O'zbekiston – Hindiston ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisi bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Hindiston Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida Hindistonning Gujarat shtati Ahmadobod shahrida 17 yanvar kuni O'zbekiston – Hindiston ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisi bo'lib o'tdi. Tadbir O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Hindiston sanoat konfederatsiyasi tomonidan mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi va Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi ko'magida tashkil etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2018 yilda Hindistonga davlat tashrifi oldidan Nyu-Dehli shahrida O'zbekiston – Hindiston biznes-forumi o'tkazilib, Hindiston sanoat konfederatsiyasi va O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi o'rtasida O'zbekiston – Hindiston ishbilarmonlar kengashini tashkil etish bo'yicha bitim imzolangan edi. Bugungi kunda mazkur kengash turli sohalarga investitsiyalar jalb qilish, savdo, transport aloqalarini rivojlantirish, o'zaro tranzit yo'laklarini kengaytirish, bojxona tariflarini qisqartirish va erkin iqtisodiy zonalarda keng ko'lamli loyihalarni amalga oshirishda yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda.
Majlisda O'zbekiston tomonidan Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari, Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi raisi Suhrob Xolmurodov, Hindiston tomonidan Hindiston sanoat konfederatsiyasi prezidenti va “Bharti Enterprises” kompaniyalar guruhi raisi o'rinbosari Rajesh Bxarti Mittal, shuningdek, ikki mamlakatning sog'liqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xo'jaligi, axborot texnologiyalari, elektroenergetika, qurilish, kimyo va to'qimachilik sanoati, turizm va mehmonxona ishi kabi sohalarda faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda ikki mamlakat kompaniyalari o'rtasida sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish, hind kompaniyalarini O'zbekistonga jalb qilish, hamkorlikda biznes-forum va ko'rgazmalar tashkil qilishning istiqbolli yo'nalishlari muhokama qilindi.
Majlisda tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xo'jaligi, axborot texnologiyalari, elektroenergetika, qurilish, kimyo, yengil sanoat, turizm va mehmonxona biznesi bo'yicha ish olib boradigan hind ishbilarmonlari bilan O'zbekiston biznes tashkilotlari ochiq muloqotga kirishdi.
– O'zbekiston – Hindiston ishbilarmonlar kengashi mamlakatlarimiz o'rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida tuzilgan, – dedi O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov. – Majlisda farmatsevtika, to'qimachilik, xizmat ko'rsatish, logistika va investitsiya yo'nalishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Hindiston sanoat konfederatsiyasi va hind tadbirkorlari yurtimizga biznes delegatsiyalarini yuborishini ma'lum qildi. Shuningdek, Toshkentda Hindiston sanoat konfederatsiyasining doimiy ishlaydigan ofisini ochish, oktyabr oyida ikkinchi majlisni o'tkazishga kelishib oldik.
Andijon viloyati va Gujarat shtati o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlik ham oliy darajadagi muzokaralar mahsulidir. Andijon viloyatida hind sarmoyadorlari ishtirokida jami 206 million dollarga teng loyihalar ustida ish boshlangan. Shulardan 6 tasi farmatsevtika sohasiga tegishli, yana 3 ta korxona bilan muzokaralar olib borilmoqda. Bu loyihalar Prezidentimizning 2019 yil 14 yanvardagi “Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to'g'risida”gi farmoni bilan Andijonda tashkil etilgan O'zbekiston – Hindiston erkin farmatsevtika zonasida amalga oshiriladi.
Tadbir yakunida Ishbilarmonlar kengashining keyingi majlisini Toshkent shahrida o'tkazish to'g'risida qaror qabul qilindi.
Shu kuni Gandinagar shahrida “Jo'shqin Gujarat” sammiti doirasida xalqaro savdo ko'rgazmasi ochildi. Unda O'zbekiston, Kanada, Fransiya, Norvegiya, Niderlandiya, Polsha, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Tailand, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Afrika Respublikasi, Avstraliya davlatlari ctendlari namoyish etilmoqda.
Ko'rgazma maydonlarida aerokosmos va mudofaa, agrosanoat, biotexnologiya, kimyo va yoqilg'i kimyosi, butlovchi qismlar, elektronika, ekologiya, qimmatbaho toshlar va zargarlik buyumlari, sog'liqni saqlash, infratuzilma va megaloyihalar, farmatsevtika kabi 25 ta sektor bo'yicha xalqaro va mahalliy stendlar o'rnatilgan. Ko'rgazmada jahon sanoatining ilg'or brendlari yangi mahsulot va ishlanmalarini namoyish etmoqda.
Ko'rgazmaning tantanali ochilish marosimiga Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi tashrif buyurdi. Bosh vazir xalqaro pavilonlarni ko'zdan kechirish asnosida yurtimiz stendi bilan ham tanishdi.
Bugungi kunda hind ishbilarmonlari yurtimizda biznes yuritishga katta qiziqish bildirmoqda. Ayni paytda ikki mamlakat biznes doiralari ko'plab qo'shma loyihalarni hayotga tatbiq etayotir. Farmatsevtika, sog'liqni saqlash, turizm, tibbiyot turizmi, axborot texnologiyalari, qishloq xo'jaligi, mineral resurslar, jumladan, rangli va noyob metallarni qazib olish, infratuzilma va zamonaviy arzon uy-joylar qurilishiga oid loyihalar ikki tomonlama hamkorlik uchun istiqbolli sanaladi.
Ko'rgazmada yurtimizning qishloq xo'jaligi, hunarmandlik, axborot texnologiyalari kabi yetakchi tarmoqlari mahsulotlari Hindiston ishbilarmon doiralarida katta qiziqish uyg'otmoqda. Uning doirasida o'zaro manfaatli ko'plab kelishuvlar imzolanishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur ko'rgazma ikki davlat tadbirkorlari o'rtasida savdo aloqalari kengayishini qo'llab-quvvatlash, yangi qo'shma korxonalar soni hamda o'zaro mahsulot aylanmasini oshirishga xizmat qiladi.
18.01.2019
09:15