Iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda eksport hajmini oshirish vazifalari belgilab berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 6 fevral kuni iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda eksport hajmini oshirish borasidagi eng muhim vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, videokonferensaloqa orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar rahbariyati, yirik kompaniyalar vakillari, elchilar ishtirok etdi.
Eksport – iqtisodiyot barqarorligining asosiy omili. Valyuta zaxiralarini koʻpaytirishning yagona yoʻli ham eksport hajmini keskin oshirishdir.
Mamlakatimizda eksport faoliyatini yengillashtirish va qoʻllab-quvvatlash borasida koʻrilayotgan choralar natijasida oʻtgan yili eksport hajmi 14 milliard 258 million dollarni tashkil etib, 13,6 foizga oʻsgan.
Keyingi ikki yilda eksport geografiyasi 50 ta davlatga kengayib, 140 taga yetgan. Eksportga 120 ta yangi turdagi mahsulot chiqarilgan. Eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi 56 foizni tashkil etib, hududiy sanoat eksporti qariyb 1,7 barobar oʻsgan. Biroq shunga qaramay, hali ham mamlakatimizning eksport salohiyatidan toʻliq foydalanilmayapti.
Yigʻilishda Prezidentimiz eksportbop mahsulotlar tarkibini diversifikatsiya qilish, eksportda xomashyo boʻlmagan mahsulotlar ulushini kamida 60 foizga yetkazish zarurligini taʼkidladi. Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-2025 yillarga moʻljallangan milliy eksport strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berdi.
Mazkur strategiya eksportyorlarga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarini toʻliq elektron shaklga oʻtkazish, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, mamlakatimizni “Doing Business” reytingida “tashqi savdo” koʻrsatkichi boʻyicha yuqori 50 ta davlat qatoriga kiritish masalalarini qamrab oladi. Xorij tajribasidan kelib chiqib, eksport qiluvchilar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga har tomonlama koʻmaklashish maqsadida Oʻzbekiston eksportyorlar assambleyasi tashkil etiladi.
Videoselektor yigʻilishida eksportni koʻpaytirishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish, bu boradagi ishlarni jonlantirish masalalari muhokama qilindi.
Oʻtgan yili hududiy eksport prognozi bajarilmagani, ayniqsa, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida bu borada sustkashlikka yoʻl qoʻyilgani qayd etildi. Hududiy meva-sabzavot eksporti prognozdan ancha kam boʻlgani, birorta hududda bu boradagi reja bajarilmagani tanqid qilindi.
Albatta, eksport jahon bozoridagi konʼyunkturaga ham bogʻliq. Xorijiy ekspertlar joriy yilda ham asosiy xomashyo mahsulotlarining jahon bozoridagi narxlari past boʻlishini prognoz qilmoqda. Shu bois, 2019 yilgi eksport prognozi oʻtgan yilga nisbatan 30 foizga koʻp etib belgilandi.
Davlatimiz rahbari eksport prognozini taʼminlashni aniq hisob-kitob asosida tashkil etish, bu borada yangi tizimni yoʻlga qoʻyishni taklif qildi. Unga muvofiq, avvalo, Respublika eksport shtabi faoliyati tubdan takomillashtiriladi. Shtab vakillari Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarga biriktiriladi.
Shuningdek, Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻzlari mutasaddilik qiladigan vazirlik va idoralar hamda xoʻjalik birlashmalari tomonidan eksport prognozi bajarilishi uchun shaxsan javobgar etib belgilanadi.
Respublika eksport shtabi, Bosh vazir oʻrinbosari hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tarmoqlar va hududlar boʻyicha oʻn kunlik eksport jadvallarini ishlab chiqib, tuzilgan eksport shartnomalarini soʻzsiz bajarish hamda qoʻshimcha kelishuvlar imzolash choralarini koʻradi.
Ikkinchidan, har bir viloyat, tuman va shaharda eksport boʻyicha doimiy ishlaydigan shtablar tashkil etiladi. Ular masʼulligida eksportbop mahsulotlar ekish, xoʻjaliklarni sifatli urugʻ va koʻchat bilan taʼminlash, hosilni nest-nobud qilmasdan yigʻib olish, saralash, qadoqlash, saqlash va qayta ishlash, mahsulotlarni tashqi bozorga chiqarishgacha boʻlgan yaxlit tizim yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, ushbu shtablar ichki va tashqi logistika, sertifikatsiya masalalariga, kichik biznes subyektlarining eksportini koʻpaytirish, kerak boʻlsa, aylanma mablagʻlar uchun kreditlar ajratilishiga koʻmaklashadi.
Ushbu vazifalardan kelib chiqib, har bir viloyat, tuman va shahar shtablari tarkibiga iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi, transport, energetika, bojxona, standartlashtirish, karantin boʻyicha respublika idoralari, shuningdek, Savdo-sanoat palatasining joylardagi boshqarma va boʻlimlari hamda tijorat banklaridan vakillar kiritiladi.
Yigʻilishda hududdagi shtablar eksportyorlar bilan doimiy ravishda ishlashi, muammolarini tezda hal qilib borishlari zarurligi taʼkidlandi. Amalga oshirilayotgan ishlar natijalari “onlayn” maʼlumotlar bazasiga kiritilib, nazorat qilib boriladi.
Uchinchidan, vazirlar va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻz yoʻnalishidagi korxonalar boʻyicha eksport prognozi bajarilishi uchun javobgar boʻladi.
Misol uchun, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi klasterlarda paxta xomashyosini yetishtirishdan tortib, uni chuqur qayta ishlashga, respublika boʻyicha barcha toʻqimachilik mahsulotlari eksportiga masʼul boʻladi.
Shu bois, tarmoqlarda zamonaviy texnologiyalarni jalb etgan holda, yuqori qoʻshimcha qiymatli tovarlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Toʻrtinchidan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Eksportni qoʻllab-quvvatlash milliy tizimini samarali ishga solib, korxonalarga tashqi bozorga chiqishga koʻmaklashadi, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va sugʻurtalash choralarini koʻradi. Ushbu tizim faoliyati eksport shtablari bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilishi, eng muhimi, korxonalar bu tizim samarasini sezishi lozimligi qayd etildi.
Beshinchidan, eksportni taʼminlashda barcha vazirlik va idoralar bevosita qatnashadi. Jumladan, Tashqi ishlar, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari elchilar bilan birgalikda xorijiy davlatlardagi bozor talablari va buyurtmachilarni aniqlab, eksport shtablariga muntazam taqdim etib boradi.
Hududlarga biriktirilgan elchilar hokimliklarga tashqi bozorda xaridor topish hamda mahalliy korxonalarni xorijiy davlatlardagi koʻrgazmalarga yuborishga koʻmaklashadi.
Oltinchidan, transport va logistika xizmatlarini yaxshilashga katta eʼtibor qaratiladi.
Maʼlumki, bu borada 20 dan ortiq xalqaro transport koridori va yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyilgan, avtomobilda xalqaro yuk tashish boʻyicha 30 davlat bilan hamkorlik oʻrnatilgan. Lekin logistika va yoʻl infratuzilmasi, chegara bojxona punktlari quvvati oʻsib borayotgan tranzit talablariga toʻla javob bermayapti.
Mutasaddilarga logistika markazlari va yoʻlboʻyi infratuzilmasini yanada rivojlantirish, chegara-bojxona punktlarining texnik holati va oʻtkazuvchanlik qobiliyatini yaxshilash, transport vositalari va yuklarni rasmiylashtirishda axborot texnologiyalarini keng joriy qilish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Samolyotda yoʻlovchi va yuk tashish uchun tarif siyosatini optimallashtirish, xususiy operatorlarga vagonlar parkini tashkil etishda koʻmaklashish, tranzit davlatlardan chegirmalar olish va eksportyorlarga tatbiq etish vazifalari qoʻyildi.
Yettinchidan, eksport tovarlarini standartlashtirish va sertifikatlash talab darajasida emasligi, aksariyat standartlar jahon andozalariga mos kelmasligi ularni eksport qilishda jiddiy qiyinchiliklar tugʻdirmoqda. Shu bois, “Oʻzstandart” agentligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda sertifikatlash va standartlashtirish boʻyicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etish topshirildi.
Yigʻilishda meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishni samarali tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi. Shu yoʻnalishga ixtisoslashtirilgan 67 ta tumanda ekinlarni optimal joylashtirish, yetishtirilgan meva-sabzavotlarning kamida 25 foizini eksportga yoʻnaltirish zarurligi taʼkidlandi.
Mazkur tumanlarda meva-sabzavotchilik klasterlari tashkil etish, shunday mahsulotlarni qayta ishlaydigan zamonaviy korxonalarni koʻpaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Hamma aniq bilishi kerak. Eksportbop sifatli meva-sabzavotlar yetishtirilmasa va xorijga yil davomida yetkazib berilmasa, eksportni keskin oshirib boʻlmaydi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Meva-sabzavot mahsulotlari eksportyorlariga yengillik yaratish maqsadida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Belarus va Boltiqboʻyi davlatlari bilan “yashil yoʻlak” tizimini joriy qilish, karantin xizmatlaridan belgilangan tartibda ruxsatnoma olish orqali Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, AQSH va Yevropa bozoriga kirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishda yana bir dolzarb vazifa – xizmatlar eksportini kengaytirish, ayniqsa, turizmni rivojlantirish istiqbollari haqida ham soʻz yuritildi.
Makroiqtisodiy barqarorlik koʻp jihatdan importni tartibga solishga ham bogʻliq ekani taʼkidlanib, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, importning tarif va notarif boshqaruv siyosatini takomillashtirish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisoboti eshitildi.
07.02.2019
15:42