Toshkent yana bir nufuzli anjumanga mezbonlik qiladi.
19-20-fevral kunlari Toshkentda “Markaziy Osiyoda o'zaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo'lib o'tadi.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, konferensiyaning ochilish marosimida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev qutlov nutqini so'zlashi kutilmoqda.
Konferensiya davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan O'zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo'nalishlarini amalga oshirish doirasida o'tkazilmoqda.
Konferensiya O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi tomonidan tashkil etiladi.
Forumga Afg'oniston, AQSH,Belgiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Eron, Germaniya, Gruziya, Hindiston,Isroil, Ispaniya, Italiya, Qozog'iston, Kanada, Misr, Xitoy, Kuvayt, Ozarbayjon, Qirg'iziston, Latviya, Malayziya, Niderlandiya, Pokiston, Polsha, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tailand, Turkiya, Vengriya, Ukraina, O'zbekiston, Finlyandiya, Fransiya, Shvetsiya, Yaponiya tahliliy markazlarning 100 dan ortiq vakillari taklif etilgan bo'lib, ular mintaqaviy hamkorlikning hozirgi holati va xavfsizlik, savdo, transport, suvdan foydalanish, ta'lim va ilm-fan sohalarida aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qiladilar.
Tadbirda Yevropa Ittifoqi, Shimoliy kengash, Amerika davlatlari tashkiloti, Arktika maslahatlashuv kengashi mintaqaviy tuzilmalari, shuningdek, Jahon banki, Jahon savdo tashkiloti, Yevropa investitsion banki va boshqa xalqaro moliya institutlari vakillari ham ishtirok etadi.
11.02.2019
10:16