Xalqaro mehnat tashkiloti: O'zbekiston bolalar va majburiy mehnatning oldini olishda ulkan yutuqlarga erishmoqda.
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) O'zbekistonda paxta terimida majburiy mehnat keskin ravishda kamaygani, bolalar mehnati borasida esa oldingi yillarda bo'lganidek, xavotirga o'rin qolmaganini e'tirof etmoqda.
– XMT monitorlarining xabar berishlaricha, O'zbekiston paxta dalalarining aksariyat qismida majburiy mehnatga batamom barham berilgan, – deydi XMTning O'zbekistondagi loyihasi maslahatchisi Nodira Maqsudova. – 2018 yilda paxta terimiga jalb etilganlarning 93 foizi ixtiyoriy ravishda mehnat qilgan. Talaba, o'qituvchi, shifokor va hamshiralar paxtaga mutlaqo jalb etilmagan.
Monitorlarning qayd etishlaricha, faqat ayrim holatlarda davlat tashkilot va idoralari xodimlari hamon paxtaga chaqirilib, terimda ishtirok etayotganligi kuzatilgan.
– 2018 yil O'zbekiston uchun ko'pgina yo'nalishlarda sinov bo'ldi, – deydi XMTning Ish joylarida fundamental tamoyillar va huquqlar byurosi boshlig'i Beate Andrees. – Bir yil oldin Prezident Shavkat Mirziyoev BMT minbaridan turib, hukumat XMT va Jahon banki bilan birgalikda paxta terimida bolalar va majburiy mehnatga barham berish haqida majburiyat olishini ta'kidlab o'tgan edi. Ushbu siyosiy majburiyatni ro'yobga chiqarish maqsadida bir qator tuzilmaviy o'zgarishlar ro'y berdi va ishchi kuchi yollash borasida islohotlar amalga oshirildi. XMT monitorlari ushbu chora-tadbirlar o'z samarasini berganini va odamlar joylarda buni haqiqatda his etayotganini ta'kidladilar.
O'zbekistonda odamlarni paxta terimiga jalb etish – dunyodagi eng yirik ishga yollash amaliyoti bo'lib, unda qariyb 2,6 million kishi mavsumiy terim ishlariga jalb etiladi. Garchi so'nggi yillarda paxta ekin maydonlari qisqartirilgan bo'lsa-da, ushbu ekin hamon mahalliy aholi uchun, ayniqsa qishloq ayollari uchun muhim qo'shimcha daromad manbai bo'lib xizmat qilib kelmoqda.
XMT O'zbekiston hukumati, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari bilan erishilgan kelishuvga binoan paxta terimida bolalar mehnatini 2013 yildan buyon monitoring qilib kelmoqda. 2015 yildan boshlab esa Jahon banki bilan kelishuvga asosan XMT terim davomida majburiy mehnat va bolalar mehnat monitoringini amalga oshirmoqda.
Joylardagi holatni xolisona o'rganish maqsadida XMT ekspertlari tomonidan hamrohlarsiz va oldindan e'lon qilinmagan holda terimchilar va terimga jalb etilgan boshqa shaxslar bilan 11 ming marta suhbat uyushtirgan. Bu yildan boshlab esa bu jarayonda mahalliy inson huquqlari faollari ham qatnashgan.
Monitoringda birorta davlat idoralari vakillari qatnashmagan. Samaradorlikni yanada oshirish maqsadida dalalarning GPS koordinatalari tavakkal ravishda tanlab olinib, XMT ekspertlariga safarga chiqishdan bir oz muddat oldin berildi.
2018 yilda paxta dalalaridagi terimchilarning aksariyat qismi ixtiyoriy ravishda chiqishgan bo'lsa, terimda ishtirok etgan ba'zi davlat tashkilotlari vakillari terimga chiqishni istamaganlarini, ammo ish joyida muammo kelib chiqmasligi uchun dalaga chiqqanliklarini bildirdilar.
Boshqa guruh terimchilari esa terim uchun to'lov miqdorining ancha yaxshilangani va qo'shimcha rag'batlantiruvchi mukofotlar berilishini eshitib dalaga chiqqanligini ma'lum qilgan.
2018 yilda hukumat ishonch telefonlari orqali 2,5 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ko'p hollarda mehnat huquqlari buzilishida aybdor, deb topilgan mansabdor shaxslar, hokimlar va davlat tashkilotlari rahbarlariga nisbatan intizomiy va ma'muriy choralar ko'rildi. Bunday choralar ishdan ozod etish, hayfsan va jarimalardan iborat bo'ldi.
XMT O'zbekiston bilan birgalikda “Mamlakat munosib mehnat kompleks dasturi”ni 2014 yildan buyon amalga oshirib kelmoqda. Paxta yetishtirish sohasi bilan bir qatorda, ushbu dastur doirasida bandlik va yollash siyosati, mehnat inspeksiyalari va boshqaruvi, mehnat huquqi, mehnat muhofazasi, ijtimoiy muloqot hamda kasaba uyushmalari va ish beruvchilar uyushmalari salohiyatini kuchaytirish masalalari qamrab olingan.
26.11.2018
14:03