«O'zbekiston» mehmonxonasi sotuvga qo'yildi.
Davlat «O'zbekiston» mehmonxonasidagi o'z ulushini sotuvga qo'ydi. Hozir mehmonxona binosini boshqaruvchi «Otel O’zbekiston» MCHJ qo'shma korxonasida 80,13% davlatga tegishlidir.
Boshlang'ich narx - 33 million dollar. Maksimal to'lov muddati - 3 yil. Xaridor ikki yil mobaynida 100 milliard so'm mablag' kiritish bo'yicha investitsiya majburiyatlarini o'ziga olishi kerak. Bu mablag' mehmonxonani modernizatsiya va, agar zarurat tug'ilsa, rekonstruksiya qilish uchun kerak.
Yangi mulkdor 10 yil davomida faoliyatning asosiy turini (mehmonxona xizmatlari) saqlab qolishi, bino tashqi ko'rinishini o'zgartirmasligi va mehmonxonani boshqarish uchun eng yaxshi menejerlarni jalb qilishi shart. Tanlovda ishtirok etish uchun dastlabki narxning kamida 15 foizi miqdorida garov puli kiritish lozim.
Ma'lumot uchun, «O'zbekiston» mehmonxonasi - Toshkent markazida 1974 yilda qurilgan mehmonxona. Ushbu to'rt yulduzli mehmonxona hali ham shaharning eng taniqli ob'ektlaridan biridir. Mehmonxonada 223 xona mavjud.
O'z SSP Axborot xizmati
01.03.2019
16:44