tartibda yer maydonlarini ajratilishini tashkil etsin”, - deb belgilangan.
Ushbu Xulosa 1-bandidagi tavsiyalarni inobatga olib, loyihaning 6-bandidan ikkinchi xatboshini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
4. Loyihaning 7-band ikkinchi xatboshisiga ko'ra, “Chorva hayvonlarini so'yish xizmatlarini yo'lga qo'yishda ixtisoslashgan so'yish korxonalarini tashkil etish faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi” belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 07.01.2011 yildagi “Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug'ullanishi mumkin bo'lgan faoliyat turlari ro'yxatini tasdiqlash to'g'risida”gi 6-sonli Qarori 1-ilovasining 58-bandiga ko'ra, tadbirkorlik sub'ektlari mol so'yish faoliyati bilan yuridik shaxs tashkil etmagan holda shug'ullanishlari mumkinligi belgilangan.
Loyihada chorva hayvonlarini so'yish xizmatlarini faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishining belgilanishi yuridik jihatdan asoslantirilmagan, ushbu normaning kiritilishiga olib kelgan statistik va boshqa ma'lumotlar keltirilmagan.
Shuningdek, ushbu norma orqali yuridik shaxs tashkil etmagan tadbirkorlik sub'ektlarining faoliyat doirasi cheklanmoqda.
Shu bois, loyihaning 7-band ikkinchi xatboshisini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
5. Loyihaning 7-band uchinchi va to'rtinchi xatboshilariga ko'ra, ixtisoslashgan so'yish korxonalari o'z mablag'lari hisobidan ishlab chiqarishdagi veterinariya xizmatini tashkil etishi va unga malakali mutaxassislarni jalb etishi;
ixtisoslashgan so'yish korxonalaridagi veterinariya mutaxassislari, qassoblar va texnik xodimlar belgilangan tartibda malakasini oshirishi va malaka oshirganidan keyin faoliyatini davom etishi” lozimligi belgilangan.
Ushbu xatboshilarda belgilangan normalar tadbirkorlarga ortiqcha majburiyat yuklash bilan birga, ularga moliyaviy xarajatlarni yuklashni ham nazarda tutgan. Bu esa, o'z navbatida olinadigan go'sht mahsulotlarining yanada qimmatlashishi kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu sababli, loyihaning 7-band uchinchi va to'rtinchi xatboshilarini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
6. Loyihaning 8-band birinchi va uchinchi xatboshilariga ko'ra, “Ichki ishlar vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Davlat soliq qo'mitasi, Davlat veterinariya qo'mitasi, O'zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi:
- ixtisoslashgan so'yish korxonalaridan savdo nuqtalarigacha go'sht mahsulotlarining yetkazib berilishida sanitariya, muvofiqlik va veterinariya sohasidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi ustidan doimiy nazoratini o'rnatsin va monitoringni amalga oshirsin”, - deb belgilangan.
Ammo loyihada bunday nazoratni amalga oshirish tartibi aniq belgilanmagan. Bu esa, amaliyotda uni turlicha talqin qilish va buning oqibatida tadbirkorlar faoliyatiga ortiqcha aralashish, ular faoliyatini cheklash, korrupsiya kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu sababli, loyihada bunday nazorat o'rnatishning aniq tartibini ko'rsatish yoki loyihadan 8-band uchinchi xatboshini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
7. Loyihaning 10-bandiga ko'ra, “O'zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki, “O'zcharmsanoat” uyushmasi a'zolariga zamonaviy ixtisoslashgan so'yish korxonalarini qurish va aylanma mablag'larini to'ldirish uchun tadbirkorlar “O'zcharmsanoat” uyushmasi buyurtmasiga asosan O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasining 50 foizidan oshmagan miqdorda kredit mablag'lari ajratilishini, shuningdek komissiya to'lovlarisiz naqd pul mablag'lari berilishini doimiy ravishda ta'minlash tavsiya etilsin”, - deb belgilangan.
Mazkur normada zamonaviy ixtisoslashgan so'yish korxonalarini qurish va aylanma mablag'larini to'ldirish uchun imtiyozli kreditlarni faqat “O'zcharmsanoat” uyushmasi a'zolariga “O'zcharmsanoat” uyushmasi buyurtmasiga asosan berish nazarda tutilgan.
Bu orqali, “O'zcharmsanoat” uyushmasi hamda uning a'zolari bo'lgan tadbirkorlik sub'ektlarigagina bunday imtiyoz va yengilliklarni berish nazarda tutilgan.
Ammo, “Raqobat to'g'risida”gi Qonunning 12-moddasiga ko'ra, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining ayrim xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko'rsatayotgan boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga nisbatan afzal holatga qo'yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berishi taqiqlanadi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, shuningdek ushbu sohada sog'lom raqobat muhitini yaratish maqsadida loyihaning 10-bandidan “O'zcharmsanoat” uyushmasi a'zolariga” va “O'zcharmsanoat” uyushmasi buyurtmasiga asosan berish” jumlalarini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
8. Loyihaning 12-bandiga ko'ra, “Moliya vazirligi G'aznachiligi Toshkent shahrida hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlarning zamonaviy so'yish korxonalari ishga tushirilgan tuman va shaharlarida joylashgan byudjet tashkilotlari tomonidan xarid qilinayotgan go'shtga zamonaviy so'yish korxonalari ma'lumotnomasi va veterinariya xulosasi mavjud bo'lganida go'sht xarid qilish bo'yicha shartnomalarini ro'yxatdan o'tkazsin”, - deb belgilangan.
Ushbu Xulosa 4-bandidagi tavsiyalarni inobatga olgan holda, loyihaning 12-bandidan “zamonaviy so'yish korxonalari ma'lumotnomasi” so'zlarini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
9. Loyihaning 2-ilovasi sifatida tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturi 1-bandini ushbu Xulosaning 1-bandidagi tavsiyalarni inobatga olgan holda chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
Ushbu Xulosani berishda, eng avvalo, loyihadan tadbirkorlik sub'ektlariga nisbatan ortiqcha majburiyat va moliyaviy xarajatlar yuklovchi, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatiga aralashish va uni cheklash, monopoliya o'rnatish kabi holatlar yuzaga kelishiga sharoit yaratadigan, faoliyatni amalga oshirishdagi qo'shimcha qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin bo'lgan, amaliyotda faoliyatni ma'lum bir hududda ta'qiqlash, korrupsiya kabi salbiy holatlarga yo'l ochadigan, cheklangan doiradagi tadbirkorlik sub'ektlarigagina turli imtiyoz va yangilliklar berishni nazarda tutuvchi normalarni chiqarib tashlash nazarda tutildi.
Shu bilan birga, biznesni yuritishda barcha tadbirkorlik sub'ektlariga nisbatan teng imkoniyatlarni belgilashga alohida ahamiyat qaratildi.
O'zbekiston SSP
Qonunchilik hujjatlarining tadbirkorlik
faoliyatiga ta'sirini baholash boshqarmasi
Bosh yurist konsulti
N.Sharopova
O'z SSP Matbuot xizmati
19.09.2018
15:31