Mahsulotlarni sertifikatlashtirish: yangi qoidalar
Prezidentning 12.12.2018 yildagi “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori imzolandi. Hujjat matni ilovalarsiz O'zAda joylashtirilgan.
2019 yil 1 yanvardan mahsulotlarni sertifikatlashtirishning yangi tartibi joriy etilmoqda. Bu jarayon sezilarli ravishda soddalashtiriladi, xususan:
birinchidan, o'z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiradigan mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan ixtisoslashgan va qishloq xo'jaligi texnikasi, texnologik uskunalar va ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, shuningdek, majburiy sertifikatlanishi lozim bo'lgan mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan nooziq-ovqat xomashyo, materiallar va buyumlar majburiy sertifikatlashtirishdan ozod qilinadi.
Biroq bunda:
- mazkur huquq ustav kapitalida davlat ulushi 50%dan ko'p miqdorda bo'lmagan tadbirkorlik sub'ektlariga (erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari bundan mustasno) beriladi;
- yuqorida ko'rsatilgan sub'ektlar Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish tashkiloti (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya qilish forumi (IAF) to'laqonli a'zolari hisoblangan davlatlarning sertifikatlashtirish organlari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlari yoki sinov bayonnomalari taqdim etishlari kerak;
ikkinchidan, tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan o'z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan o'lchash vositalariga muvofiqlik sertifikatini taqdim etmagan holda bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishga yo'l qo'yiladi. Uni bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgan kundan boshlab 2 oy davomida olish mumkin bo'ladi;
uchinchidan, o'z ehtiyojlari uchun texnologik jarayonlarda foydalaniladigan import bo'yicha olib kiriladigan o'lchash vositalarini metrologik attestatsiyalash (turini tasdiqlash) soddalashtirilgan tartibda, 1 kun muddatda tan olish tartibotlari yo'li bilan amalga oshirilishi mumkin. Buning uchun Milliy o'lchash etalonlari va milliy metrologiya institutlari tomonidan beriladigan kalibrlash va o'lchash sertifikatlarini o'zaro tan olish to'g'risidagi kelishuvni (CIPM MRA) imzolagan mamlakatlarning Milliy metrologiya organlari tomonidan rasmiylashtirilgan amaldagi kalibrlash (yoki tekshirish) sertifikatlari taqdim etish zarur.
Bu – muhim! Bayon etilgan tartibni qo'llash shartlaridan biri – bojxona organlariga (shu jumladan, uchinchi shaxslar tomonidan) tadbirkorlik sub'ekti tomonidan ishlab chiqarish ehtiyojlari olib kirilayotgan tovarlar maqsadli ishlatilishi va bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgan kundan boshlab 2 oy davomida o'lchash vositalarini sertifikatlashtirish amalga oshirilishi to'g'risida kafolat xati taqdim etilishi. Tovarlardan maqsadli foydalanish ustidan nazorat DSQ va boshqa vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.
Sifat menejmenti tizimlarini joriy etgan va milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalardan foydalanadigan tadbirkorlik sub'ektlariga ular tomonidan mamlakatimizda ishlab chiqariladigan mahsulotning muvofiqligini deklaratsiyalash yo'li bilan tasdiqlash huquqi berildi.
Bundan tashqari, 2019 yil 1 yanvardan:
- alohida ro'yxat bo'yicha (sharh e'lon qilingan paytda ochiq holda mavjud emas) olib kiriladigan iste'mol tovarlarini majburiy sertifikatlash faqat «O'zstandart» agentligi tizimidagi sertifikatlashtirish organlari, shuningdek, LBMA qoshidagi Akkreditatsiya markazi tomonidan, yangidan akkreditatsiya qilingan boshqa sertifikatlashtirish organlari tomonidan amalga oshiriladi;
- muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirishda takrorlanuvchi sinovlar o'tkazilishi taqiqlanadi va sertifikatlarni berishda, idoraviy bo'ysunuvidan qat'i nazar, belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan laboratoriyalar tomonidan o'tkazilgan sinovlarning ijobiy natijalari asos qilib olinadi.
Vazirlar Mahkamasi sanitariya-epidemiologiya va fitosanitariya vaziyati nomaqbul bo'lgan davlatlarning ro'yxatini tasdiqlaydi. Ro'yxat muntazam yangilanadi. Ro'yxatga kiruvchi mamlakatlardan sanitariya-epidemiologiya va fitosanitariya nazoratidan o'tkazilishi lozim bo'lgan mahsulotlarning olib kirilishi taqiqlanadi.
Shuningdek, kelajakda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida qonun buzilishi (1.04.2019 yilga qadar qonun loyihasini kiritish topshirildi) uchun javobgarlikning kuchaytirilishi va sifat milliy infratuzilmasini takomillashtirish (1.09.2019 yilga qadar aniq takliflar kiritishlari kerak) ko'zlanmoqda.
Norma.uz
17.12.2018
12:51