O'z SSP tomonidan normativ-huquqiy hujjat loyihasi yuzasidan Jamoatchilik xulosasi berildi.
Savdo-sanoat palatasi tomonidan Jamoatchilik ekspertizasi o'tkazuvchi vakolatli organ sifatida yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi yuzasidan Jamoatchilik xulosasi berildi.
Savdo-sanoat palatasi tomonidan O'zbekiston Respublikasining 2018 yil 9 iyulda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risida”gi Qonunining (yangi tahriri) 22-moddasiga asosan me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholashda vakolatli organ sifatida Jamoatchilik ekspertizalari o'tkazib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning o'zida 720 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o'tkazilib, 334 tasiga ular tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkinligi uchun salbiy Xulosalar berildi.
Misol uchun, Qishloq xo'jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlashni rivojlantirish borasida davlat-xususiy sheriklikni tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Qarori loyihasi o'rganilib, ushbu loyiha yuzasidan quyidagi tavsiyalarni o'z ichiga olgan Xulosa berildi:
Loyihaning 2-ilovasi 6-bandi ikkinchi xatboshiga ko'ra, “bir vaqtning o'zida kamida 5 turdagi qishloq ho'jaligi mahsulotlarini, jumladan meva-sabzavot, kartoshka, go'sht va go'sht mahsulotlari, baliq va baliq mahsulotlari, sut va sut mahsulotlarini saqlashga mo'ljallanganligi” xo'jalik sub'ektlarini qishloq xo'jalik mahsulotlarini saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikka o'tkazishning mezonlaridan biri sifatida belgilangan.
Ushbu norma orqali davlat-xususiy sheriklik sohasida ortiqcha va keraksiz to'siqlarni keltirib chiqaruvchi asossiz cheklovlar nazarda tutilgan.
Bu esa, mamlakatda olib borilayotgan tadbirkorlik faoliyatining to'sqinliksiz amalga oshirilishini ta'minlash, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlarga ziddir.
Shu bilan birga, bunday mezonlarning belgilanishi tadbirkorlik sohasidagi mavjud imkoniyatlardan ham samarali foydalanishda to'siq bo'ladi.
Shu bois, loyiha 2-ilovasining 6-bandidan ikkinchi xatboshini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
Loyihaning 2-ilovasi 6-bandi uchinchi xatboshiga ko'ra, “omborxonalar umumiy maydonining kamida 65 % dan kam bo'lmagan maydoni sovutgichli omborxonalardan iboratligi” xo'jalik sub'ektlarini qishloq xo'jalik mahsulotlarini saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikka o'tkazishning mezonlaridan biri sifatida belgilangan.
Ushbu Xulosaning 1-bandida keltirilgan tavsiyalarni inobatga olgan holda, loyiha 2-ilovasining 6-bandidan uchinchi xatboshini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
Loyihaning 2-ilovasi 7-bandi to'rtinchi xatboshiga ko'ra, “kamida 5 turdagi qayta ishlangan mahsulot ishlab chiqarilishi” qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida davlat-xususiy sheriklikka o'tkazishning mezonlaridan biri sifatida belgilangan.
Ushbu Xulosaning 1-bandida keltirilgan tavsiyalarni inobatga olgan holda, loyiha 2-ilovasining 7-bandidan to'rtinchi xatboshini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
Loyihaning 2-ilovasi 16-bandi to'rtinchi xatboshiga ko'ra, “xususiy sherik tomonidan uning arizasi Komissiya tomonidan ko'rib chiqilishi uchun davlat sherigining byudjetdan tashqari maxsus hisobvarag'iga yig'im kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat” tanlovda ishtirok etish uchun arizaga ilova qilinishi belgilangan.
Ammo, davlat-xususiy sheriklik bu – o'z nomidan ko'rinib turganidek, ikki sub'ekt o'rtasidagi shartnomaga asoslangan, o'zaro tenglik asosidagi munosabatdir.
Qolaversa, ushbu holatda xususiy sherik davlat sherigi tomonidan e'lon qilingan taklifga javob tariqasida ariza bilan chiqadi. Bunda ushbu arizani komissiya tomonidan ko'rib chiqilishi uchun yig'im undirilishi mantiqsizlikdir.
Shu sababli, loyiha 2-ilovasining 16-bandidanto'rtinchi xatboshini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
Loyihaning 2-ilovasi 17-bandiga ko'ra, “Xususiy sheriklarning taqdim etgan ma'lumotlari mazkur Nizomning ilovasiga keltirilgan reyting asosida baholanadi”, - deb belgilangan.
Ushbu ilovada esa, talabgorlarning imkoniyatlarini baholash mezonlari (uning ko'rsatkichlariga qarab reyting ballari o'zgarib boradi) sifatida talabgorning mutaxassisligi, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash sohasidagi ish staji, ma'lumoti, talabgorga yoki uning oila a'zolariga (oila a'zolarining notarial tasdiqlangan roziligi bilan) tegishli yaroqli texnika ko'rsatilgan.
Biroq, talabgorning imkoniyatini baholovchi mazkur mezonlar tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan to'siq bo'lib, ushbu sohada ortiqcha aralashuv, keraksiz talablar va asossiz cheklovlarni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklikning amalga oshirilishida xususiy sherikning mutaxassisligi, uning ushbu sohadagi ish staji va ma'lumoti ahamiyat kasb etmaydi, aksincha bunday talab davlat-xususiy sheriklikning samarali amalga oshirilishida ortiqcha to'siqdir.
Shuningdek, xususiy sherik davlat-xususiy sheriklik loyihasini samarali amalga oshirish maqsadida loyiha jarayonida tegishli mutaxassislarni jalb qilishi mumkin.
Shu bois hamda ushbu Xulosaning 1-bandida keltirilgan tavsiyalarni inobatga olgan holda, nizom ilovasini qayta ko'rib chiqish va unda yuqoridagi mezonlarni nazarda tutmaslik tavsiya etiladi.
Loyihaning 2-ilovasi 19-bandiga ko'ra, “Tanlov g'olibi davlat-xususiy sheriklik to'g'risidagi bitimni mazkur Nizomning 15-bandida nazarda tutilgan muddatlarda imzolashni rad etsa yoki imzolashdan bo'yin tovlasa, zahiradagi g'olib bilan tegishli bitim tuzishga ruxsat beriladi”, - deb belgilangan.
Ammo, Nizom loyihasining 15-bandida (shuningdek, boshqa bandlarida ham) bunday muddat nazarda tutilmagan.
Shu sababli, Nizom loyihasida bunday nomuvofiqlikni bartaraf etish va tanlov o'tkazilgandan so'ng g'olib bilandavlat-xususiy sheriklik to'g'risidagi bitimni imzolash muddatini belgilash tavsiya etiladi.
Loyiha qishloq xo'jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlashni rivojlantirish borasida o'zaro manfaatli bo'lgan davlat-xususiy sherikchilik tashkil etishni nazarda tutadi.
Ya'ni, unda amalga oshiriladigan faoliyat ikki tomonlama manfaatli bo'lishi lozim.
Biroq, loyihaning 2-ilovasida keltirilgan shartlar va talablarning aksariyati davlat sherigining manfaatlarini ifodalagan.
Ushbu loyiha orqali davlat va xususiy sherik o'rtasida o'zaro manfaatlilikni ta'minlash, hamkorlik samarasini oshirish maqsadida Nizom loyihasida davlat-xususiy sheriklik bitimini tuzish natijasida xususiy sheriklar ega bo'ladigan soliq va bojxona imtiyozlarini nazarda tutish tavsiya etiladi.
Ushbu Xulosani berishda, eng avvalo, mamlakatda tadbirkorlik faoliyatining to'sqinliksiz amalga oshirilishini ta'minlash, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlarga alohida e'tibor qaratildi.
Loyihadan tadbirkorlik sub'ektlariga nisbatan ortiqcha va keraksiz majburiyatlar, moliyaviy xarajatlar yuklovchi, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatiga aralashish va uni cheklash kabi holatlar yuzaga kelishiga sharoit yaratadigan, faoliyatni amalga oshirishdagi qo'shimcha qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin bo'lgan normalarni chiqarib tashlash nazarda tutildi.
Shu bilan birga, biznesni yuritishda barcha tadbirkorlik sub'ektlariga nisbatan keng imkoniyatlarni belgilash hamda davlat va
Mazkur loyiha Palata rahbariyati tomonidan yuqoridagi tavsiyalarni inobatga olgan holda, e'tirozlar bilan imzolandi.
04.12.2018
09:58