Saudiya Arabistoni Qirolligi Savdo-sanoat palatalari kengashi raisi Sami bin Abdulloh al-Ubaydiy boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo'lib turibdi.
Ma'lumki, dekabr oyi boshida Saudiya Arabistonida O'zbekiston delegatsiyasi Saudiya investitsiyalar bo'yicha agentligi raisi Ibrohim al-Umar hamda Saudiya taraqqiyot fondi maslahatchisi Yusuf al-Bassam bilan muzokaralar o'tkazgan, unda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo'nalishlari muhokama qilingan edi.
Saudiya Arabistoni delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi ana shu muzokaralarning davomi bo'lib, unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, qo'shma korxonalarni ko'paytirish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish borasida kelishuvlarga erishishi ko'zda tutilgan.
Bu bejizga emas, boisi delegatsiya tarkibida Saudiya Arabistonining savdo-iqtisodiy tarmoqlariga bosh bo'lgan tuzilmalar, oziq-ovqat, qishloq xo'jaligi, to'qimachilik sanoati, mineral resurslar, qurilish, elektronika kabi sohalarda faoliyat olib boruvchi 20 dan ziyod kompaniya vakillari o'rin olgan.
Tashrif doirasida 12 dekabrda Toshkentda O'zbekiston – Saudiya Arabistoni biznes-forumi o'tkazildi. Unda so'zga chiqqan Saudiya Arabistoni Qirolligi Savdo-sanoat palatalari kengashi raisi Sami bin Abdulloh al-Ubaydiy ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining ushbu uchrashuvi rivojlanib borayotgan iqtisodiy aloqalarga kuchli turtki berishini, xususan, mazkur biznes-forum Saudiya Arabistonining O'zbekistonga investitsiya kiritishini yengillashtirishga xizmat qilishini ta'kidladi.
O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov mamlakatimizda saudiyalik investorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgani, bu yerdagi erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari eshigi ular uchun ochiq ekanini qayd etdi va saudiyalik ishbilarmonlarni o'zaro manfaatli hamkorlikka taklif qildi.
Forumda ikki mamlakat savdo-iqtisodiy aloqalari holati tomonlar imkoniyatidan past darajada ekaniga e'tibor qaratildi. Jumladan, 2018 yilning 9 oyida O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi tovar aylanmasi 42 million AQSH dollarini tashkil etgan.
– Mamlakatlarimiz o'rtasidagi savdo aylanmasi hajmi qoniqarli emas, – dedi Saudiya Arabistoni Qirolligining Taif Savdo-sanoat palatasi mas'ul vakili Abdulazim Turkistoniy. – Statistikaga ko'ra, o'tgan 20 yil ichida savdo aloqalari hajmi 2,5 baravarga o'sgan. O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'z mintaqasida iqtisodiy salohiyati yuqori bo'lgan yetakchi mamlakatlardir. Bu salohiyatdan samarali foydalanish, iqtisodiy hamkorlik sohalarini ko'paytirish, xususiy sektorlar o'rtasidagi biznes aloqalarini kuchaytirish orqali yuqori natijalarga erishish mumkin.
Tadbirda mamlakatimizning investitsiyaviy, turizm va eksport salohiyati, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalariga bag'ishlangan taqdimotlar o'tkazildi. Forum doirasida ikki mamlakat ishbilarmonlari o'rtasida B2B uchrashuvlari ham tashkil etildi.
Delegatsiya vakillari Savdo-sanoat palatasida tashkil etilgan tadbirda xam ishtirok etishdi.
Saudiya Arabistoni Qirolligi Savdo-sanoat palatalari kengashi raisi Sami bin Abdulloh al-Ubaydiy boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi 16 dekabrga qadar davom etadi.
O'z SSP Matbuot xizmati
13.12.2018
09:53