Xorijiy ekspertlar tomonidan tadbirkorlar uchun amaliy seminar tashkil etildi
Joriy yilning 26 sentyabr kuni O'zbekiston Savdo-sanoat palatasida respublikamizda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va xorijiy bozorlarga eksport qilishda zamonaviy energiya tejashga qaratilgan asbob-uskuna va texnologiyalarni jalb etish maqsadida “O'zbekistonda eksportga yo'naltirilgan ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishda ekologik xavfsiz sanoat sovutgichlarini qo'llanilishi” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur seminarda meva-sabzavot, go'sht-sut va baliq mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash borasida yetakchi sanalgan «Mayekawa Co.Ltd.» (Yaponiya), «Danfoss A/S» (Daniya), «Guntner GmbH&Co. KG» (Germaniya) kompaniyalari vakillari tomonidan taqdimotlar o'tkazildi.
Unda ekspertlar tomonidan, ishlab chiqarish va qayta ishlash zavodlarida mahsulotlarni tabiiy saqlash imkonini beruvchi sovutgichlardan foydalanish, sanoatda ishlatiladigan sovutish tizimlarining energiya samaradorligini oshirish, ekologik jihatdan toza va tabiiy bo'lgan hamda sovutish tizimlarining xavfsizligini ta'minlash hamda qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda bug'-kompressor sovutgich qurilmalardan foydalanishda tavsiyalar berildi. Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda mazkur davlatlarning tajribalari atroflicha o'rganildi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilning 29 mart kunida imzolangan “O'zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” gi Farmonida ko'rsatilgan bir qator vazifalar: ichki va tashqi bozorda meva-sabzavot mahsulotlarini sotish, qo'shimcha qiymatlar zanjiri bo'yicha klaster usulida qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish, meva-sabzavot klasterlariga logistika markazlari (muzlatgich, ombor, qayta ishlash quvvatlari) ni tashkil etish kabi masalalar ko'rildi.
Shuningdek, qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilariga soha yumushlarini tashkil qilish uchun ekish materiali, avans to'lovlarini taqdim etuvchi va ulardan ishlab chiqarilgan mahsulotni kelishilgan narxlarda sotib oluvchi qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilari, tayyorlovchi korxonalar, qayta ishlovchilar, eksport qiluvchilar o'rtasida kafolatlangan shartnomalar asosida “urug'-ko'chat-mahsulot yetishtirish-tayyorlash-saqlash-qayta ishlash-transportirovka qilish-bozorga yetkazish” tamoyili bo'yicha uzluksiz zanjirni shakllantirishni ko'zda tutuvchi meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etishning klaster usulini keng joriy etish haqida so'z bordi.
Shu bilan birga, 2017 yilning 5 yanvarida qabul qilingan «Baliqchilik tarmog'ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi hamda shu yilning 6 aprelida qabul qilingan «Baliqchilik tarmog'ini jadal rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorlarga muvofiq, O'zbekiston Respublikasida aholi ehtiyojlarini qondirish, shuningdek qo'shni mamlakatlarga eksport uchun baliqlarni qayta ishlash va baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish bo'yicha zamonaviy majmualarni tashkil etish belgilangan ta'kidlandi.
Mazkur seminarda, mamlakatimizda meva sabzavotchilik va baliqchilik tarmoqlarida shu va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirilishi mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini va oziq-ovqat mahsulotlari bilan o'zini-o'zi ta'minlashi bilan bir qatorda tashqi bozorlarda mahalliy eksport ko'lamini sezilarli ko'paytiradi.
O'z SSP Matbuot xizmati
27.09.2018
12:34