O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasini ekspertizadan o'tkazdi.
Tadbirkorlik sub'ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifoda etuvchi, shu jumladan, ular faoliyatiga normativ-huquqiy hujjatlar ta'sirini baholovchi vakolatli organ sifatida Savdo-sanoat palatasi tomonidan Jamoatchilik ekspertizalari o'tkazilib, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.
Misol uchun, joriy yilning o'tgan davri mobaynida 195 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Ekspertlar kengashlari tomonidan ko'rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.
Xususan, “O'zbekkino” Milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining “O'zbekkino” Milliy agentligi tomonidan davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqariladigan kino mahsulotlari uchun tanlov (konkurs) tashkil etish va uni o'tkazish tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash to'g'risida”gi Qarori loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o'tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyiha ilovasining 1-bandi yettinchi xatboshiga ko'ra, “davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ (bundan buyon matnda vakolatli organ deb yuritiladi) – O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi”, - deb belgilangan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 yanvardagi “O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5624-sonli Farmoni 1-bandi “g” kichik bandiga ko'ra, “O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga uni davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ etib belgilagan holda Agentlikning mazkur sohadagi vakolatlarini o'tkazish” belgilangan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, loyiha ilovasining 1-bandi yettinchi xatboshisini quyidagi tahrirda bayon etish maqsadga muvofiq:
“davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ (bundan buyon matnda vakolatli organ deb yuritiladi) – O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi”.
2. Loyiha ilovasining 4.1-bandiga ko'ra, “Buyurtmachi tomonidan tanlov o'tkazish to'g'risidagi qaror qabul qilinganidan so'ng ishchi guruh tomonidan tanlov hujjatlari, shartnoma va tanlov o'tkazish haqidagi e'lonning matni ishlab chiqiladi”, - deb belgilangan.
Bunda tanlov o'tkazish to'g'risidagi qaror buyurtmachi tomonidan qabul qilinishi nazarda tutilgan.
Ammo, loyiha ilovasining 4.8-bandida “Tanlov hujjatlari tanlov komissiyasi tomonidan kelishilgandan so'ng tanlovni o'tkazish haqida qaror qabul qilinadi”, deb belgilangan.
Ko'rinadiki, loyihada tanlov o'tkazilishi to'g'risidagi qaror ikki sub'ekt tomonidan qabul qilinishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, yuqoridagi 4.1-bandga ko'ra, tanlov o'tkazish to'g'risidagi qaror qabul qilingandan so'ng, tanlov hujjatlari ham ishlab chiqilishi nazarda tutilgan hamda loyiha ilovasining boshqa bandlarida tanlov hujjatlariga nisbatan qo'yiladigan talablar belgilangan.
Ammo, loyiha ilovasida “tanlov hujjatlari” tushunchasiga ta'rif berilmagan hamda tanlov hujjatlari deganda qanday hujjatlar nazarda tutilishi aniqlashtirilmagan.
Bu esa, amaliyotda turli tushunmovchilik va noaniqliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bois, tanlov o'tkazish to'g'risidagi qaror kim tomonidan qabul qilinishini loyiha ilovasida aniq belgilash, “tanlov hujjatlari” tushunchasiga aniq ta'rif berish tavsiya etiladi.
3. Loyiha ilovasining 4.7-bandiga bandiga ko'ra, “Tanlovga qo'yiladigan mavzularni belgilashda filmlarning janrlar bo'yicha kvotalari tanlov komissiyasi hamda ishchi guruh tomonidan kelishilgan holda foiz hisobida belgilanadi. Bunda mavzular bo'yicha kelib tushgan takliflar asos bo'lib xizmat qiladi. Tanlov komissiyasi zarurat tug'ilganda kvotalar foizini o'zgartirishga haqli”, - deb belgilangan.
Ya'ni, bunda tanlovga qo'yiladigan mavzularni hamda filmlarning kvotalarini belgilash tartibi nazarda tutilgan.
Ammo, mazkur bandda nomuvofiqlik yuzaga kelgan. Ya'ni, ushbu mavzular va kvotalarni belgilash tanlov haqida e'lon berishdan oldingi jarayon, ularni belgilash uchun keltirilgan asos (mavzular bo'yicha kelib tushgan takliflar) esa, e'lon berilgandan keyingi jarayondir.
Ko'rinadiki, ushbu normada keyingi bir jarayon o'zidan oldingi jarayon uchun asos sifatida keltirilgan.
Shu sababli, mazkur nomuvofiqlikni bartaraf etish tavsiya etiladi.
4. Loyiha ilovasining 4.21-bandiga ko'ra, “Chet el kinokompaniyalari hamda qo'shma korxona shaklidagi yuridik sub'ektlar tanlovga qatnashish huquqiga ega emas. Faqat hamkorlikda suratga olinadigan (co-production) va kamida 50% investitsiya kiritiladigan kinoloyihalar bundan mustasno”, - deb belgilangan.
Bunda, chet el kinokompaniyalari hamda qo'shma korxonalarning tanlovda ishtirok etish huquqi cheklanishi nazarda tutilgan.
Ammo, “Davlat xaridlari to'g'risida”gi Qonunning 17-moddasida “Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xarid qilish tartib-taomilida davlat xaridlarini ijro etish uchun talabgorlar sifatida ishtirok etayotgan O'zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi (bundan buyon matnda ishtirokchi deb yuritiladi) bo'lishi mumkin”, - deb belgilangan.
Qonunning mazkur normasi talablaridan kelib chiqib, loyiha ilovasining 4.21-bandini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
5. Loyiha ilovasining 4.22-bandiga ko'ra, “Tanlovda qatnashish uchun talabgorga quyidagi malaka talablari qo'yiladi:
kinoloyiha qiymatining kamida 5 foizi miqdoridagi bo'sh aylanma mablag' yoki ko'rsatib o'tilgan mablag'larni berishga bank kafolatnomasi;
ishlar (xizmatlar)ni bajarish uchun zarur bo'lgan kinoapparatura va mutaxassislarning mavjudligi;
shartnomalar tuzish yuzasidan fuqarolik-muomala huquqiy layoqat va vakolatlar;
ustav sarmoyasining miqdori;
kino ishlab chiqarish sohasida ishlash tajribasining mavjudligi;
o'z kuchlari bilan ilgari bajarilgan ish hajmlari to'g'risidagi ma'lumotlar;
kinoloyihada o'z kuchlari bilan bajariladigan ishlarning mo'ljallanayotgan hajmi (foizlarda)”, - deb belgilangan.
Ammo, mazkur talablar talabgorlarga qo'yiladigan malaka talablari hisoblanmaydi.
Bundan tashqari, ushbu talablar ortiqcha va keraksiz talablar bo'lib, ushbu sohada to'siqlarni keltirib chiqaradi.
Xususan, ushbu loyiha davlat buyurtmasini nazarda tutishi hamda tanlov g'olibi bo'lgan loyihalar davlat mablag'lari hisobidan moliyalashtirilishi hisobga olinganda, kinoloyiha qiymatining kamida 5 foizi miqdoridagi bo'sh aylanma mablag' yoki ko'rsatib o'tilgan mablag'larni berishga bank kafolatnomasining mavjudligi hamda ustav sarmoyasining miqdori talabi ortiqcha talabdir.
Yoki, loyiha ilovasining 4.20-bandiga ko'ra, faqat yuridik sub'ektlar tanlovda qatnashish huquqiga ega ekanligi belgilangan. Fuqarolik kodeksi
41-moddasiga ko'ra esa, yuridik shaxsning huquq layoqati u tuzilgan paytdan boshlab vujudga keladi. Yuqoridagilardan ko'rinadiki, tanlovda qatnashuvchi yuridik shaxslar to'g'ridan-to'g'ri huquqiy layoqatga ega bo'lib, uni yana alohida talab sifatida belgilash zarurati mavjud emas.
Shuningdek, kino ishlab chiqarish sohasida ishlash tajribasining mavjudligi va o'z kuchlari bilan ilgari bajarilgan ish hajmlari to'g'risidagi ma'lumotlar bilan bog'liq talablar esa ushbu sohada yangidan faoliyat boshlayotgan hamda o'z faoliyatida malakali mutaxassislarni jalb qilgan tadbirkorlik sub'ektlari uchun to'siq bo'luvchi ortiqcha talablardir.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, loyiha ilovasining 4.22-bandidan 2, 4-8-xatboshilarni chiqarib tashlash hamda talabgorlarga qo'yiladigan malaka talablarini qayta ko'rib chiqish tavsiya etiladi.
6. Loyiha ilovasining 4.22-bandi to'qqizinchi xatboshiga ko'ra, “Tanlov savdolarida qatnashish talabgoriga buyurtmachi tomonidan belgilanadigan boshqa talablar ham qo'yilishi mumkin”, - deb belgilangan.
“Davlat xaridlari to'g'risida”gi Qonunning 30-moddasiga ko'ra, davlat buyurtmachisi tomonidan qo'yiladigan qo'shimcha talablar davlat xaridi to'g'risidagi axborotda u e'lon qilingan paytda ko'rsatilgan bo'lishi kerak.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, mazkur xatboshini quyidagi tahrirda bayon qilish maqsadga muvofiq:
“Tanlov savdolarida qatnashish talabgoriga buyurtmachi tomonidan belgilanadigan boshqa talablar ham qo'yilishi mumkin. Bunda buyurtmachi tomonidan qo'yiladigan qo'shimcha talablar ham tanlov to'g'risidagi axborotda u e'lon qilingan paytda ko'rsatiladi”.
7. Loyiha ilovasining 4.23-bandi beshinchi xatboshiga ko'ra, “homiylar va investorlar (sarmoyador) bilan tuzilgan shartnoma nusxasi yoki investorning kafolat xati (ariza beruvchilar tomonidan qisman moliyalashtiriladigan loyihalar bo'yicha)” tanlovda qatnashish uchun talabgor tomonidan taqdim etilishi belgilangan.
Ushbu Xulosaning 5-bandida keltirilgan tavsiyalarni inobatga olgan holda, mazkur xatboshini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
8. Loyiha ilovasining 4.26-bandiga ko'ra, “Taqdim qilinadigan adabiy ssenariy matnining nusxasi Kengash a'zolari soniga muvofiq bo'lishi shart. Taqdim qilingan ssenariyning har bir nusxasi tikilgan, varaqlari raqamlangan bo'lishi va muallifning imzosi bilan tasdiqlangan bo'lishi tavsiya etiladi. Elektron ko'rinishdagi adabiy ssenariy raqamli elektron tashuvchi vositalarda, pdf formatida ham taqdim qilinadi”, - deb belgilangan.
Bunda, taqdim etiladigan ssenariy matni elektron ko'rinishda ham taqdim etilishini hamda yuqoridagi talab talabgorga nisbatan ortiqcha majburiyatlar yuklanishiga olib kelishini inobatga olgan holda, ssenariy matnini ikki nusxada taqdim etilishini nazarda tutish tavsiya etiladi.
9. Loyiha ilovasining 4.35-bandida tanlovda qanday me'zonlarga muvofiq bo'lgan ishtirokchilar qatnasha olishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Shuningdek, tanlovda qatnashish bilan bog'liq shartlar loyiha ilovasining 4.22-bandida ham belgilangan.
Ushbu Xulosaning 5-bandidagi tavsiyalarni inobatga olgan holda, tanlovda ishtirok etish talablarini loyiha ilovasining bitta bandida umumiy va aniq nazarda tutish tavsiya etiladi.
10. Loyiha ilovasining 3-bobi “Tanlov ishtirokchilarining takliflarini ko'rib chiqish va baholash”, deb nomlangan.
Ammo, unda takliflarni ko'rib chiqish va baholash tartibi aniq belgilanmagan. Xususan, takliflarni ko'rib chiqish muddati, uning bosqichlari, natijalarini e'lon qilish tartibi nazarda tutilmagan.
Bundan tashqari, ushbu bobda nazarda tutilgan bosqichlar nafaqat tanlov o'tkazilishi bilan bog'liq bo'lgan, balki undan keyingi jarayonlarni (Badiiy kengash tomonidan qabul qilingan va ishlab chiqarishga ruxsat berilgan kinoloyihalar yuzasidan olib borilayotgan ishlar nazoratini) ham qamrab olgan.
Biroq, mazkur loyihani ishlab chiqish uchun asos bo'lgan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3880-sonli Qarori 2-bandida davlat buyurtmasi bo'yicha ishlab chiqariladigan kino mahsulotlari uchun konkurs tashkil etish va uni o'tkazish tartibi, shu jumladan konkursda qatnashadigan kinokompaniyalar uchun talablarni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilishi belgilangan.
Shu bois, loyiha ilovasining 3-bobini qayta ko'rib chiqish hamda unda yuqoridagi masalalarni inobatga olish tavsiya etiladi.
Shuningdek, loyiha ilovasida tanlovni o'tkazilmagan deb topish uchun asos bo'ladigan holatlarni to'liq nazarda tutish hamda takroriy tanlov o'tkazilishi bilan bog'liq bo'lgan normalarni (uni o'tkazish tartibi, muddatlarini) aniq belgilash tavsiya etiladi.
O'z SSP Axborot xizmati
25.03.2019
09:43