O'zbekiston — Janubiy Koreya hukumatlararo qo'mitasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi.
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 4 mart kuni Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston — Janubiy Koreya hukumatlararo qo'mitasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi.
Tadbirda ikki mamlakatning tashqi savdo, investitsiya, bank-moliya, transport, energetika, neft-gaz, mashinasozlik, kimyo, qurilish, oziq-ovqat sanoati, to'qimachilik, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, qishloq va suv xo'jaligi, fan-ta'lim, tibbiyot, turizm kabi sohalar uchun mas'ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Elyor G'aniev, Koreya Respublikasining savdo, sanoat va energetika vaziri Sung Yun Mo va boshqalar mamlakatlarimiz munosabatlari ko'plab yo'nalishlarda izchil rivojlanib borayotgani, bunda qator sohalarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo'yicha o'rnatilgan samarali hamkorlik muhim ahamiyat kasb etayotganini ta'kidladi.
O'zbekiston bilan Koreya Respublikasini tarixiy munosabatlar, ishonch ruhidagi do'stlik va strategik sheriklik bog'lab turadi.
Koreya Respublikasi O'zbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va tarkibiy o'zgartirish, elektron hukumat tizimini joriy etish, energetika, kimyo, avtomobilsozlik, infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan yuqori texnologik loyihalarni hayotga tatbiq etishda faol ishtirok etmoqda. O'zbekistonning barqaror rivojlanayotgan iqtisodiyoti, qulay jo'g'rofiy joylashuvi, sarmoya jalb etish bo'yicha ishonchli strategiyasi ko'plab davlatlar qatori Janubiy Koreya ishbilarmonlarini ham qiziqtirib kelmoqda. Ushbu davlatning Markaziy Osiyo bilan o'zaro savdo aylanmasi hajmining yarmidan ortig'i O'zbekiston hissasiga to'g'ri kelishi ham bunga misoldir.
Mamlakatimizda hamkor davlatning 70 dan ortiq kompaniyasi vakolatxonalari bor. Iqtisodiyot tarmoqlarida Koreya investitsiyasi ishtirokidagi 630 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. 2018 yilda 150 dan ortiq ana shunday korxona tashkil etildi. Mamlakatlarimiz o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard AQSH dollaridan ziyodni tashkil etdi. Bu 2017 yilga nisbatan 57 foiz ko'p.
O'zbekiston Prezidenti Farmoni bilan Koreya Respublikasi fuqarolari uchun viza tartibida yengillik berildi. Bu mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Majlisda ta'kidlanganidek, mamlakatlarimiz hamkorligini yanada mustahkamlash uchun barcha imkoniyat yetarli. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil noyabr oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi chog'ida erishilgan uzoq muddatli kelishuvlarni to'la ro'yobga chiqarish O'zbekiston — Janubiy Koreya savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish imkonini beradi.
Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik kengayib bormoqda. O'zbekistonda biznes yuritish uchun keng sharoit yaratilgani, iqtisodiyotni liberallashtirish, valyuta siyosati, bojxona to'lovlarini qisqartirish bo'yicha qonunchilik bazasi takomillashtirilayotgani investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlamoqda.
Tadbirda Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning mamlakatimizga tashrifiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. O'zaro hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish, ishbilarmon doiralar muloqotini rag'batlantirish, hududlararo delegatsiyalar almashinuvlarini qo'llab-quvvatlash lozimligi qayd etildi.
Majlisda ikki mamlakat hukumatlari o'rtasida qabul qilingan shartnomalar doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosiga alohida e'tibor qaratildi. Ularni samarali ro'yobga chiqarishga qaratilgan qo'shma markazlar tashkil etish kerakligi ta'kidlandi.
— Mamlakatlarimiz yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish bo'yicha boy tajribaga ega, — deydi Koreya Respublikasi Energiya boshqaruvi korporatsiyasi ijrochi direktori Go Je Yong. — Korxonamiz O'zbekistonda GESlarni modernizatsiya qilish, sohaga yuqori texnologik ishlanmalarni joriy etish bo'yicha hamkorlik qilish niyatida. Muloqot doirasida hamkorlar bilan ushbu yo'nalishdagi masalalar haqida fikrlashib oldik.
Anjumanda O'zbekistonda yuqori tezlikda harakatlanish imkonini beradigan temir yo'llar qurish, ekologik toza avtomobillar ishlab chiqarish, turizm, aqlli shahar infratuzilmalarini yaratish loyihalari, eksportbop qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish va boshqa masalalar muhokama etildi.
Tadbir doirasida Koreya Respublikasi Savdoni rivojlantirish agentligining Toshkent biznesni qo'llab-quvvatlash markazi ochilishi bo'lib o'tdi. Hamkor mamlakatning Savdo, sanoat va energetika vazirligi bilan tashkil etilgan tuzilma dunyoning Dubay, San-Paulu, Moskva, Yohannesburg, Xanoy kabi shaharlarida mavjud. Markazning asosiy vazifasi — mamlakatda infratuzilmani rivojlantirish, biznesni qo'llab-quvvatlash va iqtisodiyotni taraqqiy ettirishdan iborat.
O'z SSP Axborot xizmati
05.03.2019
10:42